Ishning asosiy mazmuni. Bitiruv malakaviy ishining asosiy qismida 3 ta boblarda rejaga binoan mantiqiy ketma-ketlikda mavzuning mazmuni yoritiladi. Ishdagi muammoning umumiy holda qo‘yilishi, izlanish olib borish uslubi, nazariy va amaliy materiallarni o‘rganish va umumlashtirish, xulosa va takliflar ishlab chiqish asosiy qismning tarkibidir. Ayniqsa tashkilot, muassasa yoki korxonalardan amaliy ma’lumotlar to‘plashga, turli muammoli holatlardan chiqishning yo‘llarini izlash hamda xo‘jalik faoliyatini yuqori samaradorlik asosida yakunlashga erishishga katta e’tibor berish lozim. Tashkilot, muassasa yoki korxonalarning amaliy ma’lumotlarini jadval, chizma, grafik, diagramma sifatida keltirish maqsadga muvofiqdir. Yuqoridagilar asosida tushuntirishlar, tanqidiy tahlillar, xulosalar keltirish hamda turli ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ochib bera olish, muammolar sabablarini aniqlay olish juda muhimdir.
Bitiruv malakaviy ishining asosiy qismi 3 ta bobda umumiy holda 8-9 ta paragraflardan iborat bo‘lib, birinchi bobda 1,2,3 - paragraflarda mavzuning nazariy jihatlari o‘rganilgan ilmiy hamda o‘quv adabiyotlaridan olingan ma’lumotlar va bilimlar orqali shaxsiy fikrlar bilan bayon etiladi.
Bitiruv malakaviy ishining asosiy qismi ikkinchi bobi 1, 2, 3, 4, 5 – paragraflarda o‘rganilayotgan mavzuning nazariy asoslari ochib beriladi, tanlangan mavzuning umumnazariy masalalari ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, bitiruv malakaviy ishining asosiy qismida, neft va gaz korxonasida tanlangan mavzu bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlili va amalga oshirilayotgan ishlarining o‘ziga xos xususiyatlari, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari yoritiladi. Ishning asosiy qismi o‘rganilgan mavzudagi nazariy, tashkiliy va amaliy ishlarni takomillashtirish yo‘llarini yoritilishi bilan tugallanadi.
Ishning asosiy mazmuni quyidagi boblarda bayon etilishi maqsadga muvofiq:
1-bob – bitiruv malakaviy ishi mavzusining nazariy va ijtimoiy tavsifi, mavzuni yoritib berishdagi asosiy tushunchalar, ularning mazmun va mohiyati, mamlakatimiz va xorijiy olimlar, mutaxassislar tomonidan berilgan ta’riflar tahlili va talabaning ular bo‘yicha bergan xulosasi yoritiladi. Shuningdek, mavzuning ijtimoiy hayot bilan bog‘lanishi, uning o‘ziga xos xususiyatlari, iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida tashkilot, muassasa yoki korxona faoliyatini tashkil etishning mohiyati va vazifalariga keng to‘xtalib o‘tiladi. Bu bo‘limning nomlanishi tanlangan mavzu yoritilishi mohiyatidan kelib chiqqan holda talaba tomonidan keltiriladi.
Bu bo‘limda tegishli qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, ularning mohiyati va hayotga tadbiq etilishi, tashkilot, muassasa yoki korxonalarga qo‘yilgan talablar ochib beriladi. Shu maqsadda ilmiy monografiya va risolalardan keng foydalanish va foydalanilgan adabiyotlardan chiziq osti havolalar (sitata) va foydalanilgan adabiyotga havola (ssilka) lar adabiyotlar ro‘yxati bo‘yicha tartib raqami to‘rtburchak qavs ichida gap tugashi oxirida keltirilishi zarur.
Ushbu nazariy asoslash keyingi bo‘limlarda bayon qilinadigan amaliy holat, muammo va kamchiliklar bilan bog‘lanishi va ikkinchi bobga asos bo‘lishi kerak.
2-bob – tanlangan mavzu bo‘yicha ayni paytdagi mavjud muammolar, ularning ijtimoiy hayotda ifodalanishi, muammolarni hal etilishi bo‘yicha hukumat, vazirliklar, idoralar, tashkilot va muassasalar yoki korxonalar doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, ularning yo‘nalishlari, yutuqlar, kamchiliklar va muammolarni batafsil yoritiladi. Shu bilan birga ishda zarur bo‘lsa boshqa tarmoq yoki xorijiy davlatlar tizimi, boshqaruv organlari, xalq xo‘jaligi tarmoqlari bilan solishtirma tahlil ishlari amalga oshirilishi mumkin. Tahlil natijasida muammoni hal etishning ichki imkoniyatlarni ochish va unga ijobiy hamda salbiy ta’sir etuvchi omillarni aniqlash zarur. Tanlangan mavzu bo‘yicha aniqlangan kamchilik va muammolarni xal etish yo‘llari bayon qilinadi. Bu borada talaba tomonidan o‘rganilgan ilmiy va amaliy fikrlar yoki uni o‘zi taklif etgan tavsiyalar aks ettiriladi.
Taklif etilgan tavsiyalarni tegishli tashkilot, muassasa yoki korxonada qo‘llash natijasida qanday ijtimoiy samara olinishi yoritiladi. Chunki taklif etilgan tavsiya yoki takomillashtirish yo‘llari, albatta, ijtimoiy-iqtisodiy samara berishi yoki korxonani rivojlantirishi lozim.
3-bob – Hayot faoliyati havfsizligi, bu bobda tanlangan mavzu asosida mehnat muhofazasi va texnika havfsizligi qoidalari, mavzu bo‘yicha korxonada, bo‘linmada va ish o‘rnida, mashina yoki jihozlardan foydalanish, ta’mirlash, o‘rnatish va ishga tushirish davrlarida rioya qilinadigan texnika havfsizligi qoidalari va mehnat muhofazasi talablari to‘g‘risida keltiradi. Ilmiy raxbarning yoki bo‘lim bo‘yicha maslahatchining tavsiyasi bilan talaba mehnat muhofazasi to‘g‘risida mavzuga tegishli umumiy qoidalar va talablarni mavzuga bohlagan holda keltirishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |