IV. Huquq va majburiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
13. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi o‘ziga yuklangan funksiyalarni amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
statistika bo‘yicha yagona siyosatni olib borish sohasida faoliyatni muvofiqlashtirishni va funksional tartibga solishni amalga oshirish;
davlat statistika kuzatuvlari shakllarini, ularni berish tartibini tasdiqlash, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, davlat statistika kuzatuvlarini olib borish metodlarini belgilash hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining idoraviy statistika kuzatuvlari shakllarini kelishish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, boshqa yuridik shaxslardan (zarur hollarda — ularning vakolatxonalari va filiallaridan) davlat statistika hisobotini olish hamda undan statistika maqsadlarida foydalanish;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan xususiy tadbirkorlar faoliyatining davlat statistika kuzatuvlarini olib borish va olingan ma’lumotlardan statistika maqsadlarida foydalanish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, davlat tashkilotlaridan davlat statistika ishlarini olib borish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni (ularni ishlab chiqishning istalgan bosqichida), shuningdek ularga ilova qilinadigan tushuntirishlarni so‘rash va olish;
yuridik shaxslarni va xususiy tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlardan, shuningdek yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning registrlari va axborot bazalarini shakllantiruvchi va yurituvchi davlat organlari va ularning idoraviy tashkilotlaridan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini hamda iqtisodiy-statistik klassifikatorlarni yuritish va faollashtirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni olish;
davlat organlari, yuridik shaxslar, ularning vakolatxonalari va filiallarining, statistika ma’lumotlarini taqdim etuvchi xususiy tadbirkorlarning bajarishi majburiy bo‘lgan normativ hujjatlarni belgilangan tartibda qabul qilish;
davlat statistika kuzatuvlarining metodologiyasi va tashkil etilishi, shuningdek rasmiy statistika axborotlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha axborot-tushuntirish ishlarini amalga oshirish;
statistika axborotlari va statistika ma’lumotlaridan noto‘g‘ri foydalanish va ularni talqin qilish holatlarini ko‘rib chiqish hamda ular bo‘yicha tushuntirishlar berish;
barcha yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar tomonidan davlat statistikasi sohasidagi qonun hujjatlarining bajarilishini amaldagi qonunchilikka muvofiq nazorat qilish;
olinayotgan statistika ma’lumotlarining to‘liqligi, ishonchliligi va xolisonaligini ekspertizadan o‘tkazish;
davlat statistika ma’lumotlarida buzilishlar aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish va yig‘ma davlat statistika ma’lumotlariga tegishli tuzatishlar kiritish;
davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzayotgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq ma’muriy choralar ko‘rish;
davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga solinadigan ma’muriy jarimalardan tushumlar hisobiga Maxsus jamg‘armani shakllantirish va undan belgilangan tartibda foydalanish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tizimiga kiradigan tashkilotlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish to‘g‘risida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda takliflarni tayyorlash va kiritish, shuningdek ushbu tashkilotlar to‘g‘risidagi nizomlar (ustavlar)ni tasdiqlash, davlat statistika kuzatuvlarini olib borish uchun shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarni jalb etish;
xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha, tijorat asosida statistika, tahlil, axborot-hisoblash, noshirlik va soha mavzusi bo‘yicha boshqa ishlarni olib borish;
statistika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, ularni ishlab chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi ilmiy muassasalarini, respublika va boshqa chet el tashkilotlarini, shuningdek mamlakatimizning va chet el yetakchi mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etish;
xalqaro statistika va iqtisodiyot tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshirish, statistika masalalari bo‘yicha, shu jumladan xalqaro seminarlar va kengashlarni o‘tkazish va ularning ishida qatnashish.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘ladi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 26-iyundagi 183-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 26-27-son, 293-modda)
14. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi statistika sohasidagi yagona siyosatning samarali amalga oshirilishi uchun javob beradi.
15. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi xodimlari “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarini buzganlik uchun, shuningdek statistika ma’lumotlarini yashirganlik va buzib ko‘rsatganlik uchun, yoxud mazkur qonun buzilishlariga ko‘maklashganlik uchun qonunga muvofiq ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |