Davlat sektori tashkilotining boʻsh (boʻshayotgan) lavozimlar zahirasiga nomzodlar kamida toʻrt xil usul boʻyicha koʻrsatilishi mumkin: 1) xodimning bevosita rahbari tomonidan;
2) tashkilotning birinchi rahbari tomonidan;
3) yuqori turuvchi tashkilot (vazirlik, qoʻmita, agentlik va b.) tomonidan;
4) xodimning oʻzini oʻzi koʻrsatishi.
Kadrlar zahirasiga qabul qilish uchun nomzodlari e’lon qilingan davlat xizmatchilari tanlovning standartlashtirilgan tartibini amalga oshiradilar. Tanlovning maqsadi, xodimning intellektual qobiliyatlari va boshqaruv salohiyatini aniqlashdir.
Tanlov ikki bosqichda oʻtkazilishi kerak:
1) oldindan (xomaki) tanlov – davlat sektorida nomzodning kadrlar zahirasiga kirish talablariga rasmiy muvofiqligi oʻrganiladi.
2) asosiy tanlov – boshqaruv salohiyati (kasbiy va ishbilarmonlik fazilatlari)ni baholash har bir lavozim uchun tasdiqlangan yoʻriqnoma talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Masalan, quyidagi vakolatlarga baho berish:
– biznesni tushunish, ishlarni rejalashtirish va tashkil etish koʻnikmalari;
– axborotni tahlil qilish va asoslangan qarorlar qabul qilish qobiliyati;
– yetakchilik qobiliyati, munosabatlarni rivojlantirish qobiliyati;
– natijalar va javobgarlikka intilish qobiliyati;
– islohotlarni qabul qilish, oshkoralik ochiqlik va rivojlanishga intilish qobiliyati.
Tanlov mezonlari.Xodimni zahiradan yuqori lavozimga tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish tartibi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
– ushbu lavozimga bir nechta nomzodning mavjudligi;
– davlat sektorida nomzodlar malaka va intellektual imkoniyatlarining lavozim talablariga muvofiqligini baholash;
– kadrlar zahirasi nomzodlarining eng munosibini tanlash uchun nomzodlarning barcha yutuq va kamchiliklarini qiyosiy tahlillar asosida baholash va tegishli qaror qabul qilish.
Kadrlar zahirasini shakllantirish uchun, qoida tariqasida, lavozimga koʻtarilish qobiliyatiga ega boʻlgan davlat xizmatchilarini tanlash yetarli emas. Zahira bilan ishlashning eng muhim yoʻnalishlaridan biri bu lavozimga tayyorgarlikni tashkil etishdir. Ishlab chiqarishni boshqarish mexanizmining keyingi oʻzgarishi bilan zamonaviy menejerning kasbiy tayyorgarligiga talablar tabiiy ravishda oshib boradi.
Oliy ta’lim muassasasini bitirgan yuqori malakali kadrlar 3(6) yil mobaynida oʻz mutaxassisliklari boʻyicha asosiy tayyorgarlikdan oʻtgan hisoblanadilar. Bu tayyorgarlikka qoʻshimcha ravishda har qanday darajadagi rahbar muntazam ravishda boshqaruv faoliyati sohasida qoʻshimcha bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi kerak. Bunga kadrlar va rahbarlar malakasini oshirish kurslari va davlat boshqaruvi kadrlarini qayta tayyorlash orqali erishiladi.