Anaksimandr (mil. avv. 610-547 yil.) borliqning cheksiz fazoda paydo bo`lganligini va uning asosi harakatlanuvchi nomuayyan modda apeyrondan tashkil topganligini ko`rsatib o`tadi. Uningcha, cheksiz fazoda bizning yerimizga o`xshash dunyolar ko`p. Anaksimandr ilgari surgan materialistik fikrlardan yana biri - barcha jonivorlarning namlikdan paydo bo`lganligi va odamlarning ham Hayvonot olami evolyutsiyasi natijasida paydo bo`lganligi to`g`risidagi fikrlaridir.
Milet maktabining yana bir vakili Anaksimen (mil. avv. 585-528) bizni qurshab turgan dunyodagi barcha narsalar havoning siyraklanishi (olov paydo bo`ladi) va zichligi (shamol, bulut, tuman. suv, yer va boshqa jismlar) natijasida paydo bo`lganligi to`g`risidagi tasavvurlarni ilgari suradi. Yer havoda turadi, u bugun mavjudotga singib boradi. Butun olam havoning quyuqlashuvidan paydo bo`lgan.
Milet maktabi namoyondalari ruhiy hodisalarni ham materiyaning ko`rinishlaridan biri deb hisoblaydilar. Shu sababli Fales hatto magnitning joni borligini isbotlashga o`rinadi. U o`zining bu fikrini magnitning temir buyumlari tortib olishi orqali isbotlamoqchi bo`ladi.
Efes falsafa maktabi asoschisi Geraklit (mil. avv. 544-475 yilpar)ning fikricha, olamdagi barcha narsalar olovdan paydo bo`lgan va yana qaytadan olovga aylanadi. Dunyodagi barcha narsalar doimiy harakatda, qotib qolgan narsalar yo`q. Dunyodagi barcha o`zgarishlar kuch va harakatning bir-biriga qarama-qarshi bo`lganligi natijasidir. Uning fikricha, olamdagi barcha narsa va hodisalar qarama-qarshiliklardan iborat. Qarama-qashiliklar o`zaro o`rin almashib turadi, hamma narsa o`zgarishda, o`zgarmaydigan narsa yo`q. "Bir daryoning suviga ikki marta tushib bo`lmaydi, chunki undan doimo yangi-yangi suvlar oqib turadi",-deb yozadi.
Albatta arxaika davri falsafiy ta‘limotlarining vujudga kelishida diniy ta‘limotlarning ta‘siri ham muhim bo`lgan. Ioniya falsafa maktablarning vakillari qadimgi yunonlarning xudolari to`g`risidagi tasavvurlaridan, ya‘ni har bir xudoning tabiat hodisalari va narsalariga hukmronlik qilishidan kelib chiqqan holda olamning vujudga kelishida xudolarning ishtirok etganligini tan oladilar. Masalan, Fales ,,tabiatdagi hamma narsalarda xudolarning ishtiroki bor", deb ta‘kidlaydi.
Mil. avv. VI asrga kelib qadimgi Yunonistonda materialistik falsafa bilan bir qatorda idealistik falsafa, yani barcha narsa va hodisalarning aosini ideya (g`oya)lar tashkil etishini isbotlashga uringan falsafiy oqimlar ham mavjud edi. Masalan, yunon matematika fani asoschisi Pifagor inson tafakkuri hosilasi hisoblangan son (g`oya)larni barcha narsalarning asosi deb hisoblaydi. Uningcha, tashqi dunyo sonlar dunyosiga asoslanadi.
Eley (Kichik Osiyodagi shahar) falsafa maktabi vakillaridan Parmenid borliqni birlamchi deb ta‘kidlasa-da, u moddiy emas, deb tushuntiradi. U olamni xarakatsiz, shar shaklida tasavvur qiladi. ,,Haqiqat ta‘limoti" va ,,Fikr ta‘limoti" to`g`risidagi falsafiy fikrlar Parmenid falsafasining asosini tashkil etadi. Uningcha, ,,Haqiqat talimoti" hisoblangan haqiqiy borliq yagona, abadiy, harakatsiz, bo`linmas bo`lib, ,,Fikr talimoti" natijasida paydo bo`ladi va undan o`tib turadi, ,,Fikr ta‘limoti" gina harakatlanadi, qismlarga bo`linadi, bir-biridan ajralgan qismlardan iboratdir. Parmenid o`zining bu fikrlari bilan insonning o`z his-tuyg`ulari va aqli orqali ish yuritishga alohida e‘tibor beradi.
Umuman olganda, arxaika davri falsafiy tafakkuri keyingi davr yunon falsafasi, ayniqsa, Demokrit, Platon, Aristotel, Epikurlarning falsafiy ta‘limotlariga kuchli ta‘sir ko`rsatgan. Xulosa qilib aytganda, arxaika davri ijodkorlarining dunyoqarashi ruhiy holatlari, his-tuyg`ulari va kechinmalarini, hatto, ijtimoiy hayot voqealarini aks ettiruvchi falsafiy tafakkur, san‘at va adabiyotning yangidan-yangi yo`nalishlarining shakllanishiga to`rtki beradi. Birgina diniy dunyoqarashning sistemalashuvi o`ziga xos ilmiy dunyoqarash - materalistik dunyoqarashning paydo bo`lishiga olib keldi. Bu esa o`z navbatida qadimgi yunon fani asoslarining shakllanishi va taraqqiy etishiga kuchli turtki berdi.
GREK DEMOKRATIYASI YOKI KLASSIK DAVR MADANIYATI
Miloddan avvaligi V asr Yunonistonning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan eng yuksak taraqqiyot bosqichiga ko`tarilgan davri hisoblanadi. Bu davr haqiqatdan ham yunon elining ,,oltin asri" deb atashga arziydigan davridir. Miloddan avvalgi V asrga kelib aristokratlar va demokratlar o`rtasidagi siyosiy kurash avj oladi. Bu kurashda Perikl boshliq demokratlar g`alaba qilishadi. Perikl davrida Anaksagor, So`qrot (Sokrat) Demokrit kabi buyuk faylasuflar, „Tarix fanining otasi" Gerodot hamda Sofokl, Esxil, Evripid kabi buyuk tragiklar, mashhur haykaltarosh Fidiy va boshqalar yashab ijod etganlar.
Perikl davrida birinchi marta davlat lavozimlariga maosh to`lash joriy qilinadi. Maxsus teatr puli joriy qilingan, yani teatrga borgan kun uchun ham haq to`langan. Chunki, teatr Afinaning ongli fuqarosini tarbiyalashning asosiy vositasi hisoblangan.
Notiqlik san‘ati keng quloch yoygan. Natijada sud notiqligi, harbiy notiqlik va siyosiy notiqlik yuksak darajaga ko`tarilgan. Bundan tashqari, notiqlik sanatining rivoji adabiy tilning shakllanishi hamda notiqlik nazariyasi hisoblangan „Ritorika" ilmining taraqqiy etishiga to`rtki bergan.
Perikl zamonasida ilmiy-falsafiy ta‘limotlar yuqori taraqqiyot darajasiga ko`tarilgan. Ilmiy tafakkur egalari o`z asarlarida tabiat hodisalari va ijtimoiy taraqqiyot qonuniyatlarini ochib bergan. Ularni ilmiy jihatdan izohlashga intiladilar.
Klassik davr falsafasiiing asosiy hususiyatlaridan biri-pantezm, ya‘ni ilohiy kuchlarni, koinot hodislaridan axtarib ko`rish, insonni eng aqlli va qudratli kuchga ega bo`lgan mavjudot sifatida tan olish, uning kelajagiga umid bilan qarashdan iboratdir.
Bu davr falsafasining ko`zga ko`ringan vakillaridan biri,, Periklning ustozi Anaksagor (mil. avv. 500-428 yillar) bo`lgan. V ob‘ektiv borliqni bitmas-tuganmas zarralardan tarkib topgan, u abadiy mavjud deb hisoblaydi. Barcha jismlar mayda zarralar-dan: havo eng mayda havo zarrachalaridan, daraxt-eng mayda yog`och zarrachalaridan, go`sht-eng mayda go`sht zarrachalaridan to`g`ilgan, deb ta‘kidlaydi. Shuningdek, barcha narsalarning kelib chiqishini qudartli kuch-,,olamiy aql" bilan bog`lab ko`rsatadi. Uningcha, Quyosh va Oy ilohiy kuchlar emas, balki abadiy porlab, yonib turadigan jismlardir.
Ibtidoiy materializmning asoschisi hisoblangan Demokrit (mil. avv. 460-370 yillar) butun koinot, shu jumladan yerimiz ham undagi barcha narsalar, odamlar, hayvonlar va o`simliklar ham modda| jihatidan bir hil, lekin shakl va hajm jihatidan turli xil bo`lgan eng mayda zarrachalar-atomlardan iboratdir, deb ta‘kidlaydi. Uningcha, atomlar abadiy va o`zgarmasdir. Koinot behisob atomlardan tashqari bepoyon bo`shlikdan ham iboratdir. Atomlar ana shu bo`shliqda abadiy harakat qiladilar. Butun borlik, biznish fikr, sezgi va hislarimiz ham ana shu atomlarning harakati natijasida paydo bo`ladi. Hech narsa yo`qlikdan paydo bo`lmaydi va hech narsa izsiz yo`qolmaydi, tabiatdagi barcha o`zgarishlar atomlarning bir holatdan ikkinchi bir holatga o`tishi oqibatidir, bo`shliqdagi atomlarning harakati ob‘ektiv zaruriyat qonuni asosida ro`y beradi, hech qanday tasodifiy hodisa bo`lmaydi. Uningcha, har qanday inson fikr yuritish orqali o`zini qurshab turgan olamni bilishi va haqiqatga erishishi mumkin.
So`qrot (Sokrat)-(mil. avv. 471-399 yillar) o`zining butun umri davomida birorta ham asarlar yozmagan bo`lsa-da uning falsafasi shogirdlari asarlari, shuningdek xalq donishmandligi orqali keyingi avlodlarga yetib kelgan.So`qrotning fikricha, haqiqatni bilishning birdan bir yo`li muayyan metod-yo`ldan foydalanishdir. Uningcha, bu metod insonning o`z-o`zini bilishdan iboratdir. Shuning uchun ham u doimo „men hech nimani bilmasligimni bilaman" deb ta‘kidpagan. Uningcha, bilim eng avvalo insonning o`zini sinchiklab o`rganishdan boshlanadi. Inson o`z ruhiy holatini chuqur tahlil qilgandan so`nggina, o`zi yasha-yotgan hayotning turli-tuman muammolarini hal qila oladi, ya‘ni mutlaq haqiqatni tushunib yetadi. Haqiqat esa bahs-munozara orqali aniqlanadi.
So’qrotning kuzga kuringan shogirdlaridan biri Platon (mil avv. 427-347 yillar) antik davr ob‘ektiv idealizmining asoschisi hisoblanadi. U Afina shahrida Platon akademiyasi nomi bilan mashhur bo`lgan falsafa maktabiga asos soladi. U insonni o`rab turgan narsalarni abadiy o`zgarmas olamiy ruhlardan to`g`ilgan, deb hisoblaydi. Uningcha, olam ikkiga „ruhlar" va „soyalar" dunyosiga bo`linadi. ,,Soyalar dunyosi" o`tkinchi, ya‘ni vaqtincha dunyo bo`lib, ,,ruhlar dunyosi"ning soyasidir, ya‘ni aksidir. „Ruhlar dunyosi" makon va vaqtga bog`lik emas. U abadiy harakatsiz va o`zgarmasdir. Inson yashayotgan dunyo o`tkinchi va aldamchi dunyo bo`lib, undagi barcha narsa va hodisalar „ruhlar dunyosi" dagi narsa va hodisalarning soyasidir. Masalan, „ruhlar dunyosida"gi turli narsalar, predmetlar va hodisalar aslida ideya shaklida mavjud bo`lib, ,,soyalar dunyosi"dagi narsalar, predmet va hodisalarda gavdalanadi.
Shuningdek, Platon moddiy dunyo va undagi narsa va hodisalarni hissiy bilishning birdan-bir manbai deb hisoblaydi. Lekin hissiy bilish orqali kishilar real narsalarni bila olmaydilar, chunki u orqali haqiqat - ruhni emas, balki noreal narsalar - moddiy predmetlarni sezadilar, ular to`g`risidagi noto`g`ri, yolg`onchi tasavvurlarga ega bo`ladilar. Platon ham ,,dialektika"ni (bahs yuritish)ni bilishning birdan-bir yo`li-metodi deb hisoblaydi.
Platonning davlat va siyosat to`g`risidagi tushunchalari asosida ,,uch tabaqa" nazariyasi yotadi. Uningcha, birincha tabaqaga faylasuflar kiradi va ularning asosiy vazifasi davlatni boshqarishdir. Ikkinchi tabaqaga harbiylar kiradi. Ularning asosiy vazifasi davlat va uni boshqaruvchi faylasuflarni qo`riqlashdan iboratdir. Uchinchi tabaqaga dehqonlar va kosiblar kiradi. Ularning asosiy vazifasi davlatni boshkaruvchi faylasuflar, hamda ularni qo`riqlayotgan harbiylarni boqishdir. Platon qo`llarni hatto odamlar qatoriga kiritmaydi ham. Platon davlatni boshqarishning uch usuli: a) Monarxiya (bir kishi tomonidan boshqarish); b). Aristokratiya (oliy tabaqa-ozchilik tomonidan boshkarish); v) Demokratiya (ko`pchilik-xalq hokimiyati) kabilarni ko`rsatib o`tadi.
Ulug` faylasuf Aristotel (mil. avv. 334-322 yillar) falsafiy masalalarni hal etishda materializm va idealizm o`rtasida ikkilanadi. U o`zining falsafiy qarashlarini ilgari surarkan, o`z ustozi Platonga qarshi boradi, ya‘ni Platon falsafasini rad etadi. Masalan, Platonning ,,Ruhlar" nazariyasini rad etib, moddiy dunyoning haqiqiy dunyo ekanligini, uning hamisha mavjudligi va ob‘ektiv harakterga egaligini, Platon ,,ruhi"ga muhtoj emasligini ta‘kidlab o`tadi.
Aristotel olam besh element - suv, olov, tuproq, havo va ilohiy efirdan iboratligini ko`rsatib, osmon va yulduzlarni ,,ilohiy efir" deb ta‘kidlaydi. Uningcha, moddiy dunyo ob‘ektivdir. Undagi barcha narsalar bir-biriga to`xtovsiz o`tib turadi va ularning asosida faqat materiya yotadi. Tabiat doim harakatda. Moddiy dunyo hamisha mavjud bo`lgan va mavjudligicha qoladi. Moddiy dunyo inson bilimlarining asosiy manbaidir. Inson o`z sezgilari orqali uni his qiladi va uning mavjudligini anglab yetadi.
Aristotel o`zining davlat to`g`risidagi fikrlarini ilgari surib, uning monarxiya (bir shaxs idora qiluvchi); aristokratiya (ozgina shaxslar idora kiluvchi) va demokratiya ( xalqning idora qilishi)ga asoslanuvchi davlat tuzumlarining mavjudligini ko`rsatib o`tadi. Shuningdek u, har qanday davlat tili zararli aynigan davlat tipiga ham aylanishi mumkin. Chunonchi, monarxiya aynib tiraniyaga, ya‘ni bir shaxsning nazoratsiz hukmronligiga aristokratiya aynib oligarxiyaga, ya‘ni barcha noz-ne‘matlarni o`ziniki qilib olgan shaxslar hukmronligiga aylanib ketishi mumkin. Demokratiya aynib oxlokratiyaga, ya‘ni olomon- qora xalqning tartibsiz hukmronligiga aylanib ketishi mumkin.
V asrning ikkinchi yarmiga kelib, Elladada ijtimoiy hodisalarni o`rganishni o`z oldiga asosiy maqsad qilib qo`ygan ilmiy-falsafiy oqim paydo bo`ldi. Bu oqim vakillari o`zlarining ,,sofistlar", („sofist"dastlab,,donishmand", ,,bilimdon", „olim"| kabi ma‘nolarni anglatgan, so`ngra bu ibora falsafa muallimlariga nisbatan laqab sifatida ishlatilgan) deb ataganlar. Sofistlar o`z davrining bilimdon kishilari bo`lib, o`z zamondoshlarining zehnini boyitish va ilmli-ma‘rifatli) bo`lishlarida katta rol o`ynaganlar. Ular yoshlarga nafaqat astronomiya, geometriya, musiqa, mantiq, falsafa kabi fanlardan ilm berganlar, balki insoniy hayot muammolaridan, davlatning vujudga kelishi va tuzilishi, siyosiy hayotni tashkil etish ) masalalaridan ham saboq berganlar.
Sofistlar nafaqat falsafa ilmida faoliyat ko`rsatadilar, balki fanning turli sohalarida ham ijod qiladilar. Masalan, ilmiy meditsinaning asoschisi Gippokrat (mil. avv. 460-375 yillar) muolaja san‘ati masalasini yorituvchi asarlar ham yaratadi. VI meditsina sohasini mustaqil fan sohasiga aylantiradi. Gippokratning fikriga ko`ra, vrach kasallikni emas, balki bemorni davolashi kerak. U tashqi muhit - iqlim, tuproq, suv, kishilarning yashash sharoitlari, mamlakat qonunlari va boshqa omillarning inson jismoniy va ruhiy holatlarining shakllanishiga ta‘sir ko`rsatishini asoslab beradi.
Gippokrat kasalliklar etnologiyasi (kasallikning kelib chikish sabablari) va uni aniqlash (diagnostikasi)ni hamda kasallikni davolash tamoyillarini ishlab chiqadi. Shuningdek, vrach hulq-atvori qoidasi ( ,,qasamyodi") matnini amalga kiritadi.
Qadimgi yunon teatri va dramaturgiyasining paydo bo`lishida diniy bayramlar, turli xil marosimlar va rasm-rusmlar muhim rol o`ynagan. Yunon dramaturgiyasining barcha turlari - tragediya, komediya hamda satirlar dramasi ana shu diniy bayramlar, rasm-rusmlar va ayniqsa, Dionis (bosh xudo Zevsning o`g`li)ga bag`ishlangan marosimlar asosida maydonga kelgan.
Qadimgi yunon dramaturgiyasining asosiy janrlaridan biri hisoblangan tragediya ham, komediya ham kelib chiqishiga ko`ra, Dionis bayramlariga bog`liqdir. Masalan, Aristotel o`zining ,,Poetika" asarida ,,tragediya" iborasining o`zi ham Dionis shaxsi bilan bog`liqdir, bu atama ,,trado" va ,,oide" so`zlaridan tashkil topgan bo`lib, ,,taka qo`shig`i" degan ma‘noni anglatadi deb yozadi. Qadimgi yunonlar Dionysni ham taka qiyofasida tasavvur qilganlar.
Aristotelning, ta‘kidlab ko`rsatishicha ,,komediya" so`zi ham masxarabozlarning qo`shiqlari va harakatlariga bog`liq bo`lib, ,,Somo" va ,,oide"-,,masxarabozlar qo`shig`i" so`zlaridan olingan. Qadimgi yunon teatri hozirgi zamon teatriga umuman o`xshamagan. Birinchidan qadimgi yunon teatri hajm jihatdan benihoya ulkan bo`lgan. Ikkinchidan tomoshalar kunduz kuni ochiq havoda ko`rsatilgan. Qadimgi Afina teatrlari qoldiqlari shuni ko`rsatadiki, yunon teatrlari hozirgi zamon stadionining yarmi ko`rinishida bo`lib, 17 mingtagacha tomoshabinni sig`dirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |