17.4. Rahbarning ish vaqti va undan foydalanish
Vaqt tanqisligi – bu, har xil darajadagi rahbarlar va mutaxassislarni hammadan ko’proq tashvishlantiradigan muammolardan biridir, chunki ular uchun vaqt omili, odatda, hal qiluvchi rolь o’ynaydi. Vaqt shunday bir resurs hisoblanadiki, har bir rahbar unga baravar miqdorda ega bo’ladi. SHuning uchun ham har bir rahbar va mutaxassis uchun asosiy muammo uning qancha vaqtga ega ekanligi emas, balki o’zi ega bo’lgan ushbu vaqtdan qanday foydalanishdadir.
Vaqt shunday noyob resurski, uni pul singari jamg’arib bo’lmaydi. U mavjudligimizning eng moslashmaydigan elementidir. Vaqt omili – bu, shunday bir resurski, u rahbarga qanchalik qimmatga tushsa, mazkur vaqtdan u shunchalik samarali foydalanishga harakat qiladi. Ba’zan rahbardan uning o’zida bor bilim va qobiliyatdan ko’prog’i talab qilinmaydi. U faqat o’zining ishdagi malakalarini takomillashtirib borishi, kamchiliklarga barham berishi va avvalo, vaqtdan samarasiz foydalanishga, uning bekor sarf etilishiga barham berishi talab qilinadi.
Rahbar mehnatining samaradorligi – u sarflagan shaxsiy mehnat natijalari bilan boshchilik qilayotgan xizmat (bo’linma) xodimlari mehnati natijalarining mos kelishi o’lchovidir. Bunda qo’yilgan vazifalar albatta, bajarilgan bo’lishi lozim. Amalda har bir rahbar o’z bo’linmasining ishi natijalarini aniq biladi. Rahbarning bu natijalarga qanday qilib erishildi, uning hissasi qanday, u qanday shaxsiy mehnat sarflagan, degan savollarga javob berishi qiyinroqdir.
Siz qanday ishlayapsiz? Qo’yilgan vazifalarni hal qilish uchun siz qancha vaqt sarfladingiz? Bular shunday savollarki, rahbar bularga javob olishidan oldin o’z mehnat ko’nikmalarini va ish usullarini yaxshilashi lozim.
Amalda barcha rahbarlar va mutaxassislar ish vaqti sarflarini hisobga olib borish zarurligini e’tirof qiladilar. Lekin tajribada kamdan-kam rahbarlar bu masalani o’zlari uchun hal qiladilar, bu esa ba’zi bir salbiy oqibatlarga: ishda shoshilishga, charchashga, mehnatning kam asoslanishiga, ishdagi rejasizlikka olib keladi. Ish vaqtini sarflashning hisobga olib borilmasligi, rahbarlar ishida va mutaxassislar faoliyatida keng tatbiq etilmay kelishiga sabab shuki, bu borada hali ko’nikma mavjud emas. Mazkur masalaga doir maxsus adabiyotlarda asosiy muammo joriy ishlarni yozib borish texnikasidan iboratligi bayon qilingan.
Rahbar va mutaxassisning ish vaqtini oqilona tashkil etishi bajariladigan barcha ishlarni hisobga olib borishni, o’zining ish vaqtini muntazam nazorat qilib borishni, ish vaqtini sarflash tuzilmasini o’rganishni talab qiladi. Bu esa ish vaqtidan foydalanishni, shaxsiy ishning asosli rejalarini tuzib chiqishni tahlil qilish imkonini beradi. Ish vaqtidan foydalanishni hisobga olmasdan va uni tahlil qilmasdan turib rahbar va mutaxassisning tuzib chiqqan shaxsiy ish rejalari real sharoitdan ajralib qolgan bo’ladi.
Rahbarlar va mutaxassislar sarflaydigan ish vaqti tuzilishi va mehnat mazmunini o’rganib chiqish uchun quyidagi usullardan foydalanish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |