Muhammad Ali.
Umarxonning merosxoʻri etib uning 12 yoshli oʻgʻli Muhammad Ali (Madali) (1822-1842yy.) tayinlandi. Madali hukmronligini otasi zamonida ham unga yoqmagan kishilarni qatl qilishdan boshladi. U Sharqiy Turkiston va Qashqarga bir necha muvaffaqiyatli yurishlarni amalga oshirdi, Oloy togʻ tizmasi ortidagi tojiklarni boʻysindirishga erishdi. Uni tilyogʻmachilar „gʻozi“(eʼtiqod yoʻlidagi kurashchi) deb atashsada ruxoniylar dinni bulgʻagan va xudodan qaytgan kishi, deya hisoblashar edi. Xon gʻanimlari Buxoro amiriga shikoyat yoʻlladilar. 1840-yil amir elchisi orqali Qoʻqonga otasining xotini bilan nikoh tuzganligi uchun Madalixonni kofir deb eʼlon qilgan fatvoni joʻnatdi. Shundan soʻng Madalixon Buxoroga qarshi urush harakatlarini boshladi, biroq magʻlubiyatga uchragach, oʻzining Buxoro tobeligini tan oldi va amirlik foydasiga Xoʻjanddan voz kechdi. 1842-yil amir Nasrullo Qoʻqondni zabt etib, xonlikni Buxoroga qoʻshib oldi. Madalixon qatl etildi va tez orada Toshkent ham qoʻlga kiritildi.
Qoʻqon xonligi aholisining etnik tarkibi.
XVIII asr boshlariga kelib Fargʻonada yangi Buyuk Oʻzbek Davlatlaridan biri – Qoʻqon xonligi tashkil topdi. Bu davlat oʻzbek davlatchiligi tarixida alohida oʻrin tutadi. Biz bu yerda Qoʻqon xonligi aholisining etnik tarkibi haqida maʼlumot berishni joiz deb bildik. Maʼlumki, Fargʻona vodiysi va unga tutash hududlar aholisi azaldan polietniylik xususiyati bilan Oʻrta Osiyoning boshqa hududlaridan ajralib turgan. Bunday etnik oʻziga xoslilik, Qoʻqon xonligi davrida ham saqlanib qolganedi.
Qo’qon xonligi hududida asosan oʻzbeklar, tojiklar, qirgʻizlar, uygʻurlar va qoraqalpoqlar istiqomat qilganlar. Bundan tashqari xonlik hududida son jihatidan kamroq boʻlsada yahudiylar, tatarlar va boshqa etnik jamoa vakillari ham yashar edilar
Oʻzbeklar
Oʻzbeklar Qoʻqon xonligi aholisining asosiy qismini tashkil qilgan. Taʼkidlab oʻtish oʻrinliki, XX asr boshlariga qadar oʻzbeklarning bir qismi oʻtroq, qolgan qismi esa yarimoʻtroq (yarimkoʻchmanchi) holda yashaganlar. XX asr boshlariga kelib, vodiy oʻzbeklarining 828 mingdan ziyodrogʻi oʻtroq holda yashab, dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan mashgʻul boʻlganlar. Rus tilidagi adabiyotlarda aholining ushbu oʻtroq qismiga nisbatan „sart“ etnonimi qoʻllaniladi. Biroq, keyingi yillarda oʻzbek xalqiga nisbatan bu etnonimni qoʻllanilishi toʻgʻri emasligi va ushbu etnonim mazkur xalqqa past nazar bilan, kamsitilib qarash nuqtai-nazaridan, rusiyzabon tadqiqotchilar tomonidan ilmiy isteʼmolga olib kirilganligi haqidagi fikr-mulohazalar bayon etilmoqda. Oʻzbek xalqiga nisbatan „sart“ etnonimining qoʻllanilishi, tarixiy haqiqatga zidligi, oʻzbek xalqiga ushbu etnonim hech qachon oʻz xalqining nomi sifatida qoʻllanilmaganligi haqida jadidchilik harakatining namoyandasi Mahmudxoʻja Behbudiy ham oʻz davrida taʼkidlab oʻtgan edi. Turli urugʻ-qabilaviy tuzilishga ega boʻlgan yarimoʻtroq (yarimkoʻchmanchi) oʻzbeklarning vodiydagi umumiy soni oʻsha davr maʼlumotlariga koʻra 215 ming nafardan koʻproqni tashkil etgan. Bular ichida turk, ming, qipchoq, qurama, yuz, nayman kabilar Qoʻqon xonligi hududidagi yirik etnografik guruhlar hisoblangan. Ushbu urugʻ-qabilalar oʻzbek xalqini konsolidatsiyalashuvida muhim etnik komponentlar sifatida qatnashdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |