II. Kadrlar siyosati sohasida va davlat fuqarolik xizmati tizimida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish
Davlat fuqarolik xizmatchilarining lavozimlarini vakolatlarga (siyosiy, ma’muriy va texnik) va ularning darajalariga (milliy, respublika, viloyat va tuman (shahar) qarab tasniflash asosida Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestrini tasdiqlash.
Kadrlarni markazlashtirilgan tarzda tanlov asosida saralab olish, davlat fuqarolik xizmatchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va uzluksiz malakasini oshirish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarining xizmat pog‘onalarida o‘sishini monitoring qilish va qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan Milliy kadrlar zahirasi tizimini shakllantirish va faoliyat yuritish tartibini belgilash.
Davlat organlari va tashkilotlari kadrlar bilan ishlash bo‘linmalarining nomlanishi, ularning tuzilmasi, shtatlari soni, vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlarini aniqlashga qo‘yiladigan unifikatsiyalashtirilgan talablarni belgilash.
Quyidagilarni:
«boshqaruv xodimlari» va «ishlab chiqarish xodimlari» tushunchalarini davlat fuqarolik xizmatchisi toifasiga o‘tkazish, shuningdek, idoraviy mansubligidan qat’i nazar yagona yondashuvni ta’minlash maqsadida davlat organlari va tashkilotlaridagi tarkibiy bo‘linmalar va lavozimlar nomini unifikatsiyalashtirishni nazarda tutuvchi Davlat fuqarolik xizmati lavozimlari klassifikatorining tuzilmasini (matristasini);
idoraviy mansubligidan qat’i nazar davlat fuqarolik xizmatchilarining egallab turgan lavozimi va malaka martabasi (darajasi) uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan ustamalarning aniq miqdorlarini hisobga olgan holda yagona bazaviy lavozim maoshlarini;
davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tomonidan byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan ishchilarning oylik mehnat haqi fondiga byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan belgilanishi mumkin bo‘lgan shaxsiy ustamalarning eng ko‘p miqdorini tasdiqlash.
Aholi soni, iqlim sharoitlari va boshqa tabaqalashtiruvchi omillarni hisobga olgan holda mehnatga haq to‘lash miqdorlarini belgilashga unifikatsiyalashtirilgan yondashuvlar asosida mehnatga haq to‘lash bo‘yicha viloyatlar va tumanlar guruhlarini qayta ko‘rib chiqish.
Davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatchilarining vakant lavozimlarini egallash uchun tanlovlar o‘tkazishning yagona tartibi va talablarini belgilash.
Davlat fuqarolik xizmatchilariga ularning mehnat staji, egallab turgan lavozimi, kasbiy sifatlari, alohida xizmatlari, murabbiylik sifatlari, shuningdek, malaka oshirish bo‘yicha imtihon natijalarini hisobga olgan holda malaka martabalari (darajalari)ni berish tartibini belgilash.
Uzoq muddatli o‘qitish kurslari hajmini maqbullashtirish va qisqa kurslarni keng joriy etishga e’tibor qaratishni nazarda tutgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi faoliyatini takomillashtirish.
Davlat xizmatini tashkil etishga qo‘yiladigan yangi talablarni inobat-ga olgan holda davlat maxsus xizmatini o‘tash masalalarini muvofiqlashtiruvchi qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlash.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining, shu jumladan xorijda malakasini oshirish, ularni imtihondan o‘tkazishni tashkil qilish tartibini belgilash.
O‘zbekiston Respublikasi ning «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yo‘li bilan davlat fuqarolik xizmatchisi sifatida ishlagan fuqarolarga pensiya imtiyozlarini belgilash.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini oshirish sohasida xizmat ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim muassasalarini litsenziyalash tartibini belgilash.
Davlat xizmatchilari tomonidan daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiyalashni bosqichma-bosqich joriy qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |