3.2. Mevali bog’ zararkunandaga qarshi kurashda yangi texnologik yondashuv
Urug’li meva daraxtlari O’zbekiston sharoitida talaygina zararkunanda va kasalliklar ta’sirida ko’p zararlanadi. Regionning tuproq-iqlim sharoiti ham shuni taqozo qiladi.
Olma mevaxo’ri (Laspeyresia pomonella L.) olma, nok, behi kabi urug’li meva daraxtlarining asosiy zararkunandasi hisoblanib, u uzoq vaqtlardan buyon qishloq xo’jaligi xodimlarining diqqatini jalb etib kelmoqda. Ilmiy manbaalarda qayd etilishicha, unga qarshi kurash choralari o’z vaqtida qo’llanilmasa hosildorlik 80-90% gacha kamayib ketadi [26].
Ayrim tadqiqotchilarning ishlarida MDH ning alohida regionlari bo’yicha ushbu zararkunandaning tarqalishi, biologiyasi, ekologiyasi hamda ularga qarshi kurash usullari o’z aksini topgan (Yaxontov, 1962; Nosirova, 1981; Alekseeva, 1991; Xo’jaev, 1993; Do’smanov, 1995) [26].
Zararkunanda Qashqadaryo sharoitida 4 tagacha bo’g’in berib rivojla-nadi. Olma mevaxo’ri bog’larda etishtiriladigan hosilning katta qismini yo’qotishi bilan birga, serhosil, sifatli va ekologik sof maxsulotlarni etishtirishda ham o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatadi. Shu sababli olma mevaxo’riga qarshi zamonaviy kurash usulini qo’llash maqsadida Қарши тумани bog’dorchilikka ixtisoslashtirilgan Yangibog’ fermerlar uyushmasiga qarashli olmazorlarda 2020-2021 yillarda tajriba kuzatuv ishlari olib borildi.
Kuzatuv tajriba maydoni 5 ga olmazordan iborat bo’lib, ikki yondosh ekilgan maydonni tashkil etdi. Birinchi maydon – tajriba sinov, ikkinchi maydon – nazarot, ya’ni ishlov berilmagan maydon. Daraxtlarning o’rtacha yoshi 10-12 yoshni tashkil qilib, olma navlaridan Nafis, Renet Simirenko kabilar ekilgan.
Tadqiqot ishlarini yil fasllarini hisobga olgan xolda 2020 yilning oktyabr oyidan boshladik. Bu davrda zararkunandaning oxirgi yoshdagi qurt xolatida o’ziga xos “belanchak” ko’rinishida turli joylarda (po’stloq ostida hamda xas-cho’plar ostida) qishlovga ketishi kuzatiladi. Shu bois daraxt tanasidagi qalin yorilgan po’stloqlar mexanik usulda olib tashlandi, daraxt osti xas-cho’plardan tozalanib, yorilgan tana kovaklari bog’ malhami bilan berkitildi.
2020 yilda tajriba o’tkazilgan maydonlarda olmaning gullashi aprel oyining uchinchi o’n kunligiga to’g’ri keldi. Shu bois 28-29 aprel kunlari tajriba-sinov maydonidagi olma daraxtlariga bizlar chizgan konstrukstiya asosida yasalgan yangi tutqich-moslamalar o’rnatildi (har bir daraxtga 2 donadan). Tutqich-moslama teshikchalari diametri 1-1,5 mm bo’lgan sim to’rdan tayyorlangan qutichadan iborat bo’lib, uning hajmi 20x10x10 sm. Uning sim to’ridan zararkunandaning oxirgi yoshdagi qurtlari bemalol o’ta oladi, ammo g’umbakdan uchgan kapalaklar qaytib chiqa olmaydi. Shuning uchun ham uni separator tutqich-moslama deb atadik.
Zararkunanda tuxumining ko’proq qismini (48%) daraxtning yuqori va o’rta qismiga (32%), ozrog’ini esa ostki qismiga (20%) qo’yishini inobatga olinadigan bo’lsa (Korsakova, 1971), ushbu moslamalarni daraxtning yuqorigi va o’rta yaruslariga o’rnatish maqsadga muvofiqdir [26].
Olma mevaxo’ri har bir avlodining tuxum qo’yishidan oxirgi yoshdagi qurtlarining g’umbakka aylashi, undan esa kapalaklarning uchib chiqishigacha bo’lgan davr 38-42 kunni tashkil etdi. Zararkunandaning har bir avlodi oralig’ida (yuqorida qayd etilgan muddatlar yakunida) tutqich-moslamalar tekshiruvdan o’tkazib borildi. Tekshiruv natijalari jadvalda o’z aksini topgan.
2020-2021 yillarda olib borilgan tajriba natijalariga tayangan xolda, tavsiya qilinayotgan tutqich-moslama foydalanish uchun juda qulayligini, hamda olma mevasining eng ashaddiy zararkunandasi avlodlarining sonini kamaytirish orqali yuqori xo’jalik samaradorligiga erishilishini e’tirof etish mumkin. Shuningdek, ekologik toza, sifatli va eksport bop mahsulotlar etishtirishda ham qo’l keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |