O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
QARSHI MUHANDISLIK-IQTISODIYOT INSTITUTI
"Texnologik mashinalar va jihozlar" kafedrasi
BITIRUV MALAKAVIY ISHINI
BAJARISH BO‘YICHA
USLUBIY QO‘LLANMA
5320300 - “Texnologik mashinalar va jihozlar”
(Neft va gaz sanoati)
bakalavr ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun
Qarshi-2015
Ushbu uslubiy qo‘llanma 5320300 -“Texnologik mashinalar va jihozlar” (Neft va gaz sanoati) bakalavr ta’lim yo‘nalishlari uchun bitiruv malakaviy ishining maqsad va vazifalari hamda bajarish tartibi, chizma va hisoblash-tushuntirish qismlarini bajarish haqida ma’lumotlar keltirilgan, hamda misollar bilan yoritilgan.
Ushbu uslubiy qo‘llanmani ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2010 yil 9 iyun 225-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassasalarida bakalavrlarning bitiruv-malakaviy ishini bajarishga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlash to‘g‘risida» gi talablari asos qilib olindi.
Uslubiy qo‘llanma 5320300 - “Texnologik mashinalar va jihozlar (Neft va gaz sanoati)” bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchi kursda o‘qiyotgan talabalar, bitiruv malakaviy ishining ilmiy rahbarlari va maslaxatchilariga mo‘ljallangan.
Taqrizchilar: X.F. Djurayev, BuxMTI “TJ” kafedrasi
mudiri, t.f.d., professor
X.A. Eshmatov, Shurtan gaz kimyo
majmuasi bosh mexanigi
Institut Ilmiy-uslubiy Kengashi yig‘ilishining
№___ bayoni bilan tasdiqlangan
“___”_______201_ y.
“TMJ” kafedrasi umumiy yig`ilishining
№___ bayoni bilan tasdiqlangan
“___”________201_ y.
K I R I SH
Respublikamiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardanoq oliy ta’lim tizimini isloh qilishga alohida e’tibor qaratildi. Islohatni amalga oshirishdan oldin jahondagi rivojlangan mamlakatlar ta’lim tizimi har tomonlama o‘rganildi va chuqur tahlil qilindi. Ularning ijobiy tomonlari qabul qilinib, mamlakatimizning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ta’lim tizimi ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Oliy ma’lumot berish ikki bosqichdan iborat qilib belgilandi. Birinchi (quyi) bosqichda bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olinadi va ikkinchi (yuqori) bosqichda magistraturada aniq mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim beriladi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlashning milliy dasturi”ga binoan bakalavr darajasiga da’vogarlar davlat attestatsiya xay’atiga bitiruv-malakaviy ishini himoya qiladilar. Himoyaning ijobiy natijasiga asosan, Davlat Attestatsiya hay’ati bitiruvchiga bakalavr darajasini beradi.
“Bitiruv malakaviy ishi” oliy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichi talabalarining o‘z ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 4 yil davomida olgan nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlash, kengaytirish hamda g‘amda o‘zlargan bilimlari orqali muayyan ilmiy, texnikaviy iqtisodiy, ishlab chiqarish, ijtimoiy, madaniy sohalardagi muammolarni hal etish, o‘z bilimlarini amaliyotda qo‘llash maqsadida mustaqil ravishda tayyorlaydigan ilmiy ishidir.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy Dasturi” hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2010 yil 9 iyun 225-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarida bakalavrlarning bitiruv malakaviy ishini bajarishga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i bitiruv malakaviy ishini yozish hamda himoya qilish tartibini belgilaydi.
Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida quyidagilarni ta’kidlab o‘tdilar: “Bugungi kunda ko‘plab rivojlangan va jahon iqtisodiyotida etakchi o‘rin tutadigan mamlakatlar tajribasi shuni so‘zsiz isbotlab bermoqdaki, raqobatdoshlikka erishish va dunyo bozorlariga chiqish, birinchi navbatda iqtisodiyotni izchil isloh qilish, tarkibiy jihatdan o‘zgartirish va diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi korxona va ishlab chiqarish tarmoqlarining jadal rivojlanishini ta’minlash, faoliyat ko‘rsatayotgan quvvatlarni modernizatsiya qilish va texnik yangilash jarayonlarini tezlashtirish hisobidan amalga oshirilishi mumkin”.
Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan neft va gaz hamda ulardan olinayotgan mahsulotlarning miqdorini oshirish va zaruriy sifatlarini tubdan yaxshilash neft va gaz sanoati korxonalari mutaxassislari oldida turgan asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu muammolarni hal etish energiya tejamkor zamonaviy texnika va texnologiyalarni yaratish, ishlab chiqarish tarmog‘ida sanitariya-gigiyena holatlarini hamda texnika xavfsizligini yaxshilash va og‘ir mehnat turlarini qisqartirish asosida amalga oshiriladi. Tabiiyki, zamonaviy va yuqori unumdorlikka ega bo‘lgan texnologiya va jihozlarni ishlatish hamda nazorat qilish ularning uzoq muddat buzilmasdan ishlashini ta’minlash, ulardan foydalanish davrida ishlash samaradorliklarini oshirish va shu kabilar yuqori malakali bakalavrlar va magistrlarning zimmasiga yuklanadi.
Neft va gaz sanoati tarmoqlarida zamonaviy texnika taraqqiyotini jadallashtirish, neft va gaz mahsulotlarini dastlabki va chuqur qayta ishlash orqali xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan turli xildagi yarim tayyor va tayyor maxsulotlarni olishni tashkil qilish va rivojlantirish oliy o‘quv yurtlarida tayyorlanayotgan bakalavrlarning saviyasiga ham ko‘p jihatdan bog‘liq. Bakalavr darajasiga ega bo‘lish uchun intilayotgan har bir talabaning bilim saviyasini baholovchi asosiy mezonlardan biri bu - ularning bajargan bitiruv malakaviy ishlari hisoblanadi.
Mazkur uslubiy qo‘llanma 5320300-“Texnologik mashinalar va jihozlar” ta’lim yunalishi bo‘yicha bilim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari, ularning bitiruv malakaviy ishlari ilmiy rahbarlari va maslahatchilari uchun mo‘jallangan bo‘lib, unda bitiruv malakaviy ishining maqsadi, unga qo‘yilgan talab va vazifalar, hamda ularni bajarilishining tartibi, mavzulari va ularni himoya qilishga tayyorlash, reja tuzish, adabiyotlardan foydalanish tartibi, amaliyot o‘tilgan korxonalarning amaliy faoliyatini ifodalovchi ma’lumotlarni yig‘ish va boshqa zaruriy ko‘rsatkichlarni to‘plash, ularni qayta ishlash, tahlil qilish va hisoblash texnikalaridan foydalanish, shunindek, bitiruv malkaviy ishini himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rish kabi masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Shuningdek uslubiy qo‘llanmada bitiruv malakaviy ishining uslubiy asoslari, umumiy yo‘nalishlari, har bir boblariga qo‘yiladigan talablar va ularni bajarish yo‘llari hamda malakaviy ishning yozuv-tushuntirish va grafik materiallar (chizmalar) qismlarini o‘rnatilgan standartlar (KHYAT, JO‘YAT) talablari bo‘yicha bajarish uchun ma’lumotlar keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |