VI. Ijtimoiy-psixologik pedagogik ko‘maklashishni tashkil etish
45. Tarbiyalanuvchilar, pedagoglar, tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosadigan shaxslarga ijtimoiy, psixologik-pedagogik yordam berish maqsadida Mehribonlik uyida ijtimoiy-psixologik va pedagogik ko‘maklashish xizmati (keyingi o‘rinlarda “xizmat” deb ataladi) tashkil etiladi.
Xizmat mutaxassislar — Mehribonlik uyi xodimlari: ijtimoiy xodim, psixolog, vrach, defektolog, katta vojatiy, kutubxonachidan iborat bo‘ladi. Xizmatga maxsus xodim — ijtimoiy muhofaza bo‘yicha direktor o‘rinbosari boshchilik qiladi.
46. Xizmat xodimlari:
tarbiyalanuvchilarning huquq va manfaatlarini va ularning mol-mulkini himoya qiladilar;
tarbiyalanuvchilar bilan diagnostik, psixologik-profilaktik, korreksion, maslahat berish va reabilitatsiya ishlarini olib boradilar;
Mehribonlik uyining tarbiyalanuvchilari, pedagoglari, ma’muriyati va boshqa xodimlari bilan psixologik-profilaktik maslahat berish, ta’lim (seminarlar, treninglar) ishlarini olib boradilar;
tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan maslahat berish va reabilitatsiya ishlarini olib boradilar.
47. Xizmatning xodimlari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib boradilar:
a) tarbiyalanuvchilarning ijtimoiy huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida:
tarbiyalanuvchining shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildini o‘rganish va uning ijtimoiy maqomi barqarorligini aniqlash;
tarbiyalanuvchilarning mulkiy va nomulkiy huquqlari himoya qilinishini ta’minlash;
da’vo bo‘yicha ish olib borish va yetishmayotgan hujjatlarni to‘plash;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tarbiyalanuvchilar va ularning mol-mulkiga nisbatan qonun buzilishiga yo‘l qo‘yayotgan shaxslar javobgarlikka tortilishiga ko‘maklashish;
ota-onalarni aniqlash va ular bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish;
tarbiyalanuvchilarning manfaatlarini ko‘zlab sud majlislarida qatnashish;
ijtimoiy bilimlar, o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha tarbiyalanuvchilar orasida ta’lim-tarbiya ishlarini tashkil etish.
b) bolaning Mehribonlik uyida yashashga moslashish uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlarini aniqlash va rivojlantirish, tarbiyalanuvchilarning xulq-atvoridagi chekinishlar profilaktikasi sohasida:
ijtimoiy rivojlanish va (yoki) reabilitatsiyani tuzatishga ehtiyojmand bo‘lgan tarbiyalanuvchilar toifasini aniqlash;
kamol topishning tibbiy-ijtimoiy va psixologik-pedagogik muammolari tashxisi;
tarbiyalanuvchini kamol toptirish va reabilitatsiya qilishning shaxsiy dasturini tuzish;
shaxsning kamol topishi va uning jamiyatga reabilitatsiyasining ijtimoiy-pedagogik shart-sharoitlari yaratilishiga ko‘maklashish (pedagog xodimlar, tengdoshlar guruhlari, do‘stlar bilan ish olib borish);
tarbiyalanuvchilarni kasbga yo‘llash;
tarbiyalanuvchilarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;
tarbiyalanuvchilarda o‘z taqdiri uchun mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirish.
v) tarbiyalanuvchilarni joylashtirishning muqobil shakllari sohasida:
tarbiyalanuvchini mustaqil hayotga tayyorlash;
ota-onalarni yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni tarbiyalanuvchini oilaga qabul qilishga tayyorlash;
tarbiyalanuvchini o‘z oilasiga qaytarishga tayyorlash va qaytarish;
tarbiyalanuvchini farzandlikka olgan oilada yashashga tayyorlash.
48. Tarbiyalanuvchi Mehribonlik uyi hayotiga to‘laqonli kirishib ketishini va keyinchalik uning jamiyatga ijtimoiy moslashishini ta’minlash uchun ijtimoiy xodim, psixolog, pedagog-tarbiyachi va vrach tomonidan birgalikda tarbiyalanuvchi bilan shaxsiy korreksion-tarbiya ishlarini olib borish dasturi ishlab chiqiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |