Madaniyati
Shayboniylardavrida, ayniqsa ulardan Ubaydullaxon va Abdullaxon II hukmronlik qilgan yillarda Buxoro xonligi iqtisodiy va madaniy hayotida birmuncha oʻzgarishlar roʻy berdi. Hunarmandchilik taraqqiy etdi: temir va choʻyan quyish, qurolyarogʻ, mis va jez idishlar yasash, toʻqimachilik, qogʻoz, sovun ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Adabiyot, tarix, tarjimonlik, lugʻatchilik, meʼmorlik, naqqoshlik, tasviriy sanʼat va boshqa ravnaq topdi: „Muzakkir ulahbob“ (Hasanxoja Nisoriy), „Tazkirat ushshuaro“ (Mutribiy), „Shayboniynoma“ (Muhammad Solih), „Zubdat ulasror“ (Abdulla ibn Muhammad), „Abdullanoma“ (Hofiz Tanish Buxoriy), „Badoyeʼ ulvaqoyeʼ“ (Zayniddin Vosifiy) kabi yirik adabiy va tarixiy asarlar yaratildi, lugʻatlar tuzildi (Amin Ahmad Roziy — „Haft iklim“ va boshqalar), Rashiduddin Fazlulloh („Jomeʼ attavorix“) va Sharofiddin Ali Yazdiy („Zafarnoma“)ning tarixiy asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Musiqa, xattotlik (Kavkabiy Najmiddin Buxoriy, Mir Ali Hiraviy, Ahmad Husayniy, Mir Husayn al-Husayniy, Sulton Ali Mashhadiy, Doʻstmuhammad Buxoriy, Mahmud ibn Ishoq ashShihobiy va boshqalar) yuqori darajada rivojlandi. Tasviriy sanʼat yuksalib, Buxoro miniatyura maktabi vujudga keldi. Kutubxonachilik (Abdulazizxon, Abdullaxon II kutubxonalari va boshqalar), kitob bezash va muqovachilik rivojlandi. Tibbiyot ilmi taraqqiy etdi (Muhammad Husayn ibn alMiroqiy Samarqandiy, Shoh Ali ibn Sulaymon, Sulton Ali va boshqalar), yirik shaharlarda shifoxona (dor ushshifo)lar tashkil qilindi. Bu davrda meʼmorlik yuksak darajaga koʻtarildi — Shayboniyxon madrasasi, Mir Arab madrasasi, Abdullaxon madrasasi, Koʻkaldosh madrasasi va boshqa, Masjidi kalon va boshqa Govkushon majmuasi va boshqa karvonsaroylar, Timi kalon va boshqa rastalar, Abdullaxon bandi, Zarafshon suv ayirgʻichi va boshqa koʻprik va suv omborlari qurildi, ariq, kanallar qazildi, sardoba va hammomlar solindi, Buxoro shahri yangi mudofaa devori bilan oʻraldi. Qabr toshi (Shayboniyxon, Abusaidxon qabr toshlari va boshqalar) yasash badiiy darajaga yetdi. Taʼlimtarbiyaga eʼtibor kuchaydi, har bir mahallada maktab ochildi, baʼzi xonadonlarda uy taʼlimi joriy etildi. Bolalar olti yoshdan oʻqishga qabul qili"Nadigan boʻldi. Madrasalarda ilohiyotdan tashqari riyoziyot, faroiz, handasa, fiqh, sheʼr sanʼati, mantiq, musiqa, xattotlik va boshqa fanlar oʻqitildi.
Ashtarxoniylar davridagi muttasil urush harakatlari madaniy hayot taraqqiyotiga katta toʻsqin boʻldi. Diniy zoʻravonlik kuchaydi, dunyoviy fanlar oʻrnini islom aqidalari egallay boshladi. Lekin shunga qaramay adabiyot, sanʼat va boshqa sohalarda bir qancha isteʼdodli olimlar (musiqada Darvishali Changiy va boshqalar) yetishib chiqdi. Adabiy, tarixiy asarlar — „Hayvonnoma“ (Sayd Nasafiy). „Bahr ul-asror“ (Mahmud ibn Vali), „Ubaydullanoma“ (Muhammad Amin Buxoriy), „Tarixi Abulfayzxon“ (Abdurrahmon Toleʼ), „Muhit uttavorix“ (Muhammadamin ibn Muhammadzamon Buxoriy), „Subhonqulixon toʻgʻrisida hajviya“ (Turdi) va boshqa Tibbiyot va meʼmorlik bir oz taraqqiy etdi: ashtarxoniylardan Subhonqulixon Buxoroda maxsus shifoxona hamda tibbiyot kutubxonasi qurdirdi. Hashamatli binolar (Sherdor madrasasi, Tillakori madrasasi, Abdulazizxon madrasasi, Nodir devonbegi madrasasi, Bolohovuz masjidi va boshqalar) bunyod etildi. Maktab va madrasalarda asosan diniy fanlar, qisman adabiyot (Navoiy, Fuzuliy, Hofiz, Bedil va boshqalar) oʻqitildi.
Mangʻitlar hukmronligi davrida madaniy hayot pastroq darajada rivojlandi, hukmron tabaqalar xalqni jaholatda saqlashga harakat qilar, badiiy ijodda madhiyabozlik va tarkidunyochilik mavzui hukmron edi. XVIII-asr 2-yarmi va XX-asr boshlarida „Tuhfai xoniy“ (Muhammad Vafo Karminagiy), „Toj ut-tavorix“ (Muhammad Sharif), „Fathnomai sultoniy“ (Muhammad Mirolim Buxoriy), „Mangʻit xonlari tarixi“ (Mirzo Abdulazim Somiy), „Navodir ul-vaqoyeʼ“, „Tarjimai ahvoli amironi Buxoro“ (Ahmad Donish) kabi tarixiy-badiiy asarlar yaratildi. „Toʻtinoma“, „Chor darvesh“, „Yusuf va Zulayho“, „Tohir va Zuhra“, „Boʻz oʻgʻlon“, „Yusuf va Ahmad“, „Goʻroʻgʻli“ turkumidagi dostonlar xalq orasida keng tarqaldi. Xalq sanʼati turlari — qiziqchilik, fonus xayol, dorbozlik va boshqa taraqqiy etdi, musiqa ommaviy sanʼatga aylandi, tasviriy sanʼat rivojlandi (Abdulxoliq Maxdum va boshqalar). Yirik inshootlar — Shayx Jalol darvozasi va xonaqohi (XVIII-asr 2-yarmi), Domullo Tursunjon madrasasi (1796—97), Xalifa Xudoydod ansambli (1777—1855), Chorminor (1807), Amir madrasasi (XX-asr boshlari), Sitorai Mohi Xosa (XIX-XX-asr boshlari) va boshqa qurildi., Buxoro xonligi Rossiya vassaliga aylantirilgach, qulchilik tugatildi, kasalxona, dorixonalar, yangi usuldagi rustuzem maktablari ochildi, Kattaqoʻrgʻondan Buxoroga telegraf oʻtkazildi, Buxoro temir yoʻl va Amudaryoga temir koʻprik qurildi. Meʼmorlikda millim va yevropacha uslublar uygʻunlashib ketdi: mas, 1888-yil qurilgan Yangi Buxoro (hozirgi Kogon)dagi savdo va bank muassasalarining binolari, amirning yangi saroyi, Buxorodagi temir yoʻl vokzali va boshqa
Shayboniyxon halok boʻlgach, uning oʻrniga amakisi Ko’chkinchixon taxtga oʻtirdi. Koʻchkinchixondan soʻng taxtga oʻgʻli Abu Said (1530-1533) oʻtirdi. Undan keyin esa hukmdorlik Shayboniyxonning ukasi Mahmud Sultonning oʻgʻli Ubaydullaxon (1533-1540) qoʻliga oʻtdi.
Ubaydullaxon poytaxtni Samarqanddan Buxoroga koʻchirtirdi. Ubaydullaxon Buxoroga ota-meros mulk deb qarar edi, chunki Shayboniyxon hayotligidayoq Buxoro hokimligini ukasi Mahmud Sulton Ubaydullaxonning otasiga bergan edi. Shu tariqa, shayboniylarning Movarounnahrda tashkil etgan davlati endilikda rasmiy ravishda Buxoro xonligi deb ataladigan boʻldi. Ubaydullaxondan soʻng shayboniylar sulolasi vakillari oʻrtasida oʻzaro nizolar avjiga chiqdi. Buning oqibatida Abdullaxon I ning qisqa hukmronligi (1540-1541) dan soʻng mamlakatda qoʻsh-hokimiyatchilik vujudga keldi. Yaʼni bir davlatda ikki hukmdor paydo boʻldi. Biri — Ubaydullaxonning oʻgʻli Abdulazizxon Buxoroda, ikkinchisi — Koʻchkinchixonning oʻgʻli Abdulatifxon Samarqandda hukmdorlik qila boshladilar. Mamlakat bir necha mustaqil hokimliklarga boʻlinib ketdi. Biroq qachondir, kimdir bu holatga chek qoʻyishi kerak edi.
Mamlakatdagi parokandalikka chek qoʻyish uchun markaziy hokimiyatni yana tiklash va kuchaytirish zarur edi. Bu zaruriyatni qonli urushlarsiz amalga oshirib boʻlmas edi. Ana shunday sharoitda kurash maydoniga Miyonqol hukmdori Shayboniy Iskandar Sultonning oʻgʻli Abdullaxon II (1534-1598) chiqdi. Abdullaxonning butun hukmronlik davri tinimsiz urushlarda kechdi. Shundan keyin uning davlati sarhadlari janubda Hirotdan Mashhadgacha, shimolda Orol dengizigacha, Kaspiy dengizidan Issiqkoʻlgacha yetdi. Butun Movarounnahr, Xorazm va Xuroson yana yagona hukmdor qoʻli ostida birlashtirildi. XVI asr oxirlariga kelib Buxoro xonligi nisbatan markazlashgan ulkan davlatga aylandi. Shunday qilib, XVI asrdagi davlatchiligimiz tarixida yetakchi sulola — shayboniylar sulolasi boʻldi. Bu sulola oʻzbek davlatchiligi rivojiga maʼlum darajada hissa qoʻshdi.
Sulolaning eng qudratli vakili Abdullaxon II davrida esa oʻzbek davlatchiligi oʻz tarixida yana bir bor yuksak darajaga koʻtarila oldi. Abdullaxon II garchand davlatni markazlashtira olgan boʻlsa-da, davlatdagi ichki nizolarga toʻla barham bera olmadi. Abdullaxon II Sibir uchun Rossiya davlati bilan kurash olib bordi, lekin uning qarindoshi Sibir xoni Kuchumxon magʻlubiyatga uchradi.
Shayboniy Abdullaxon II 1598-yil fevral oyida vafot etgach, taxtga uning oʻgʻli Abdulmoʻmin oʻtqazildi. Biroq oʻsha yili — 1598-yil iyul oyida Abdulmoʻmin fitnachilar tomonidan Oʻratepa va Zomin oraligʻida oʻldirildi. Undan qolgan ikki yashar oʻgʻilning xonlik huquqini hech kim tan olmadi. Taxt uchun kurash boshlandi. Buxoroning bir guruh amirlari Ibodulla Sultonning oʻgʻli Abdulaminni xon qilib koʻtardilar. Boshqa guruh amirlar esa Balx hokimi Abdullaxon II ning jiyani, Sulaymon Sultonning oʻgʻli Pirmuhammadni shayboniylarning oliy xoqoni deb eʼlon qiladilar va Balxdan chaqarib olib, taxtga oʻtqazadilar.
Pirmuhammad Buxoro xonligini yana ikki yilcha idora qildi. Tez orada Jaloir, Doʻrmon qabila boshliqlarining igʻvosi bilan Pirmuhammadxon bilan Boqi Muhammad oʻrtasidagi munosabatlar buzildi. Oxir oqibatda Pirmuhammadxon bilan Boqi Muhammad oʻrtasida 1601- yilda Samarqand yaqinidagi Bogʻi Shamol mavzeyida jang boʻladi. Jangda Pirmuhammadxon yengiladi va 80 yoshida qatl etiladi. 1601-yildan 1756-yilgacha Buxoro xonligini Ashtarxoniylar sulolasi boshqardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |