O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 17-oktabr,
230-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 17-oktabrdagi 230-son qaroriga
ILOVA
Mehribonlik uyi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Mehribonlik uylarini tashkil etish va ularning faoliyati, shuningdek ularda ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Mehribonlik uyi yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun davlat tarbiya muassasasidir.
3. Mehribonlik uyi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek o‘z ustaviga amal qiladi.
4. Quyidagilar Mehribonlik uyining asosiy vazifalari hisoblanadi:
yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalarni (keyingi o‘rinlarda “tarbiyalanuvchilar” deb ataladi) tarbiyalash, kamol toptirish va qo‘llab-quvvatlash;
tarbiyalanuvchilarni to‘liq ruhiy sog‘lomlashtirishga, ijtimoiy moslashtirishga va jamiyatga uyg‘unlashtirishga ko‘maklashadigan, ularning sifatli ta’lim va tarbiya olishi, shuningdek ularning ijodiy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish uchun uy sharoitiga eng ko‘p darajada yaqinlashtirilgan muhitni yaratish;
tarbiyalanuvchilarning qonuniy huquq va manfaatlari ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishini ta’minlash;
tarbiyalanuvchilarning hayoti va sog‘lig‘i, psixologik va jismoniy rivojlanishi himoya qilinishini ta’minlash.
II. Mehribonlik uyini tashkil etish tartibi
5. Mehribonlik uyi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda, belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tashkil etiladi.
6. Mehribonlik uyi muassasa shaklida tashkil etiladi va tegishli tuman (shahar) hokimligida yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
7. Mehribonlik uyi ustavi xalq ta’limining tegishli organi tomonidan tasdiqlanadi.
Mehribonlik uyining namunaviy ustavi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
8. Mehribonlik uylari quyidagi tiplarga bo‘linadi:
a) maktabgacha Mehribonlik uyi (3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun);
b) Mehribonlik uyi (maktabgacha va maktab yoshidagi yoki faqat maktab yoshidagi bolalar uchun);
v) maxsus korreksion Mehribonlik uyi (jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun).
Mehribonlik uyi tipi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
9. Mehribonlik uylari faoliyatini muvofiqlashtirish xalq ta’limining tegishli organlari tomonidan amalga oshiriladi.
10. Mehribonlik uyi bank hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan muhrga, o‘z nomi yozilgan shtamp va blankalarga ega bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |