Fermentlar ta’sirining oʻziga xosligi.
Fermentlar nihoyatda oʻziga xosligi, maxsusligi, ya’ni spetsifikligi bilan anorganik katalizatorlardan farq qiladi. Bularning spesifikligi Shu bilan belgilanadiki, har bir ferment ma’lum bir substratga (moddaga) ta’sir etadi yoki ma’lum bir kimyoviy reaksiyagagina ta’sir koʻrsatadi. Masalan, yogʻlarni tarkibiy qismlarga parchalovchi lipaza fermenti uglevodlar va oqsillarga mutlaqo ta’sir etmaydi, disaxarid saxarozani glyukoza va fruktozaga qadar parchalovchi saxaraza fermenti boshqa disaxaridlarga mutlaqo ta’sir etmaydi.
Fermentlar ta’sirining spetsifikligini nemis olimi Emil Fisher (1882) obrazli qilib quyidagicha ta’riflagan: “ferment substratga xuddi qulfga toʻgʻri keladigan kalitdek toʻgʻri kelishi kerak”.
Turli xil fermentlarning spetsifiklik chegarasi bir xil emas. Ayrim fermentlar oʻzlarining oʻta spetsifikligi bilan farq qiladi, ya’ni faqatgina qandaydir bitta reaksiyani tezlashtirish xususiyatiga ega boʻladi. Masalan, ureaza fermenti faqatgina mochevinaning gidrolizlanishini katalizlaydi, ammo metil mochevina bi-rikmasiga esa mutlaqo ta’sir etmaydi.
Ikkinchi xil fermentlar esa, qanday moddalar reaksiyaga kirishayotganligi va qanday moddalar hosil boʻlishidan qat’i nazar, ma’lum bir tipdagi reaksiyalarni katalizlaydi. Bunday fermentlarning asosiy xususiyati parchalanayotgan yoki hosil boʻlayotgan bogʻlarning xarakteri bilan belgilanadi. Bu fermentlarning nisbiy spetsifikligi deb hisoblanadi; Masalan, esteraza fermenti qanday spirt va qaysi kislota qoldigʻidan tashkil topganligidan qat’i nazar, har qanday murakkab efirlarga ta’sir etadi.
Ayrim hollarda murakkab tuzilishga ega boʻlgan bitta organik moddaning tarkibiy qismlarga parchalanishi yoki sintezlanishi jarayonlarida turli xil fermentlar ishtirok etishi ham mumkin. Masalan, peptidaza fermentlari oqsil molekulasini tashkil etadigan polipeptidlardagi (-SO-NH-) peptid bogʻlarini uzish jarayonlarini katalizlaydi. Ulardan aminopeptidaza fermenti asosan polipeptidning erkin aminogruppa (-NH2) bor tomonidan peptid bogʻi uzilishini ta’minlaydi, karboksipeptidaza esa polipeptid zanjirining erkin karboksil funksional guruhi
(-COOH) bor tomonidagi polipeptid bogʻi uzilishini tezlashtiradi. Pepsin, tripsin fermentlari ham oqsillarga ta’sir etadigan fermentlar boʻlib, pepsin asosan oqsillarning peptonlarga qadar, tripsin esa polipeptid va aminokislotalarga qadar parchalanish jarayonlarini katalizlaydi va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |