Qirqma shisha tolali shishaplastiklar yassi va to'lqinsimon ko'rinishda bo'lib, poliefir polimerlari asosida ishlab chiqariladi. Shishaplastiklar uzunligi 1000-6000 mm, eni 1500 mm gacha va qalinligi 1 - 1,5 mm. Ularning o'rtacha zichligi 1400 kg/m3, cho'zilishdagi mustahkamlik chegarasi kamida 60 MPa, siqilishda kamida 90 MPa, egilishda kamida 130 MPa, yorug'lik o'tkazishdagi shaffofligi 50-85%. Qirqma shisha tolali poliefir shishaplastiklar yorug'lik o'tkazadigan to'sish fonarlari, shaffof to'siqlar tayyorlashda, yarim shaffof to'lqinsimon shishaplastiklar esa pavilonlar, soyabonlar va boshqa yengil konstruksiyali binolar tomini qurish uchun ishlatiladi.
Shisha tekstolit shisha matoni fenol-formaldegid polimerida shimdirib, issiq holda presslab olinadi. Uning uzunligi 2400 mm, eni 600-1200 mm, qalinligi 1-7 mm listlar va uzunligi 2400 mm, eni 700-1000 mm va qalinligi 9-35 mm plitalar ko'rinishida ishlab chiqariladi. Shisha tekstolitning o'rtacha zichligi 1800 kg/m3 cho'zilishdagi mustahkamlik chegarasi 230 MPa, siqilishda 95 MPa, va egilishda 120 MPa, issiq va kimyoviy muhitlar hamda suv ta'siriga bardoshli. Ular asosida oyna va eshik bloklari, furnituralar, sanitariya-texnika buyumlari, uch qatlamli panellar, qobiqlar, tombop to'lqinsimon buyumlar tayyorlanadi.
Yog'och qatlamli plastiklar yog'och shponlarni fenolformaldegid (amino-aldegid va boshq.) polimeriga shimdirib, paket issiq holda presslab tayyorlanadi. Ularning (ДСП-В-700 va ДСП-В) uzunligi 5600 mm, eni 950-1200 mm va qalinligi 12 mm, o'rtacha zichligi kamida 1300 kg/m3 yuqori mustahkamlik va zarbiy qovushqoqlikka ega. Material yuzasi silliq, sariq-jigarrangli, yog'och teksturasi yaxshi ko'rinadigan, biroz yaltiroq. Ularga mexanik ishlov berish (arralash, parmalash, mix va shuruplar o'tkazish va shu kabi) oson kechadi.
Yog'och qatlamli plastiklar devor va pardevorlarni qoplash, turarjoy va madaniy-maishiy binolar shiftlarini bezash uchun ishlatiladi.
Qoplama polistirol plitkalar kvadrat yoki to'g'ri to'rtburchak shaklidagi yassi va orqa tomoni taram-taram bo'lgan yupqa material. Kompozitsiya tarkibida polistirol, kukun to`ldirgich (talk, kaolin), pigment va zarurat bo'lsa, modifikatorlar bo'ladi. Plitkalar to'la avtomatlashtirilgan mashinalarda quyma usulda tayyorlanadi. Plitka qalinligi 1,25-1,5 mm, 1 m2 plitka massasi 1,5-1,7 kg. Plitkalar asosga polimerli yoki kauchukli mastikalar bilan yelimlanadi.
Organik shisha (polimetilmetakrilat) shaffof, mustahkam, yorug'likka chidamli yengil konstruksion polimer material. Organik shisha uzunligi 1350 mm gacha, eni 1250 mm gacha va qalinligi 2-2,3 mm listlar sifatida ishlab chiqariladi. U shaffof to'siqlar, pardevorlar, binolarining ustki yorug'lik fonarlarda ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |