Shaxsni shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar
Inson shaxsini shakllanishiga tashqi va ichki, biologik va ijtimoiy omillar ta’sir qiladi. Omil - u yoki bu hodisa, jarayonni harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.
Ichki omillarga faoliyat va muloqotdagi shaxsni shaxsiy faolligi, qiziqish va motivlari kiradi.
Tashqi omillarga tabiiy va ijtimoiy makro, mezo va mikroomillar hamda keng va tor ijtimoiy va pedagogik ma’nodagi tarbiya kiradi.
Muhit va tarbiya — bu ijtimoiy omillar, irsiyat esa — biologik omil hisoblanadi.
Faylasuflar, sotsiologlar, psixologlar va pedagoglar orasida biologik va ijtimoiy omillar munosabatlari va ularning inson shaxsini rivojlanishidagi ahamiyati xususida munozara va muhokamalar bo‘lib kelmoqda.
Amerika pedagog va psixologlari vakillari E.Torndayk, D.Dyui, A.Kobslarning ta’kidlashicha, inson ongini, qobiliyatlarini, qiziqish va ehtiyoj- larini irsiyat aniqlaydi. Ushbu yo‘nalish vakillari shaxs rivojlanishining asosiy omili irsiy, biologik omillar deb hisoblab, muhit va tarbiyaning rolini inkor etadilar. Odam shaxsi va xulq-atvorining shakllanishida biologik omillarning rolini yuksak baholab, shaxsni naslga bog‘lab qo‘yuvchi biologik oqimning yana biri, bixeviorizm nazariyasidir. Ushbu nazariyaga amerikalik pedagog E.Torndayk asos solgan. Uning fikricha, shaxsning barcha xususiyatlari, ongi va aqliy qobiliyatlari ham nasldan naslga o‘tadi. E.Torndayk tarbiyaning shaxs rivojlanishiga ta’sirini inkor etadi.
Progmatizm nazariyasining asoschisi D.Dyui shaxs rivojlanishini biologik nuqtayi nazardan asosladi. U ham tarbiyaning shaxs rivojlanishiga ta’sirini inkor etib, rivojlanishni faqat miqdoriy o‘zgarishdan iborat deb hisoblaydi. Odam nima bilan tug‘ilgan bo‘lsa, tarbiya jarayonida shu sifat va xususiyat o‘sib boradi. «Haqiqiy tarbiya tashqaridan kiritilgan narsa emas, u odam bilan dunyoga kelgan xususiyat va qobiliyatni o‘stiradi» deb ta’kidlaydi D.Dyui.
D.Lokk, J.J.Russo, K.A.Gelvetsiylarning ta’kidlashicha, insonni rivojlanishiga muhit va tarbiya ta’sir qiladi. Ular inson rivojlanishida irsiyatni rolini inkor etib, yangi tug‘ilgan bolani — «toza doska»ga qiyoslaydilar.
D. Didro «rivojlanish irsiyat, muhit, tarbiyaning o‘zaro uyg‘unligi ta’sirida aniqlanadi» deb ta’kidlaydi.
Taniqli rus olimi K.D.Ushinskiyning ta’kidlashicha, insonda shaxsiy sifatlarini shakllanishi nafaqat irsiyat, muhit va tarbiya ta’sirida, balki shaxsiy faoliyati natijasida ham shakllanadi. Inson — nafaqat biologik omil va sharoit mahsuli, balki ushbu sharoitda faol ishtirokchidir. U o‘zining sharoitini o‘zgartirib o‘zini ham o‘zgartiradi.
Shaxsni shakllanishi va rivojlanishiga ta’sir etuvchi asosiy omillarni ko‘rib chiqaylik. Ayrim mualliflar shaxsni shakllanishiga ta’sir etuvchi asosiy omil irsiyat deb hisoblaydilar.
Irsiyat — bu ota-onaning ayrim belgi va xususiyatlarini genlar yordamida farzandlarga o‘tishidir. Irsiyat orqali bolalarga:
anatomo-fiziologik tuzilma, insoniyat vakili sifatida individning tashqi xususiyatlarini ifodalovchi nutq layoqati, to‘g‘ri yurishi, tafakkuri, mehnat faoliyati;
jismoniy xususiyatlari: tashqi milliy xususiyatlari, gavda tuzilish xususi- yatlari, yuz tuzilishi, sochi, ko‘zi, terisi rangi; fiziologik xususiyatlari, modda almashinuvi, arterial bosimi va qon guruhi;
asab tizimi xususiyatlari: bosh miya qurilishi, uning ko‘rish, eshitish, hid bilish sezgilari, odat va oliy asab faoliyati turini aniqlovchi asab jarayonlari xususiyatlari;
organizmdagi anomal rivojlanish: daltonizm; irsiy kasalliklarga moyillik: gemofiliya (qon kasalligi), qandli diabet, shizofreniya, endokrin kasalliklar. Irsiyatdan tashqari shaxsni shakllanishiga ta’sir etuvchi omillardan biri muhit hisoblanadi.
Muhit — bu inson rivojlanishi amalga oshadigan real borliq. Shaxsni shakllanishiga geografik, milliy, maktab, oila muhiti ta’sir qiladi. Shaxsni shakllanishiga ta’sir etuvchi omillardan biri muloqot hisoblanadi. Muloqot — bu shaxslararo munosabatlar shakllanishidagi, odamlar o‘rtasidagi kontaktlarni rivojlanishi va shakllanishidagi shaxsning universal faolligi hisoblanadi.
Zamonaviy fiziologiya va psixologiya fani, inson bolasi tayyor qobiliyat bilan emas, balki biror bir qobiliyatning rivojlanishiga va ro‘yobga chiqishiga ta’sir etadigan imkoniyatlar, ya’ni shaxs xususiyatini ifodalaydigan layoqat bilan tug‘iladi degan qarashni ilgari suradi. Layoqat shaxsning idrok, tafakkur, xotira, tasavvur kabi psixik xususiyatlarini individualligini ifodalaydi. Agar bolaning layoqatiga mos sharoit yaratib berilsa, bola zarur faoliyat bilan shug‘ullansa, uning layoqati rivojlanishi, aksincha sharoit yaratilmasa, u yo‘q bo‘lib ketishi ham mumkin.
Shaxsni rivojlanishi faqat faoliyatda amalga oshadi. Inson hayoti davomida hamisha turli xildagi o‘yin, o‘quv, bilish, mehnat, ijtimoiy, siyosiy, badiiy, ijodiy, sport faoliyatida ishtirok etadi.
Faoliyat inson mavjudligining yo‘l va shakli sifatida quyidagi vazifalarni bajaradi:
insonni hayotini moddiy sharoitlarni yaratishni ta’minlaydi;
tabiiy insoniy ehtiyojlarni qondirilishini ta’minlaydi;
tashqi dunyoni qayta shakllantirish va bilishni ta’minlaydi;
insonni ma’naviy dunyosini rivojlantirish omili hisoblanadi;
insonga hayotdagi maqsadlariga erishishlarida, imkoniyatlarini amalga oshirish vosita vazifasini bajaradi;
insonga ijtimoiy munosabatlar tizimida o‘zini namoyon qilishi uchun sharoit yaratadi.
Shaxsni rivojlanishiga jamoa faoliyati katta ta’sir qiladi. Olimlar ta’kidlashicha, aniq sharoitlarda bir tomondan jamoa shaxsni zo‘riqishlarini, ikkinchidan rivojlanishi va individualligi jamoada shakllanadi. Jamoa faoliyati shaxsni ijodiy imkoniyatlarini namoyon qiladi. Shaxsda g‘oyaviy-axloqiy sifatlarni, fuqarolik hissini shakllanishida jamoa faoliyatining roli katta.
Shaxs rivojlanishida o‘z-o‘zini tarbiyalash muhim rol o‘ynaydi. O‘z-o‘zini tarbiyalash o‘z faoliyatini anglangan va qabul qilingan maqsadidan boshlanadi. Xulq va faoliyatning o‘zi tomonidan aniqlangan maqsadi, ongli zo‘riqishlarini hosil qilib, faoliyat rejasini aniqlaydi. Ushbu aniqlangan maqsad shaxs rivojlanishini ta’minlaydi.
Shunday qilib, insonni rivojlanishi turli biologik va ijtimoiy omillar ta’sirida amalga oshadi. Shaxsni rivojlantiradigan va shakllantiradigan omillar alohida- alohida emas, balki kompleks ta’sir qiladi. Turli xil holatlarda shaxsni rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar ko‘p va oz ta’sir qiladi. Ko‘plab mutaxassislarning fikricha, shaxsni shakllanishida tarbiyaning roli beqiyosdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |