Mazkur mavzu yuzasidan quyidagi xulosalarga ega bo‘lish mumkin:
1. Har qanday zoogeografik hududning faunasi to‘g‘risida bilimlarga ega bo‘lish yer planetasida sodir bo‘lgan va bo‘layotgan geologik hamda biologik evolyusiya yo‘nalishlari haqidagi qonuniyatlar, hodisalarni aniqlashda juda muhimdir;
2. Zoogeografik oblastlar faunasini to‘liq o‘rganishning imkoni yo‘q. Bunga asosiy sabab: hayvonot dunyosining juda turli tumanligi, fauna tarkibining o‘zgarib turishi, mutaxassislarning yetishmasligidir;
3. Faunaning muhim belgilari: faunani tashkil etgan turlarning ekologik tabiati va qo‘shni faunistik komplekslar bilan aloqasidir.
Turlarning qaysi faunistik kompleksga tegishligi birinchi navbatda ularning yashayotgan areallarining o‘zaro mos kelishi yoki kelmasligi bilan aniqlanadi.
Faunaga xos bo‘lgan asosiy xususiyatlardan biri - endemizmdir. Endemizm foizi doimo orol faunalarida yuqori bo‘ladi. Bunday xususiyat geografik izolyatsiyaning mavjudligi bilan tushuntiriladi.
Tur belgilarining geografik o‘zgaruvchanligi tur genofondining o‘zgarishiga, populyatsiyaning genetik qayta kurilishiga sabab bo‘ladi va oqibatda yangi tur shakllanadi.
Fauna tarkibida progressiv (neoendemik) va relikt (paleoendemik) endemiklarning mavjudligi faunistik oblastni tarixiy jihatdan o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Zamonaviy ekologik sharoitlarga moslashganlik darajasiga yoki fauna tarkibida paydo bo‘lish davriga ko‘ra progressiv, konservativ va relikt fauna elementlari farq qilinadi. Bunday kategoriyalar faunaning kelajakdagi
ravnaqini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Har qanday oblast faunasi o‘zining vaqt va makondagi genezisi (faunogenezi) bo‘yicha geterogen (har xil)dir. Fauna genezisini zamonaviy fauna tarkibidagi avtoxton va immigrantlarning ishtirok etish hissasi bilan tushuntirish mumkin.
Faunaning boy yoki kambag‘alligi uning tarkibidagi endemik sistematik birliklarning soni bilan baholanadi.
Faunaning «yevropalashtirilishi» va faunaga antropogen omillar ta’siri ongli va ongsiz ravshda amalga oshadi. Buning okibatida mahalliy fauna tarkibida turli
o‘zgarishlar kuzatiladi. Fauna tarkibiga har qaiday yangi turni kiritishdan oldin uning mahalliy fauna elementlari bilan bo‘ladigan munosabatlarini chuqur o‘rganish bioxilma-xillikni saqlab qolishda, inson manfaatlariga mos faunistik
komplekslarni yaratishda juda muhimdir.