IV. Mehribonlik uyining tarbiyalanuvchilari
20. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining ta’limi, tarbiyasi va ta’minoti to‘liq davlat ta’minoti asosida amalga oshiriladi.
21. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilishining o‘rtacha sutkalik maqbul me’yorlariga muvofiq oziq-ovqat, shuningdek ushbu Nizomga ilovaga muvofiq norma bo‘yicha kiyim-bosh, poyabzal, yumshoq jihozlar bilan ta’minlanadilar.
22. Mehribonlik uyi ma’muriyati tarbiyalanuvchilar ushbu Mehribonlik uyida bo‘lishining birinchi yili mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, ota-onasining qarovisiz qolgan, uy-joy maydoniga ehtiyojmand bo‘lgan tarbiyalanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.
23. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mehribonlik uylarining ehtiyojmand tarbiyalanuvchilarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlashlari kerak.
24. Mehribonlik uyi ma’muriyati tarbiyalanuvchilarning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalariga kirishiga yordam beradi.
25. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan taqdirda Mehribonlik uyi ma’muriyati tarbiyalanuvchiga vasiylik qilishni bundan keyin mazkur ta’lim muassasasiga berish uchun tarbiyalanuvchi o‘qishga kirgan ta’lim muassasasi joylashgan joy bo‘yicha vasiylik va homiylik organini xabardor qiladi.
26. Tarbiyalanuvchilar Mehribonlik uyi ma’muriyati bilan kelishuv asosida, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini tamomlagunga qadar, agar mazkur ta’lim muassasasida yotoqxona bo‘lmasa hamda mazkur ta’lim muassasasi va Mehribonlik uyi bitta aholi punktida joylashgan bo‘lsa, Mehribonlik uyida yashash huquqiga egadirlar.
27. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining dam olish yoki bayram kunlarida, ta’til vaqtida Mehribonlik uyiga keladigan tarbiyalanuvchilari – o‘quvchilari, ma’muriyat bilan kelishuv asosida, yashash uchun qabul qilinadilar.
28. Tarbiyalanuvchilar qonun hujjatlariga, axloqiy va odob-axloq normalariga, Mehribonlik uyining ichki tartib-qoidalariga rioya qilishga; bilimlarni, amaliy ko‘nikmalarni, kasb mahoratini muntazam va puxta egallashga, o‘zlarining umumiy va madaniy saviyasini oshirib borishga majbur.
29. Mehribonlik uyidan chiqarishda tarbiyalanuvchilarga quyidagi hujjatlar beriladi:
a) tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, 16 yoshga to‘lganlarga esa pasport ham;
b) Mehribonlik uyida bo‘lganlik haqida ma’lumotnoma;
v) sog‘lig‘i haqida ma’lumotnoma (tibbiy hujjatlar);
g) ma’lumoti to‘g‘risida hujjat (maktab yoshidagi bolalar uchun);
d) ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari haqidagi ma’lumotlar.
Bolaning mol-mulkka, pul mablag‘lariga, turar joyga (o‘zi yoki ota-onasiga qarashli bo‘lgan) egalik qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, pensiya va omonat daftarchalari, alimentlar undirish to‘g‘risidagi ijro varaqasi va shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildidagi boshqa hujjatlar ham beriladi.
30. Tarbiyalanuvchilarning bitirishi to‘g‘risidagi qaror kollegial organ — Mehribonlik uyi Kengashi tomonidan qabul qilinadi va Mehribonlik uyi tasarrufida bo‘lgan xalq ta’limi tegishli organi tomonidan tasdiqlanadi.
31. Tarbiyalanuvchilarning ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bundan keyin tarbiyalash uchun qaytarilishi ushbu Nizomning 29-bandiga muvofiq amalga oshiriladi. Bolaning yoshidan, yil vaqtidan va qaytish holatlaridan qat’i nazar, bola yashaydigan joy bo‘yicha vasiylik va homiylik organining xulosasiga muvofiq chiqarilgan hokimning qarori tarbiyalanuvchining qaytishi uchun asos hisoblanadi.
32. Mehribonlik uyi direktori tarbiyalanuvchilarni qabul qilish va ularni Mehribonlik uyidan chiqarish uchun ushbu Nizom talablariga muvofiq shaxsan javob beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |