4-BOB. BOSHLANG‘ICH TA’LIM MAZMUNI VA MOHIYATI
Reja:
O‘qitish jarayonining mohiyati. Didaktik tizimi.
4.2. O‘qitish mazmuni va tuzilishi. O‘quv reja va dasturlar (kalendar-tematik reja).
4.3. Ona tili va bolalar adabiyoti.
Boshlang‘ich matematika kursi nazariyasi.
Ona tili o‘qitish metodikasi.
Matematika o‘qitish metodikasi.
Mehnat va uni o‘qitish metodikasi.
Tarbiyaviy ishlar metodikasi.
Tabiatshunoslik va uni o‘qitish metodikasi.
Darslik va uslubiy qo‘llanmalar.
Tayanch sо‘z va iboralar: o‘qitish jarayoni, o‘qitish mazmuni, o‘qitish tuzilishi, o‘quv reja, o‘quv dasturi, kalendar-tematik reja, darslik, uslubiy qo‘llanma, multimedia
O‘qitish jarayonining mohiyati. Didaktik tizimi
Boshlang‘ich ta’lim – umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi. O‘zbekiston Respublikasida boshlang‘ich ta’lim 1 – 4 sinflarda bolalarga ilk ta’lim berish, ularni ma’naviy kamol toptirishning boshlang‘ich davri hisoblanadi. U 1 – 4 sinflarni o‘z ichiga oladi va bunda o‘qish 6 – 7 yoshdan boshlanadi. Boshlang‘ich ta’lim umumiy o‘rta ta’lim olish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik bilim va ko‘nikma asoslarini shakllantirishga qaratilgan boshlang‘ich ta’lim sinflari uchun o‘quv rejasi va dasturlari mavjud.
Boshlang‘ich maktab – ta’lim oluvchilarga boshlang‘ich umumiy ma’lumot beradigan umumta’lim ta’lim – tarbiya muassasasi. Uning vazifasi – ta’lim oluvchilarga yozish, o‘qish, hisoblash malaka va ko‘nikmalarni hosil qilish, tabiat va jamiyat haqida ilk bilim berish, xulq – odobga o‘rgatishdir [28; 17-b.].
Ta’lim berish g‘oyatda murakkab va mas’uliyatli ish, buning dalili sifatida shuni aytish mumkinki, pedagogning ta’lim jarayonidagi rahbarlik rolini ta’minlashga urinish va harakatlarini saqlashga intilishi o‘rtasidagi ta’limga xos dialektik ziddiyat aslida yuksalishning manbaidir [28; 27-b.].
Ta’lim maqsad, mazmun, o‘qituvchining shaxsi, talabalardagi dastlabki bilimlarning xarakteri, o‘qitishning moddiy – texnik bazasi va boshqa omillar bilan belgiladani. Bunda o‘qituvchi talabalar ishining borishini kuzatish va ular erishgan natijalarni baholash asosida o‘zining ko‘rsatmalari, yo‘naltiruvchi savollari, tegishli tushuntirishlari va hakozalar bilan ularning o‘quv faoliyati jarayoniga tuzatishlar kiritadi. Shunga ko‘ra ta’lim birinchidan, o‘qitish, ikkinchidan, o‘qitishni, ya’ni o‘qishni va shu bilan birga uni nazorat qilish hamda tuzatish tadbirlarini o‘z ichiga oladi.
“Ta’lim ma’lum qonuniyatlarga bo‘ysinadi va umumfalsafiy metodologiyaga muvofiq bu qonunlar ta’lim jarayoni bilan ancha kengroq ijtimoiy jarayonlar o‘rtasidagi umumiy, muhim zarur, barqaror aloqalardan, shuningdek, ta’limning alohida komponentlari, ya’ni uning maqsadi, mazmuni, shakli, usullari va uslublari o‘rtasidagi ichki bog‘lanishlardan iborat. Aniqlangan didaktik qonuniyatlardan qator asosiy talablar kelib chiqadi, ularga rioya qilish o‘qituvchining sifatli va samarali amalga oshiruvini ta’minlaydi”.
Ta’lim natijasida shaxs zaruriy bilimlar bilan ta’minlanib, kelgusida turli darajadagi maxsus ma’lumotni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ta’lim jarayoni ma’lum darajada kuchli motivlashtirishdan vujudga keladi va u shaxsning qarashlari, e’tiqodi hatti – harakatlari, umumiy kamolotiga, pirovardida esa uning xulqiga ta’sir etadigan bilimlar, ko‘nikmalar va malakalar majmuasining shakllanishiga bog‘liq holda namoyon bo‘ladi.
Ta’lim jarayoni – yagona dinamik tizim sifatida. Ta’lim jarayoni o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tashkil etuvchilar (ko‘rsatkichlar) – ning o‘zaro uzviy bog‘liqligi asosida tuzilgan yagona dinamik tizimni tashkil etadi. Dinamik tizim deyishiga sabab, ta’limni va ta’lim jarayonini tashkil etuvchilari jamiyat taraqqiyotiga mos holda muntazam rivojlanishda bo‘lib, takomillashtirilib boriladi.
Bunda tashkil etuvchilar quyidagilardir: maqsad; mazmun; shakl, usul; uslub; o‘qituvchi shaxsi; talabalardagi dastlabki bilim; o‘qitishning moddiy – texnik bazasi va shu kabilar. Bu ta’lim jarayonlarini bir butunlikda, ya’ni yagona yaxlit dinamik tizim sifatida qarash lozimligini taqozo etadi va bunday qarash ta’lim jarayonini boshqarish va boshqarishning optimal variantini topishga ham imkoniyat yaratadi.
Qayd etilgan ta’lim jarayonini tizim ko‘rinishida quyidagicha ifodalash mumkin (4.1 – rasmga qarang) [28; 28-b.].
Do'stlaringiz bilan baham: |