yordamlashishni yaxshi ko'radigan bo'ladilar. Savatchining ishlariga qarayverib,
tez orada savat to'qishni o'rgandim, keyin savatchi do'stimga qo'limdan kelgancha
yordamlasha boshladim. Oz-ozdan o'rgana borib, savat to'qishda undan
qolishmaydigan bo'lib oldim. Endi esa menga material yetishmasdi, xolos. Oxiri
boshimga bunday fikr keldi: men qoziq qilgan daraxtlarning novdasi savat to'qish
uchun yaramasmikan? Axir, ularning novdasi ham bizdagi tol va majnuntol
novdasi singari sinmaydigan, egiladigan bo'ladi-ku. Men sinamoqqa ular
novdasidan savat to'qib ko'rmoqchi bo'ldim.
Ertasiga chorboqqa borib, ingichka-ingichkalarini tanlab bir necha novdani
kesib oldim, keyin bilsam bu novdalar savat to'qish uchun juda bop ekan. Ikkinchi
daf'a bu novdalardan ko'proq kesib kelmoq uchun bolta olib keldim. Bu yerda
savatbop bu xildagi daraxtlar juda ko'p bo'lganidan uncha ovora bo'lmadim. Kesib
olingan novdalarni kapam yoniga olib kelib, yashirib qo'ydim.
Yog'ingarchilik mavsumi boshlandi deguncha savat va gajava to'qishga
o'tirib, juda ko'p savat va gajava to'qib tashladim. Bu savatlar mening turli-tuman
ishlarimga qo'l keldi: ularda tuproq tashidim, har xil narsalarimni solib qo'ydim va
hokazo. To'g'ri, mening savatlarim dag'alroq chiqdi, ularni silliq va chiroyli
qilolmadim, shunday bo'lsa ham, ishqilib bu savatlarning xizmati yaxshi bo'ldi,
menga
shu kerak edi, xolos.
Shundan keyin men tez-tez savat to'qiydigan bo'ldim, eskilari sinib, titilib
yoki ishga yaramay qoladi, shunda yangilarini to'qish kerak bo'ladi. Eng muhimi
don asramoq uchun chuqur va mahkam savatlarni ko'paytirib oldim: men bu
savatlar qop o'rnini bosarmikan deb to'qidim. To’g’ri, hozircha mening donim oz
edi, lekin bir necha yil ichida donni ko'paytirib olish umidim bor.
Butun orolni aylanib tekshirib chiqishga qasd qilganimni va soy boshigacha
hamda o'zim kapa tikkan joydan yuqoriroqqa borganimni aytib o'tgan edim.
Bu joydan orolning ro'parasidagi sohilga bemalol o'tsa bo'lar ekan, hali u
tomonni borib ko'rmagan edim. Miltiq, bolta, ancha-muncha dori, sochma va o'q
oldim, har ehtimolga qarshi, ikkita qotgan non va ikki bosh mayiz ham oldim,
keyin yo'lga tushdim. Har vaqtdagidek it ham orqamdan ergashdi.
Kapamga yaqinlab borib, to'xtamay g'arb tomonga qarab keta berdim. Yarim
soatcha yuruvdim, ro'paramda dengiz paydo bo'ldi, dengizda esa yer ko'rinar edi.
Bu hol meni hayratda qoldirdi.
Havo ochiq, quyosh chiqib turardi. G'arbdan janubga tomon cho'zilib yotgan
bu yer mening orolimdan juda uzoq, mo'ljalimcha qirq milcha, ehtimol oshiq ham
kelar edi.
Buning qandaqa yer ekanligini bilolmadim. Shuni aniq bildimki, bu yer
Janubiy Amerikaning Ispaniya mulklariga yaqin qismi ekani ehtimoldan uzoq
www.kitob.uz - Respublika bolalar kutubxonasi