O’zbekiston psixologlari tadqiqotlarida o’qitish muamolari
Ta’lim tizimini tubdan tashkil qilish o’quv faoliyatini takomillashtirish, o’quvchi shaxsini psixologik jihatdan rivojlantirish hozirgi kunda dolzarb masala hisoblanadi. Bu borada O’zbekiston psixologlaridan M.G.Davletshin, B.R.Qodirov, E.G’oziev, R.I.Sunnatova, S.Jalilova, F.Haydarov, Z.T.Nishonovalar tomonidan bu borada tadqiqot ishlari olib borilib ta’lim muassasalarida o’qitish, tarbiya berish masalalari atroflicha yoritib berilgan.
M.G.Davletshin o’z tadqiqotlarida talabalarning o’qish faoliyatidagi ko’nikma, malakalarini hosil bo’lishi va psixik qobiliyatlarni rivojlantirish masalalarini ilgari surdi. Shuningdek, uning shogirdlari tomonidan tadqiqot muamosini ilmiy dalillar asosida asoslab berganlar.
Jumladan, M.G.Davletshin, S.X.Jalilovalar tomonidan hozirgi zamon ta’limining asosiy yo’nalishlari sifatida quyidagilar belgilangan.
a).Ta’limning har bir darajasini uzluksiz ta’lim tizimining tarkibiy qismi sifatida anglash. Bu yo’nalish maktab bilan oliy o’quv yurti o’rtasidagi aloqa muamolarinigina emas, balki talabalarning kasbiy tayyorligini oshirish vazifasini hisobga olgan holda oliy o’quv yurti bilan mutaxassisning ishlab chiqarish faoliyati o’rtasidagi aloqani ham ko’zda tutadi.
b).«Ta’limni industriallashtirish» ya’ni kompyuterlashtirish va texnologiyalashtirish asosida hozirgi zamon jamiyatining aqliy faoliyatini kuchaytirish
v).Ta’limning hozirgi vaqtgacha ustunlik qilgan axborot beruvchilik shakllaridan faol o’qitish metodlari va shakllariga o’tish. Bu yo’nalish «Xotira maktabi»dan «tushunish maktabi», «tafakkur maktabi»ga o’tishdan iborat.
g).O’quv tarbiyaviy jarayonni tashkil qilish va boshqarishning qat’iy belgilangan nazorat usullaridan rivojlantiruvchi, faollashtiruvchi, takomillashtiruvchi usullar va o’yin usullariga o’tish. Bu esa ta’lim oluvchilarning tashkiliy-ijodiy, mustaqil faoliyatini qo’llab quvvatlash va uni rivojlantirishni taqozo etadi.
d).Ta’lim oluvchi va muallim o’rtasidagi o’zaro ta’sirini tashkil etish, ta’lim oluvchilarning birgalikdagi jamoa faolligi sifatida tashkil qilish zaruriyati qayd qilinadi. Bunda asosiy urug’, o’qituvchining bilim berish faoliyatidan talabaning bilim olish faoliyatiga o’tkaziladi.
Psixolog E.G’oziev tomonidan ham o’quvchilar o’quv faoliyatlari xususiyatlari talabalar o’qish jarayonlari va undagi qiyinchiliklar masalalari tadqiq qilingan. Uning «O’quv faoliyatini boshqarishi» nomli o’quv qo’llanmasida o’quv jarayonini boshqarish, bu borada xorij tadqiqotlari o’quvchi shaxsi va aqliy taraqqiyot, intellekt muamolari tahlil qilingan. Shuningdek, olim tomonidan tafakkur muamosi keng doirada talqin qilinib, yoshga xos tafakkur jarayonlarini rivojlanish ko’rsatkichlari tadqiqot natijalari asosida yoritib berilgan.
Ma’lumki talabalarning etakchi faoliyati o’qish hisoblanadi. O’quv faoliyati jarayonida mutaxassislarni tayyorlashning asosiy maqsadlariga erishiladi. O’qish faoliyati talabaning psixik jarayonlarini xususiyatlari rivojlanishiga kasbiy muhim bilimlar, ko’nikmalar va malakalarni egallashga ta’sir ko’rsatadi. Agar o’qish ijodga aylansa, talabalarning hissiy sohasiga ijobiy ta’sir qiladi, diqqat va xotirasini rivojlantiradi, qoniqish hissini yuzaga keltiradi, faoliyatga nisbatan qiziqishi ortadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |