Taqrizchilar:
Xolmirzayev M. – Samarqand Qishloq xo’jaligi instituti «Buxgalteriya hisobi va audit» kafedrasi mudiri, i.f.n. dotsent.
Rahmonov Sh.- Samarqand Qishloq xo’jaligi instituti «Qishloq ho’jaligi iqtisodiyoti va boshqaruvi» kafedrasi i.f.n.dotsent.
1- MAVZU. “KORXONALAR IQTISODIYOTI” FANINING MAZMUNI VA VAZIFALARI.
Reja.
Iqtisodiyotni rivojlantirishning bozor modeli va ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatining korxona tomon siljishi.
Kursning ahamiyati, ob`ekti, predmeti va vazifalari.
O`zbekiston iqtisodiy rivojlanishining ustivor yo`nalishlari.
Asosiy terminlar: korxona, korxonalar iqtisodiyoti, bozor modeli, ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlar, ob`yekt, predmet, vazifa.
1. Iqtisodiyotni rivojlantirishning bozor modeli va ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatining korxona tomon siljishi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin iqtisodiyotni rivojlantirishning “bozor” modeli eng samarali iqtisodiy munosabatlarni yuritish yo`nalishi sifatida tanlandi. Bozor – bu tovar va pul vositasida ayirboshlash jarayonida sotuvchilar va xaridorlar o`rtasida yuzaga chiqadigan iqtisodiy munosabatlar yig`indisidir. Bozor iqtisodiyoti esa barcha hatti-harakatlarni erkin amalga oshishiga asoslangan iqtisodiyotdir. Bozor iqtisodiyoti ishlab chiqarishni rivojlantiruvchi uchta asosiy kuchni vujudga keltiradi:
iqtisodiy faoliyat erkinligi – bu tadbirkorlik, ishbilar-monlik uchun keng imkoniyat yaratadi;
raqobat kurashini vujudga keltiradi;
daromadlarning cheklanmasligi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida mamlakat miqyosida moddiy ne`mat ishlab chiqaruvchilar butun iqtisodiyotni rivojlantirishga asos bo`lib xizmat qiladi. Chunki moddiy ne`mat ishlab chiqaruvchi tarmoqlar daromad olish darajasi bo`yicha ancha yaxshi mavqega ega bo`ladilar va bu narsa davlatga soliqlar va boshqa to`lovlar hamda ishlovchilarning oylik ish haqlari darajalarining nisbatan yuqoriligi hisobiga xizmat sohalarining ham rivojlanishiga ijobiy ta`sir etishi va shu asosda barcha tarmoqlarning birdek rivojlanishiga ta`sir ko`rsatadi.
Korxona – moddiy ne`mat ishlab chiqaruvchi maxsus xo`jalik yuritish bo`g`inidir. Korxonada jamiyatda mavjud resurslardan samarali foydalanish asosida ma`lum guruh kishilar tomonidan olib boriladigan faoliyat natijasida mahsulot va xizmatlar yaratiladi. Bu faoliyat natijasidan jamiyatning barcha bo`g`inlari uchun manfaatlar vujudga keladi. Yani, korxonaga sarmoya kiritgan mulkdorga foyda, unda faoliyat yuritayotga ishlovchilarga ish haqi, iste`molchilarga mahsulot va xizmat, davlat va boshqa tashkilotlarga soliqlar va to`lovlar orqali keladigan daromad kabi barchaga birdek manfaat keladi. Shu asosda bozor munosabatlari keng miqyosda korxona tomon siljiydi.
Korxona faoliyatini tashkil qilish, faoloiyatini takomillashtirish va boshqarish bilan bog`liq munosabatlarni o`zida jamlagan fan korxonalar iqtisodiyoti fani hisoblanadi. Korxonalar iqtisodiyoti fani halq xo`jaligining asosiy negizi hisoblangan korxona faoliyatini yo`lga qo`yish, tartibga solish, takomillashtirish va rivohlantirish va shu bilan birgalikda agar lozim bo`lsa uning faoliyatini to`xtatish masalalarini ham o`rganadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |