nodavlat ta’lim tashkilotlari reyestri
(keyingi o‘rinlarda — Reyestr) — xalq ta’limi xodimlarining
malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlari to‘g‘risidagi
ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan elektron axborot tizimi.
2-bob. Uzluksiz kasbiy rivojlantirishning maqsadi va asosiy vazifalari
4. Uzluksiz kasbiy rivojlantirishning maqsadi — xodimlarning egallab turgan lavozimlari,
mutaxassisligi yoki dars beradigan fanlari bo‘yicha kasbiy va pedagogik mahorati doimiy ravishda
o‘sib borishini, ularning ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, shuningdek, o‘qitishning
interaktiv usullari bo‘yicha kasbiy bilimlari, malaka va ko‘nikmalari muntazam ravishda yangilab
borilishini ta’minlash hamda ularni davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va sohaga oid
qonunchilik bilan muntazam tanishtirib borishdan iborat.
5. Uzluksiz kasbiy rivojlantirishning asosiy vazifalari:
xodimlarning doimiy kasbiy rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etadigan ta’lim
muhitini yaratish;
mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini singdirish va xodimlarning qobiliyatini rivojlantirish
hamda yangi bilimlar berish orqali o‘z ustida mustaqil ishlash va kreativ fikrlash ko‘nikmalarini
rivojlantirish;
xodimlarning individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasi asosida kompetentlik darajasini
oshirish va kasbiy mahoratini takomillashtirish;
ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni
shakllantirish;
umumiy o‘rta ta’lim sifatini oshirishning asosiy manbai sifatida xodimlarning kasbiy
rivojlanishini, tashabbuskorligini, ilmiy tadqiqotlarga intilishini va ijodiy mahoratini rag‘batlantirish.
3-bob. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimining tuzilmasi
6. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimiga quyidagilar kiradi:
Xalq ta’limi vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik);
Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh
boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda — hududiy xalq ta’limi
boshqarmalari);
tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari;
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari;
A. Avloniy nomidagi Xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-
tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda — Institut);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta
tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari (keyingi o‘rinlarda — hududiy
markazlar);
pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari;
malaka oshirish faoliyati bilan shug‘ullanadigan nodavlat ta’lim tashkilotlari.
7. Vazirlik:
xalq ta’limi xodimlarini kasbiy rivojlantirish tizimi maqsad va vazifalarini amalga oshirishni
ta’minlaydi;
xalq ta’limi xodimlarining kasbiy mahoratini oshirishni tashkil etish tartibini belgilaydi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini Davlat budjetidan moliyalashtirish choralarini
ko‘radi;
navbatdagi kalendar yil uchun malaka oshirishning reja ko‘rsatkichlarini tasdiqlaydi hamda
ularning bajarilishini nazorat qiladi;
tizimdagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyati
bilan shug‘ullanuvchi Institut va hududiy markazlar faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining davlat ta’lim talablarini, malaka oshirish
kurslarining malaka talablarini, o‘quv rejasi va dasturlarini tasdiqlaydi;
tizimdagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malaka oshirish muassasalarining
moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlarini ko‘radi;
tizimdagi qayta tayyorlash va malaka oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim muassasalari
faoliyatini takomillashtirish mexanizmlarini, qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi mazmuni va
sifatiga qo‘yiladigan davlat ta’lim talablarini (keyingi o‘rinlarda — davlat ta’lim talablari), qayta
tayyorlash (malaka oshirish) kursi bitiruvchisining umumiy bilim va kasb tayyorgarligi darajasiga
qo‘yiladigan malaka talablarini, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi samaradorligini
aniqlaydigan dinamik ko‘rsatkichlarni belgilaydi.
8. Kasbiy malaka va bilimlar bo‘yicha tarmoq kengashi:
mehnat bozori monitoringi asosida xalq ta’limi xodimlarining bilim va malakalarga bo‘lgan
ehtiyojlari va tendensiyalarni aniqlaydi;
kasbiy standartlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtiradi.
9. Hududiy xalq ta’limi boshqarmalari (buyurtmachi):
tizimdagi ta’lim muassasalari xodimlarining malaka oshirishga o‘z vaqtida va to‘la jalb
qilinishini ta’minlaydi;
tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan navbatdagi kalendar yilda xodimlarni
kasbiy rivojlantirish bo‘yicha shakllantirilgan buyurtmalarni malaka oshirish yo‘nalishlari va
tashkilotlari bo‘yicha guruhlarga ajratgan holda umumlashtiradi;
xodimlarni kasbiy rivojlantirish bo‘yicha umumlashtirilgan buyurtmalarni Vazirlikka
taqdim etadi, shuningdek, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining elektron platforma bilan ishlash
faoliyatini muvofiqlashtiradi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining o‘quv rejasi, dasturi, o‘quv-metodik va
boshqa hujjatlarini tayyorlash, o‘quv kurslarining davomiyligi hamda ularni tashkil etish shakllari
bo‘yicha Vazirlikka takliflar kiritadi;
muayyan mutaxassislikka talab ortishi munosabati bilan ayrim pedagoglarning qayta
ixtisoslashuvi yuzasidan Vazirlikka takliflar kiritadi.
10. Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari:
xodimlarning malaka oshirish bo‘yicha ehtiyojlarini o‘rganadi;
navbatdagi kalendar yilda hududdagi xodimlarni kasbiy rivojlantirish bo‘yicha yo‘nalishlar
va ta’lim muassasalari bo‘yicha buyurtmalarni shakllantiradi va hududiy xalq ta’limi boshqarmasiga
taqdim etadi;
hududdagi ta’lim muassasalari xodimlarining malaka oshirishga o‘z vaqtida va to‘la jalb
qilinishini ta’minlaydi;
xodimlarning malaka oshirish bo‘yicha ehtiyojlarini o‘rgangan holda elektron platforma
orqali ularning individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasini tuzadi;
har bir xodimning uzluksiz kasbiy rivojlantirish bo‘yicha faoliyati natijalarini tasdiqlovchi
ma’lumotlar (qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qiganliklari haqidagi hujjatlar,
muqobil malaka oshirish natijalari bo‘yicha ma’lumotlar) aks etgan elektron shakldagi hujjatlar
majmuasi — elektron portfoliosini shakllantiradi va unga xodimning individual trayektoriyasi, kasbiy
rivojlanish natijalari va o‘zlashtirgan o‘quv dasturlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritadi;
xodimlarning tuman (shahar) miqyosidagi, shuningdek, maktab va maktabdan tashqari
ta’lim muassasalaridagi uzluksiz malaka oshirish tadbirlarini tashkil qiladi;
xodimlarning ishdan ajralmagan shakldagi malaka oshirish jarayonlari monitoringini olib
boradi.
11. Umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari:
pedagog kadrlarning mehnat faoliyatini tahlil qilish asosida ularning kasbiy rivojlanishga
bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlaydi;
pedagog kadrlarning kasbiy rivojlanishga bo‘lgan ehtiyojlari asosida ularga kasbiy
rivojlanishning turli shakllaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratadi;
pedagog kadrlarni kasbiy rivojlanish yo‘nalishlari va malaka oshirish tashkilotlari
to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishtiradi;
pedagog kadrning qachon, qayerda va qaysi yo‘nalishda malaka oshirishi, kasbiy
rivojlanishga bo‘lgan ehtiyoji haqidagi ma’lumotlarni tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga taqdim
etadi;
ta’lim muassasasida uzluksiz kasbiy rivojlantirish bo‘yicha turli tadbirlarni amalga oshiradi;
pedagog kadrning uzluksiz kasbiy rivojlanish natijalarini tahlil qiladi.
12. Institut hududiy markazlar uchun bosh ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda ularning
o‘quv, metodik va ilmiy faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Institut:
xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini ilmiy-
metodik jihatdan ta’minlaydi, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazadi, tadqiqot
natijalarini amaliyotga keng joriy etadi;
umumiy o‘rta ta’limning dolzarb muammolari yuzasidan tizimli asosda ilmiy-tadqiqot
dasturlari va loyihalarini amalga oshiradi, ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar,
yig‘ilishlar tashkil etadi;
doktorantura yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori malakali
kadrlarni tayyorlaydi, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirib boradi, xalq ta’limi
xodimlarini qayta tayyorlaydi, rahbar kadrlar va metodistlarning malakasini oshiradi;
umumiy o‘rta ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganadi va mamlakatimizda joriy etish
bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi, xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari
bilan xalqaro aloqalarni rivojlantiradi;
umumiy o‘rta ta’limni tashkil etishning yangi texnologiyalari, vositalari va shakllarini ishlab
chiqish, sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishda ishtirok etadi;
kelajak maktabi, uning rahbari va o‘qituvchisining modelini yaratish asosida xalq ta’limi
xodimlarining kasbiy standartlarini ishlab chiqadi va doimiy tarzda rivojlantirib boradi, ilmiy-
tadqiqot faoliyatining ta’lim jarayoni bilan aloqalarini mustahkamlaydi;
xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan nodavlat
ta’lim tashkilotlari uchun namunaviy o‘quv rejasi, dastur, o‘quv-metodik va boshqa hujjatlarni ishlab
chiqish, shuningdek, kurslarning o‘quv-uslubiy ta’minotini doimiy yangilab borishga ko‘maklashadi;
“Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformani yuritishni tashkil qiladi, malaka
oshirish tashkilotlari bilan birgalikda qayta tayyorlash hamda malaka oshirish kurslari o‘quv
modullari kontenti markazlashtirilgan tarzda ishlab chiqilishi va platformaga kiritilishini ta’minlaydi.
13. Hududiy markazlar:
tegishli hududlardagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagog va
mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan o‘quv
muassasasi hisoblanib, shu yo‘nalishdagi o‘quv, ilmiy hamda tashkiliy-metodik ishlarni amalga
oshiradi;
pedagogika, psixologiya, o‘quv fanlari va ularni o‘qitish metodikasining mamlakatimizdagi
va jahondagi eng yangi yutuqlarini muntazam ravishda o‘rganish hamda targ‘ib qilishni, shuningdek,
zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarning pedagoglar tomonidan chuqur o‘zlashtirilishini
ta’minlaydi;
pedagog va mutaxassis xodimlarning o‘z kasbiy malakalarini takomillashtirishga bo‘lgan
ehtiyojlarini to‘laroq qondirish maqsadida qayta tayyorlash va malaka oshirishning ilg‘or shakl va
usullarini joriy etadi;
hududdagi ta’lim muassasalari pedagog xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish bo‘yicha
buyurtmalar asosida navbatdagi kalendar yil uchun tegishli (kurslar, o‘quvlar, seminarlar,
konferensiyalar va boshqa) tadbirlar rejasini shakllantiradi;
pedagog va mutaxassis xodimlarni hamkorlikda o‘qitish uchun oliy va umumiy o‘rta ta’lim
muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari bilan shartnomalar tuzadi;
o‘quv rejasi va o‘quv dasturlari asosida ishchi o‘quv rejasini hamda ishchi o‘quv dasturlarini
ishlab chiqadi;
hududdagi ehtiyojdan kelib chiqqan holda alohida kurslarni tashkil etish uchun, belgilangan
tartibda tasdiqlatish sharti bilan, o‘quv rejasi va o‘quv dasturlarini ishlab chiqadi;
xalq ta’limi xodimlarini kasbiy rivojlantirish bo‘yicha tashkil qilingan tadbirlar natijalari
elektron platformaga kiritilishini ta’minlaydi;
hududiy markazda, oliy ta’lim muassasalari va nodavlat ta’lim tashkilotlarida tashkil
qilingan guruhlar haqida har oylik hisobotlarni shakllantiradi va Institutga taqdim etadi.
14. Pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari:
tegishli hududlardagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagog va
mutaxassis xodimlari malakasini oshirish ishlarini tashkil qiladi;
pedagogika, psixologiya, o‘quv fanlari va ularni o‘qitish metodikasining mamlakatimizdagi
va jahondagi eng yangi yutuqlari, shuningdek, zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarning
pedagoglar tomonidan chuqur o‘zlashtirilishini ta’minlaydi;
pedagog va mutaxassis xodimlarning o‘z kasbiy malakalarini takomillashtirishga bo‘lgan
ehtiyojlarini to‘laroq qondirish maqsadida malaka oshirishning ilg‘or shakl va usullarini joriy etadi;
hududdagi ta’lim muassasalari pedagog xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish bo‘yicha
buyurtmalar asosida malaka oshirish kurslarini shakllantiradi;
o‘quv rejasi va o‘quv dasturlari asosida ishchi o‘quv rejasini hamda ishchi o‘quv dasturlarini
ishlab chiqadi;
xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish natijalari elektron platformaga kiritilishini
ta’minlaydi;
tashkil qilingan guruhlar haqida har oylik hisobotlarni shakllantiradi va tegishli hududiy
markazga topshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |