Hujayralararo aloqalar. Plazmatik membrana hujayralararo aloqada faol ishtirok etadi. Bu aloqalar ko’p hujayrali organizm hujayralari orasida sodir etadi. Embrional rivojlanish davrida hujayralar yuzasi bir-biri bilan yopishib birikadi. Bu birikish oddiy aloqa - adgeziya deyilib, bunda ikkita hujayra orasida 20 nm li bo’shliq hosil bo’lib, u glikokaliks bilan to’lib turadi. Voyaga yetgan organizmlarda epiteliy to’qimasida uchraydi.
Qulfchali yoki ilmoqli aloqa bitta hujayraning plazmolemmasi ikkinchi hujayra plazmolemmasi ichiga botib kiradi. Fibroblastlar uchun xosdir.
Zich aloqa ikkita hujayraning membranalari bir-biriga maksimal yaqinlashgan bo’lib, ikkala hujayraning tashqi qavatlari o’zaro qo’shilib ketganday bo’ladi. Aloqaning sitoplazma tomonida ko’pgina fibrillalar joylashadi. Bunday aloqa faqatgina hujayralarning zich aloqasini ta’minlab qolmay, balki shu joylarda hujayraga moddalar kirmaydi, ya’ni hujayra tashqi muhitdan izolyatsiyalanadi (ajratiladi). Bunday aloqa bir qavatli epiteliy hujayralari uchun xos.
Bo’shliqli aloqa. Membranalar orasidagi bo’shliq 25-30 nm ni tashkil etadi. Bo’shliqli aloqaning bir ko’rinishi desmosomalardir.
Bo’shliq birikmalari orqali kichik ionlar va molekulalar o’zaro ta’sir qiluvchi hujayralar o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri almashinadi. Kichik diametrli tunnellar suvda eruvchan zarrachalarning hujayralar orasidan o’tishiga imkon beradi, ammo hayotiy hujayra ichidagi oqsillar kabi yirik molekulalarning o’tishiga to’sqinlik qiladi. 3
Desmosomalar - zich plastinkalar bo’lib, ulardan sitoplazmaga qarab fibrill tolalari o’tgan bo’ladi. Ikkita hujayraning plazmatik membranalari orasi desmoglein moddasi bilan to’lgan bo’lib, u hujayralarni bir-biri bilan birikishini ta’minlaydi. Yurak mushaklari, qon tomirlari devori hujayralarida uchraydi.
Tirqishli aloqa. Membranalar orasidagi bo’shliq 2-3 nm ni tashkil etadi. Membrana bo’ylab xar 1-3 mkm da uchraydi. Ikkita membrananing bir-biriga yaqinlashgan joyida maxsus tuzilmalar yuzaga kelib ularning o’rtasida kanalchalari bo’ladi. Bu tuzilmalar konnektin oqsilidan iborat bo’lgani uchun konneksonlar deb, aloqaning o’zi esa neksus deb nom olgan. Ulardagi kanallar orqali bir hujayradan ikkinchisiga ionlar va quyi molekulali moddalar harakat qiladi. Bunday aloqa yurak miokardi mushak hujayralarida ko’p uchraydi.
Sinaptik aloqa. Neyronlar orasida hosil bo’ladi, nerv impulslarini o’tkazish vazifasini bajaradi, nerv hujayralarining o’simtalari orasida yuzaga keladi. Membranalar orasidagi bo’shliq sinaptik bo’shliq deyiladi va 20-30 nm tashkil etadi. Hujayralarning biri presinaptik, impulsni qabul qiluvchisi postsinaptik deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |