Ali Qushchi beixtiyor:
Xoja Salohiddin zargar! — deb yubordi. — Nahot?..
Qalandar labini tishlab, boshini sarak-sarak qildi:
O, mavlono, mavlono! Sizday yetuk donishmand bu ishda sabiylik qilibdur. U qari tulki bu sir-asrorni hazratlariga yetkazgandur. Oltinni yashirib, darhol qochmog‘ingiz darkor. Bil’aks, oltinni tortib olib, o‘zingizni yo‘q qiladilar, ustod!
Sen tilla va javohirlarni aytding, Qalandar. Va lekin tilladan aziz bu boylikni ne qilamiz? Kamina bosh olib ketsam, bu noyob xazinaning taqdiri ne bo‘ladi?
Qalandar boshini ko‘tarib, javonlarga uzoq tikildi. Janob Nizomiddin Xomushning makruh kitoblar to‘g‘risida aytgan tahdidli so‘zlari esiga tushdi.
Yashirmoq kerak!
Bu hisobsiz xazinani qayga yashiramen? Qanday yashi- ramen, Qalandar?
Har nechuk bu dargohdan olib ketmoq darkor, — Qalandar boshidagi kulohini to‘g‘rilab, bir daqiqa o‘ylanib turdi, so‘ng Ali Qushchiga qaramay:
Rasadxonada tashqa chiqadurgan lahim bormi? — deb so‘radi.
Ali Qushchi xiyol ikkilanib turgach: — Bor, — deb javob berdi.
Oltinlarni olib, men bilan yuring, — dedi Qalandar buyruq ohangida. — Bir joyga boramiz, ustod.
Qayga?
So‘ramang. Oltinlarni oling!
Qalandarning amri Ali Qushchining ko‘ngliga yana g‘ulg‘ula solsa ham, u tavakkal qilib, javonga narvon qo‘yib, kitoblar orqasiga yashirgan tilla va javohirlarni ola boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |