2. Korxonalar shakllari va turlari.
Korxonalarni ularning ma`lum belgilari va xususiyatlariga qarab shakl va turlarga ajratish mumkin. Korxonalar ishlab chiqarishi, asosiy va aylanma mablag`lari, shuningdek, boshqa bir qator ishlab chiqarish xususiyatlariga qarab shakllarga bo`linadi. Amaliyotda korxonalarning asosan quyidagi shakllari mavjuddir:
kichik korxonalar. Bu korxonalar asosan kichik hajmdagi va bir turdagi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarish asosiga faoliyat yuritadi.
o`rta korxonalar. Bu korxonalar ishlab chiqarish hajmi uncha katta bo`lmagan, personal soni ham ko`p bo`lmagan korxonalar bo`lib, ular asosan kichik va yirik biznesni bog`lovchilari hisoblanishadi.
yirik korxonalar. Bu korxonalarga yirik ishlab chiqarishga asoslanganva bir nechta tarmoqlarni o`zida birlashtirgan korxonalar va xo`jalik birlashmalari kiradi. Yirik korxonalar son jihatidan kam bo`lsada kapital va mulkni jamlashi nuqtai-nazaridan katta hajmni egallashadi va bozordagi talab va taklifga ham keskin ta`sir ko`rsata oladi.
Korxonalar bir-birlaridan bir qator ko`rsatkichlari bo`yicha farqlanadilar va shu farqlar asosida ular tasniflanadi. Korxonalarni tasniflashga asos bo`ladigan asosiy quyidagilardir:
tarmoqli va mahsulotli ixtisoslashuv;
ishlab chiqarish tarkibi;
ishlab chiqarish salohiyatining quvvati ( korxona hajmi ).
Tarmoq xususiyatlariga ko`ra korxonalarning guruhlarga bo`linishi asosan ishlab chiqarish usuli, ishlab chiqaradigan mahsuloti va uni iste`mol qilish xususiyatlariga qarab va aynan qaysi mahsulot turiga korxona mo`ljallanganiga qarab guruhga ajratiladi va bu belgi bo`yicha korxonalar quyidagi turlarga bo`linadi:
sanoat korxonalari (oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyafzal ishlab chiqarish, mashina, uskuna, instrumentlar tayyorlash, hom-ashyo ishlab chiqarish, elektr energiyasi yaratish va boshqa tarmoqlar);
qishloq xo`jalik korxonalari;
qurilish, qurilish sanoati, transport.
Korxonalar ishlab chiqarish tarkibi bo`yicha mahsulot turi, xili, ishlab chiqarish xususiyatlariga ko`ra yanada qisqaroq turlarga bo`linadi. Masalan, qishloq xo`jalik korxonalarining o`zi ham mahsulotlariga qarab yana bir qator turlarga bo`linadi.
Korxona hajmiga ko`ra korxonalar ishlab chiqarish quvvatlarining tashkil qiluvchilari, xo`jalik yuritish shakli va boshqa bir qator shu kabi xususiyatlarga ko`ra turlarga ajratiladi. Kapitallarning birikishi va kengayishi jarayonida korxonalarning bir qator yirik shakllari vujudga keladi. Yirik korxonalalr ham o`z navbatida bir qator turlarga bo`linadi. Bunday tur korxonalar sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin:
ishlab chiqarish kooperativlari. Bu turdagi xo`jaliklar kishilar va korxonalarning ixtiyoriy birlashishi asosiga paydo bo`ladigan ishlab chiqarish va boshqa xo`jalik faoliyatini birgalikda yuritishidir;
hissadorlik jamiyatlari. Bu korxonalar qatnashuvchilar mulki va boshqa vositalarini birlashtirishlari asosida ishlab chiqarishni yo`lga qo`yishga asoslangandir;
hamkorlikka asoslan korxonalar (tovarishestvo). Bu korxonalar ikki va undan ko`p korxonalarning birlashib faoliyat olib borishlari asosiga qurilgandir. Ular tomonidan tashkil qilinadigan korxonalar kapitalni qo`shadilar va shartnoma asosida hamkorlikda faoliyat yuritishib tadbirkorlikni amalga oshiradilar va mulkiy javobgar bo`ladilar;
ma`suliyati cheklangan jamiyatlar. Bu korxonalar tomonlarning kelishuvi bilan kapital mablag`larini qo`shadilar, ammo ayrim javobgarlik hamma uchun bir xil bo`lmaydi;
xoldinglar – moliyaviy jamg`arma bo`lib korxonalarni emas balki sarmoyalarni birlashtiradi;
moliya-sanoat guruhlari – bu moliyaviy va sanoat korxonalrining kapitallarini birlashtirib yirik dasturga asoslangan ishlab chiqarish va tijoratni yo`lga qo`yishdan iboratdir;
assosiasiyalar – korxonalarning paychilik asosidagi ko`ngilli birlashmalaridir;
konsorsiumlar – bu aniq vazifalar: yirik maqsadli dastur va loyihalar, shu jumladan, ilmiy-texnikaviy, qurilish, tabiatni muhofaza qilish va boshqa dasturlarni amalga oshirish maqsadida tashkil qilinadigan muvaqqat birlashmadir;
konsernlar – bu ishlab chiqarishning diversifikasiyasi asosida tarkib topadigan ko`p tarmoqli korporasiyadir;
korporasiyalar – rivojlangan yirik aksionerlar jamiyatlari va trestlar birlashmalari;
uyushma – bu jismoniy va yuridik shaxslarning ko`ngilli jamoat birlashmalari;
milliy kompaniya – bu noishlab chiqarish tarmoqlari, ijodiy jamoalar, transport, aloqa va telekommunikasiya korxonalari va tashkilotlarining paychilik yoki aksionerlik asosida tashkil etilgan ko`ngilli birlashmalaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |