Mustaqillik yillari tom ma’noda O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyoti istiqbolini belgilash, jahon hamjamiyati mamlakatlari safidan munosib o‘rin egallashga intilish yo‘lidagi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish bilan kechmoqda. Jahonning rivojlangan mamlakatlari tajribalarini o‘rganish, mahalliy shart-sharoit, iqtisodiy va intellektual resurslarni inobatga olgan holda, jamiyat hayotining barcha sohalarida tub islohotlarning amalga oshirilayotganligi yangidan yangi yutuqlarga erishishni ta’minlamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligiga erishgach, mamlakatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy hayotida tub o‘zgarishlar ro‘y berishiga keng imkoniyatlar ochildi. Respublika rahbariyati boshchiligida mamlakat taraqqiyotining barcha sohalarida chuqur islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon davom etmoqda. Jumladan, zamon talabiga va jahon standartlariga javob beradigan yetuk kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim sohasida ham islohotlar olib borilmoqda. Shu asnoda, mustaqillik sharoitida mamlakatimizda buyuk ma’naviyatimizni tiklash va yanada yuksaltirish, milliy ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, zamon talablari bilan uyg‘unlashtirish maqsadida, yetuk kadrlar tayyorlash ishini jahon andozalari darajasiga chiqarish masalalariga alohida ahamiyat berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining Oliy Majlisga Murojaatnomasida “...intellektual va madaniy salohiyatning qanday noyob boylik ekani, nodir talant egalarini tarbiyalab kamolga yetkazish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini unutishga haqqimiz yo‘q”1, – deya ta’kidlagan edi.
Mustaqillikning dastlabgi kunlaridan boshlab barkamol avlodni shakllantirish maqsadida ta’lim sohasida tub islohotlarning o‘tkazilishi davlat oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan mamlakatimizda bir qator qonun va qarorlar qabul qilindi. Ularning asosini dastlabgi bosqichda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”2 tashkil etgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda 2017-yil 7-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan imzolangan “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha ‘‘Harakatlar Strategiyasi”da belgilab berilgan vazifalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 20-apreldagi va “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 5-iyundagi Qarorlari tashkil etadi.
Ushbu dasturiy hujjatlarda ko‘zlangan maqsadga erishish yo‘lida ta’lim tizimida yangi avlod darsliklarini yaratish vazifasi ilgari surildi.
Davr va yuqoridagi me’yoriy davlat hujjatlarining talablaridan kelib chiqqan holda mualliflar tomonidan ushbu darslik yaratildi.
Darslik O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 2018-yilda tasdiqlangan “Ona tili o‘qitish metodikasi” fani dasturi asosida tayyorlangan.
Darslikda talabalar “Ona tili o‘qitish metodikasi” fani doirasida fan asoslari, fanni o‘qitishning usul va uslublari, mavjud nazariyalarning amaliyotda qo‘llanilishi va kasbiy faoliyatda pedagogik texnologiyalardan samarali, maqsadli foydalanishni o‘rganadi, ta’lim-tarbiya jarayonlarini loyihalashtirish, texnologiyalashtirish ko‘nikma-malakalarini puxta o‘zlashtiradi. Shuningdek, pedagogik mahorat va xalq pedagogikasining muhim g‘oyalari, ustuvor tamoyillari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu holat ularning kasbiy kamolotga erishishlari uchun mustahkam zamin hozirlaydi.
Mazkur darslik ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qism besh bobdan iborat va unda quyidagi mavzular to‘g‘risida so‘z yuritiladi:
I BOB.Boshlang‘ich sinflarda ona tili o‘qitish metodikasi. Boshlang‘ich sinflarda ona tili o‘qitish metodikasi fanining predmeti va vazifalari. Ona tili o‘qitish prinsiplari, ona tili o‘qitish metodikasining tekshirish usullari.
II BOB. Savod o‘rgatish davri metodikasi. Savod o‘rgatish metodikasining maqsad va vazifalari. Savod o‘rgatish metodikasining ilmiy, psixologik va lingvistik asoslari. Savod o‘rgatishda hozirgi zamon analiz-sintez tovush metodi. Bolalarning savod o‘rgatishga tayyorgarligini o‘rganish. Savod o‘rgatish jarayoni bosqichlari. Savod o‘rgatishda tayyorlov davri, bu bosqichdagi o‘qish va yozuv darslarining mavzulari hamda ish turlari. Savod o‘rgatishda mashq turlari. Savod o‘rgatishda nutq o‘stirish. Savod o‘rgatish davrida boshlang‘ich yozuvga o‘rgatish. Savod o‘rgatish davrida o‘qish va yozish darslari.
III BOB. Husnixat metodikasi. Husnixatga o‘rgatishning maqsad va vazifalari, ahamiyati. Yozuvlar tarixidan ma’lumot. Husnixatga o‘rgatish tarixidan ma’lumot. Husnixatga o‘rgatishning gigiyenik shartlari. Yozuv materiallari va qurollari. Husnixatga o‘rgatish tamoyillari. Husnixatga o‘rgatish usullari. 1-4-sinflarda husnixat darslari.
IV BOB. Sinfda va sinfdan tashqari o‘qish metodikasi. Sinfda o‘qish metodikasi. Sinfda o‘qish darslarining ta’limiy-tarbiyaviy ahamiyati va vazifalari. O‘qish darslarining tarbiyalovchi imkoniyatlari. O‘qish malakasi haqida tushuncha. O‘qish malakalarining sifatlari: to‘g‘ri, tez, ongli, ifodali o‘qish. O‘qish malakalarini shakllantirish jarayonini takomillashtirish yo‘llari. Ifodali o‘qish metodikasining asoslari. Kichik yoshdagi o‘quvchilarning badiiy idrok etishdagi psixologik xususiyatlari. Boshlang‘ich sinflarda badiiy asar ustida ishlash jarayoni. Boshlang‘ich sinflarda badiiy asarni tahlil qilish. Badiiy asarni tahlil qilishning adabiy asoslari. O‘qish darslarda mustaqil ishlarni tashkil qilish. Har xil janrdagi asarlarni o‘qitish metodikasining o‘ziga xos xususiyatlari. Ertakni o‘qish metodikasi. O‘quvchilarni ertak janri bilan tanishtirish. O‘quvchilarni ertakni o‘qishga tayyorlash. Hikoya janridagi asarni o‘qitish metodikasi. She’riy nutqning xususiyatlari. She’rni tahlil qilish uslubiyati. She’rni o‘qitish darsida asosiy ish turi ifodali o‘qish ekanligi. Lirik she’rni o‘qishga tayyorlash. Masal janridagi asarlarni o‘qitish metodikasi. Ilmiy-ommabop asarlarni o‘qitish metodikasi. Topishmoq, tez aytish, maqol janridagi asarlarni o‘qitish metodikasi. Sinfdan tashqari o‘qish metodikasi. Bolalarning mustaqil o‘qishi haqida tushuncha, uning vazifalari. To‘g‘ri kitobxonlik faoliyatini shakllantirish tizimiga tavsifnoma. Boshlang‘ich maktabda kitobxon o‘quvchilarni shakllantirish bosqichlari. Kichik yoshdagi o‘quvchilarda kitobxonlik mustaqilligini shakllantiradigan mashg‘ulot va darslar qurilishining asosiy turlari.
V BOB. Fonetika, grammatika, so‘z yasalishi va orfografiyani o‘rgatish metodikasi. Kichik yoshdagi o‘quvchilarda ilmiy dunyoqarash elementlarini shakllantirishda ona tilini o‘rgatishning ahamiyati. Ona tilini o‘rgatishning lingvistik asoslari. Boshlang‘ich ta’limda ona tilini o‘rgatish mazmuniga tavsifnoma. Fonetika va grafika asoslarini o‘rgatish uslubiyati.
Mualliflar jamoasi darslik to‘g‘risida jamoatchilikning fikr va mulohazalarini mamnuniyat bilan qabul qiladi.