boshqaruv apparatidagi mehnatni tashkil etish (mehnat taqsimoti, mehnatni mazmuniga ko’ra tartibga solish, mehnatni vaqti bo’yicha tartibga solish), tizimlar va ish usullarini tanlash;
shaxsiy mehnatni tashkil etishning o’ziga xos muammolari (ish vaqtini rejalashtirish va taqsimlash, tashrif buyuruvchilar oqimini boshqarish, o’ziga xos ish uslubi, yozishmalarni oqilona yuritish va hokazolar.);
ish o’rinlarini tashkil etish va jihozlash;
hisoblash va tashkiliy texnika vositalaridan foydalanishni tashkil etish.
Taqdim etilgan masalalar ro’yxati bu sohadagi vazifalar tarkibini va ishlar yo’nalishini belgilab beradi.
Boshqaruv personali mehnat jarayonlarini tashkil etish zarur texnikaviy vositalarni hisobga olgan holda personal zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishning oqilona tizimlar va usullarini loyihalash va joriy qilishdan iboratdir.
Boshqaruv personali mehnatini tashkil etish mehnatni mazmuniga va vaqtiga ko’ra tartibga solishning muayyan darajasini nazarda tutadi. Bu narsa xodimlarning lavozim vazifalarini bajarish vaqtidagi, boshqaruv qarorlarini qabul qilish hamda amalga oshirish chog’idagi zarur tartib va uyushqoqlikni ta’minlaydi. Mehnatni tartibga solish mehnatni tashkil etishga xos bo’lgan ob’ektiv qonuniyatlarga asoslangan muayyan qoidalar, yo’riqnomalar, normativlarni belgilash va ularga qat’iy rioya qilinishini bildiradi.
SHu narsa aniqki, agar rahbar va uning qo’l ostidagi kishilar zamonaviy ish usullari va yo’llarini egallamagan bo’lsalar, jamoada samarali ishlashni yo’lga qo’yish qiyin bo’ladi. Eskirib qolgan ish usullari va samarasiz ish uslubi mazkur jamoani boshqaruv tizimining eng zaif bo’g’iniga aylantirib qo’yadi.
Personal menejmenti masalalari orasida ish vaqtini rejalashtirish va taqsimlash, shuningdek, boshqaruv personali shaxsiy mehnatini tashkil etish muammolari muhim ahamiyatga egadir, har bir xodimning alohida ish uslubi boshqaruv apparati samarali ishlashining muhim sharti hisoblanadi.
Rahbarning, mutaxassisning mehnatini rejalashtirish muayyan vaqt uchun ish rejalarini tuzib chiqish shaklida yoki aniq ish va tadbirlarni bajarish rejalarini shakllantirish yo’li bilan amalga oshiriladi.
Ish tartibini belgilash chog’ida rahbar va mutaxassis mehnatining tarkibiy qismini hisobga oluvchi narsa quyidagilardir: maqsadning qo’yilishi (maqsadni aniqlash, vaziyatni tahlil qilish, maqsadni ifodalash); ishning rejalashtirilishi, qo’yilgan maqsadni amalga oshirishga tayyorgarlik ko’rish, ish vaqtini oqilona taqsimlash va undan foydalanish, hal qilinadigan vazifalarni ijro etish muddatlarini qisqartirish yo’llarini izlash; bajarilishi lozim bo’lgan vazifalar, tadbirlarning ustuvorligini belgilash, nazorat qilish funktsiyalarini amalga oshirish, topshiriqlarning bajarilish jarayoni haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish, qo’yilgan maqsadlarga erishilishini nazorat qilish; axborot va kommunikatsiya kengashlarini tashkil etish va o’tkazish korrespondentsiyalarini oqilona yuritish, tashrifchilar oqimini boshqarish. Ishlarning xususiyati va mazmunini aniqlashtirish hamda tavsiflashtirish qaror topayotgan vaziyatni hisobga olish bilan operativ ravishda aniq qarorlar ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonlarini rejalashtirish asosida amalga oshiriladi.
Aqliy mehnat kishilari, odatda, o’z ish o’rinlarini oqilona tashkil etishga yetarli darajada e’tibor berishmaydi. Biroq, shuni esda tutish kerakki, barcha toifadagi mutaxassislar mehnatining samaradorligi ular faoliyatining xususiyati va shart-sharoitlaridan qat’iy nazar ko’p jihatdan ish o’rnini tashkil etish va jihozlashga bog’liq bo’ladi.
Aqliy mehnat bilan band bo’lgan kishining ish o’rni binoning bir qismidan iborat bo’lib, bu yerda mehnat faoliyati ro’y beradi va bu joy bajariladigan ishlarning mazmuniga muvofiq ravishda zarur mehnat vositalari bilan jihozlangan bo’ladi.
Ish o’rnini takomillashtirish vazifasi uni ishning o’ziga xos xususiyatiga qarab barcha zarur narsalar bilan jihozlanishini, zarur jihozlarni oqilona joylashtirishni, shinam ish sharoitlari yaratishni, tashqi muhitdagi noqulay omillarning insonga zararli ta’siri oldini olishni qamrab oladi.
Hozirgi vaqtda rahbar va mutaxassislar ish vaqtining 40-60 foizi birmuncha kamroq malakaga ega bo’lgan mutaxassislar bajaradigan vazifalarni ado etishga sarflanmoqda. Ko’p vaqt zarur axborotni, ma’lumot va hujjatlarni izlashga ketmoqda.
Boshqaruv personalining ishi takomillashtirishga muhtojdir. Bu birinchi navbatda, rahbarlar va mutaxassislarning kundalik faoliyatida hisoblash texnikasi va tashkiliy texnika vositalaridan keng foydalanish yo’li bilan eski operatsiyalarni avtomatlashtirishdan iborat bo’lishi lozim. Bajariladigan vazifalarni avtomatlar zimmasiga yuklash ish vaqtining kamida 15%ini tejash imkonini beradi.
Rahbarlar, mutaxassislar va boshqa xizmatchilarning mehnatini kompleks avtomatlashtirish zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish asosida amalga oshirilishi zarur. Bu hol tashkilotdagi barcha axborot jarayonlarining avtomatlashtirilishini ko’p darajada oshirishni ta’minlaydi.
Boshqaruv apparati xodimlari mehnatini tashkil etish murakkab va ko’p qirrali jarayondir. Har qanday xodim uchun bugungi kunda eng muhim muammo ish vaqtidan oqilona foydalanish hisoblanadi. SHuning uchun ham boshqaruv mehnatini ilmiy asosda tashkil etishning boshlang’ich bosqichi boshqaruv apparati xodimlarining ish vaqtidan foydalanishni o’rganishdir. Ish vaqtidan foydalanishni o’rganish uning bekor sarf bo’lishini aniqlash, buning sabablarini bilib olish, ishlarni bajarishning yangi shakl va usullarini ishlab chiqish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |