4-bob. Jamg‘arma faoliyatini boshqarish 14. Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash uchun Jamg‘armani boshqarish Kengashi (keyingi o‘rinlarda — Kengash) tashkil etiladi.
Kengash Agentlik, hududiy boshqarmalar va davlat arxivlarining 21 — 23 nafar rahbar va mas’ul xodimlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi. Kengashning shaxsiy tarkibi, qoidaga ko‘ra, bir yilda bir marta Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.
Kengash a’zolari Kengash tarkibida o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
Kengash ishtirok etishning ixtiyoriyligi va Kengash vakolatiga tegishli masalalarni hal etishda uning barcha a’zolarining teng huquqliligi tamoyillari asosida shakllantiriladi.
Kengash, qoidaga ko‘ra, Kengash raisi, rais o‘rinbosari, kotib va a’zolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Agentlik direktori lavozimiga ko‘ra Kengash raisi hisoblanadi.
15. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
hisobot yili yakuni bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘larining daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish.
16. Kengash a’zolarining vazifalari quyidagilardan iborat:
Kengash majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda ishtirok etish;
arxiv ishi va ish yuritish tizimini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha Kengashga takliflar kiritish;
Kengash tomonidan ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha ovoz berish.
Kengash a’zolari majlisda shaxsan qatnashadi. Qatnashishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, Kengash a’zosi majlisning kun tartibi bo‘yicha o‘z fikrini yozma ravishda taqdim etishga haqlidir.
17. Kengash raisi:
Kengash majlisi kun tartibini belgilaydi va uni chaqiradi;
Kengash qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Kengash a’zolariga yuklangan vazifalar bajarilishi yuzasidan ularning ishini muvofiqlashtiradi;
Kengashning samarali ishlashini ta’minlash uchun boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
18. Kengash kotibi:
Kengash majlisiga barcha zarur hujjatlarning o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;
majlisni o‘tkazish muddatlari va joyini Kengash raisi bilan kelishadi;
kun tartibi masalalari bo‘yicha Kengash majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;
Kengash a’zolari va taklif etilgan shaxslarni majlisning sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi loyihasidan xabardor qiladi;
Kengash qarorlari bajarilishi monitoringini yuritadi;
Kengash bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kengash a’zolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
Kengash kotibi Kengash a’zosi hisoblanadi.
19. Kengash o‘z majlislarini zaruratga ko‘ra, biroq har chorakda kamida bir marta o‘tkazadi.
20. Kengash majlisini Kengash raisi, u bo‘lmagan taqdirda esa — Kengash raisi o‘rinbosari olib boradi.
21. Kengash majlisi unda Kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda, o‘tkazilgan hisoblanadi.
22. Majlisni o‘tkazish uchun kvorum yoxud rais yoki uning o‘rinbosari bo‘lmaganda, Kengash majlisini o‘tkazishning yangi sanasi e’lon qilinadi.
23. Kengash majlisida ko‘rib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga ko‘ra davlat organlari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislari, davlat arxivlarining xodimlari taklif etilishi mumkin.
24. Kengash qarori Kengashning majlisda qatnashgan a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlarining yillik moliyaviy rejasini, shuningdek, Kengash mablag‘laridan foydalanilishini tasdiqlash masalalari bo‘yicha qaror Kengashning majlisda qatnashgan a’zolari uchdan ikki qismining ovozi bilan qabul qilinadi.
Kengash qarorlari Kengash majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisining bayonnomasi Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi hamda direktor buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.
25. Agentlikning buxgalteriya bo‘limi Jamg‘armaning ishchi organi hisoblanadi.
Jamg‘arma hisobidan uning faoliyatini yuritish uchun ikki nafar bosh mutaxassis lavozimi shtat birligini saqlashga ruxsat etiladi.
26. Ishchi organ:
Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlarining yillik moliyaviy rejasini ishlab chiqadi;
daromadlar va xarajatlar smetalarini tayyorlaydi, shuningdek, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritadi;
Jamg‘arma tushumlarini ko‘paytirish va uning mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
hududiy boshqarma boshliqlari va O‘zbekiston milliy arxivlari, Arxiv ishi va ish yuritish markazi rahbarlarining Jamg‘armadan mablag‘ ajratishga oid murojaatlarini umumlashtiradi va Kengashga ko‘rib chiqish uchun materiallar tayyorlaydi;
Jamg‘armaning tushumlar manbalari bo‘yicha daromadlari hamda asosiy xarajatlari yo‘nalishlari bo‘yicha hisobini yuritadi;
har chorak yakuni bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risida hisobot tayyorlaydi hamda Kengashga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etadi.
27. Jamg‘arma mablag‘larining hisobi va hisobotini yuritish hamda joriy xizmat ko‘rsatish ishlari Agentlikning buxgalteriya bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.