9.5. Magnezial bog'lovchilar asosidagi buyumlar
Magniy xlorid eritmasida qorilgan, kaustik magnezit yoki dolomit asosida olingan magnezial bog'lovchilar organik to'ldirgichlar bilan aralashtirib qotirilganda organomineral buyumlar hosil bo'ladi. Magnezial bog'lovchilar organik to'ldirgichlar bilan puxta birikadi va ularni chirishdan saqlaydi. Magnezial bog'lovchilar asosida ksilolit va fibrolit buyumlari tayyorlanadi.
Ksilolit magnezial bog'lovchining magniy xlorid eritmasidagi qorishma bilan yog'och qipiqlarni aralashtirib qotishi natijasida hosil bo'ladigan sun'iy kompozitsion material. Ksilolit tarkibiga xossalarini yaxshilash uchun talk, asbest, kvars, qum va bo'yoqlar kiritiladi. Ksilolitning o'rtacha zichligi 1000-1200 kg/ m3 siqilishga mustahkamligi 30-40 MPa, issiqlik o'tkazuvchanlik koeffitsiyenti 0,3 W/(m∙°C).
Ksilolit asosida choksiz pollar tayyorlanadi. Qorishma bevosita ishlatiladigan joyda tayyorlanadi va avvaldan hosil qilingan asosga yotqiziladi, tekislanadi hamda titratish usulida zichlashtiriladi. Ular issiqlik va tovushni yutadi, yedirilish va dinamik kuchlanishlarga qarshilik ko'rsatadi. Ular nam va suvli muhitlarda ishlatiladi.
Ksilolitdan presslash usulida kvadrat va oltiburchakli plitkalar, deraza tokchalari va boshqa to'suvchi buyumlar tayyorlanadi. Buyumlar yuzasi marmar, malaxit va shu kabi manzarali qatlamlar hosil qilish uchun bo'yaladi.
Fibrolit magnezial bog'lovchi yog'och payraha&i. (yoki juni) aralashmasini qoliplab, qotirib olinadi. Fibrolit plitalari binolarning devor, ora yopmalari, pol osti qismini issiq-sovuqdan izolatsiyalash va pardevorlar uchun ishlatiladi.
9.6. Akvapanel - sementli plitalar
Akvapanel - mayda donali keramzitbeton asosidagi o'zak va yon tomonlaridan tashqari barcha yuzalari shishato'r bilan armaturalangan listli materialdir (9.18- rasm).
Akvapanelning bo'ylama tugagan joyini kuchaytirish maqsadida qo'shimcha ravishda shishatolaiar bilan armaturalangan (9.19-rasm).
Akvapanel plitalar GFR ning «Knauf USG Systems» korxonasida ishlab chiqariladi. Ishlatish joyiga ko'ra Akvapanel plitalar binolarning ichki va tashqi qismlariga mo'ljallangan. Plitalar konveyer texnologiyasida ishlab chiqariladi. Konveyerda shisha to'r bilan armaturalangan keramzitbeton (gidrofob va boshqa qo'shimchalar bilan) uzluksiz tasma (lenta) ko'rinishida shakllanadi. Panel yuzalariga suyuq sement xamiri surkaladi. Hosil qilingan tasma kerakli o'lchamlarda kesiladi. Ularning yuza qismi silliq, orqa qismi esa g'adir-budur bo'ladi. Plitalar shuruplar yordamida mahkamlanadi, sirkular arra yoki pichoq bilan bichiladi.Ichki Akvapanel plitalar karkas -qoplamali pardevorlar, osma shiftlar, devorlar va kommunikatsiya shaxtalarini qoplashda, gidrofoblangan namli sharoitlarda, ya'ni basseyn, kir kir yuvish xonalari, sanoat oshxonalari, garajlar va yerto'lalarda ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |