Prosper Merime (1803-1870) – fransuz tanqidiy realizmining yorqin namoyandalaridan biri bo‘lib, uning ijodi romantizm harakati bilan hamohang rivojlandi. Bo‘lajak yozuvchi Parij shahrida badavlat oilada tavallud topdi. Litseyni tugatgach, Parij universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi.
Yosh Merimening qiziqish doirasi va estetik qarashlari erta shakllandi. U yoshligidan katta qiziqish bilan Shekspir va Bayron asarlarini asliyatda o‘qidi. Stendal ijodi yosh Merime dunyoqarashining shakllanishiga katta ta'sir ko‘rsatdi. O‘n olti yoshida do‘sti Jak Lui Amper (buyuk fizik olimning o‘g‘li) bilan hamkorlikda ingliz predromantizmining vakili D. Makfersonning “Ossianning qo‘shig‘i” asarini tarjima qildi.
Prosper Merimening birinchi nashr qilingan asari – “Klara Gusel teatri” (1825) to‘plami bo‘lib, u san'atning yangi tamoyillarini joriy qilib, klassitsizm qonun-qoidalariga qarshi qaratilgan. U adabiyotga dramaturg sifatida kirib keldi va klassitsizm san'atining tayanchi bo‘lgan teatrga dahl qildi. “Klara Gusel teatri” - yozuvchi erkin ijod qilishi, turg‘un bo‘lib qolgan qoidalarga rioya qilmasligi mumkinligini isbotlab berdi
P.Merimega dramaturgiyaning yangi turini yaratishda Uyg‘onish davri ispan teatri yordam berdi. “Ispanlar Daniyada” pyesasining muqaddimasida personajlardan biri sifatida tasvirlangan Klara Gusel klassitsizmga istehzoli tavsif berib, “Pyesa haqida fikr yuritganda, ba'zilar suiqasd uyushtirish uchun, ba'zilar qotilning qo‘lida halok bo‘lish uchun, yana birlari kimningdir murdasi yonida o‘z joniga qasd uchun voqealar bir kunda sodir bo‘lyaptimi, barcha ishtirokchilar bitta joyda paydo bo‘lyaptimi, bularni bilish juda ham muhim emas”, – deydi. Shuning uchun to‘plamga kiritligan pyesalarda hech qanday birliklarga rioya qilinmagan, ularda na besh aktli kompozitsiyalar, va na ierarxiyaga rioya qilinadi. Pyesalarning erkin kompozitsion qurilishi klassitsizm dramalaridagi izchillikni buzdi; pyesalar she'rda emas, nasrda yozildi; personajlar mavhum abstrakt nasihatgo‘ylik bilan shug‘ullanmay, tom ma'noda harakatda bo‘ldilar; komediyalarning syujeti taqdir o‘yini bilan emas, balki insoniy his-tuyg‘ular, ular taqdirlarining to‘qnashuvi bilan belgilandi.
1827- yili chop etilgan “Gyuzla, yoki Dalmatsiya, Bosniya, Xorvatiya va Gersegovinada yozib olingan illiriy qo‘shiqlari to‘plami”da slavyan xalqlari hayoti haqqoniy yoritib berilgan. Bu kitob muallifdan qunt bilan ishlashni, filologiya, tarix va etnografiyaga oid bilimlarni talab qildi. To‘plamga kiritilgan prozaik qo‘shiqlar katta shuhrat qozondi. Ularning muallifi slavyan xalqlari ekaniga, Mitskevich va Pushkinlar ham ishonishdi(aslida qo‘shiqlarni Merimening o‘zi yozgan edi).
Tarix sinovlaridan mardonavor o‘tgan xalq mavzusiga yozuvchi “Jakeriya” (1828) dramatik solnomasida ham murojaat qildi. Drama syujetiga 1358 - yilgi dehqonlar qo‘zg‘oloni asos bo‘ldi. Drama shunday qurilganki, unda bir vaqtning o‘zida klassitsizm qoidalari bilan bahs-munozarani ham payqash mumkin(hodisalar joyi ko‘p marta o‘zgartiriladi: chuqur jarlik, gotika zali, qishloq maydoni, o‘rmon chetidagi yo‘llar, isyonchilarning ichkari hovlisi va h.k. va zamon va harakat birligining yo‘qligi, shuningdek zodagonlar oilasidan bo‘lgan ideal qahramonning bo‘lmasligi);
Dramada romantik pyesalarda bo‘lgani kabi, o‘zining ichki va tashqi erki uchun kurashuvchi ideal qahramon yo‘q. Uni na dehqonlar va na oqsuyaklar orasidan topib bo‘lmaydi. Merimening dehqonlari – ijtimoiy munosabatlarda o‘z o‘rnini anglashga qodir bo‘lmagan johil odamlar. Albatta ular orasida ham jasur va olijanob odamlar topiladi, masalan, o‘z singlisining o‘limi uchun qasd olgan Reno, u feodal d”Apremon garovga olingan begunoh odamlarni jazolamasligi uchun ixtiyoriy ravishda taslim bo‘ladi.
Merime “Karl IX saltanatining yilnomasi”(1829) romanida yana bir bor fransuz milliy tarixidagi muhim davrga murojaat qiladi. Yozuvchi o‘zining asosiy vzifasi o‘tmish davr kishilarining xususiy hayotini ko‘rsatish, “bu davrning xulq-atvori, urf-odatlarini haqqoniy, ishonarli qilib tasvirlashda”, deb hisoblaydi. Uning fikricha, Varfolomey tunida sodir etilgan dahshatli fojeaning ildizlarini avvalo diniy mutaassiblik ruhida tarbiyalangan parijliklarning aql yo‘nalishidan qidirish kerak. Muallifning ushbu konsepsiyasi asar personajlarini realistik tasvirlash, tarixiy manbani tanlash, romanning kompozitsion qurilishini belgilaydi.
O‘z novellarida Merime murakkab vazifani hal qiladi: birgina voqea orqali butun xalqning tarixini, o‘zga davrlarni ko‘rsatish. Uning “Mateo Falkone” (1829) hikoyasi novellestik mahoratning shoh asari hisoblanadi. Novellaning markaziy voqeasi – sotqinlik qilgan o‘g‘ilning ota tomonidan o‘ldirilishi. Fortunatoga otasi tomonidan chiqarilgan hukm, Mateoning oila sha'ni haqidagi tasavvurining bo‘rttirib ko‘rsatilshi emas. Novellaning boshqa qahramonlari ham axloq qoidalari shunday tushunishadi. Hattoki, qattiq qayg‘uga tushgan Fortunatoning onasi Juzeppa ham erini haq ekaniga ishonadi. Hikoyaning prozaik ohangi, korsikaliklarning urf-odatlari, irodali va jasur qahramonning fojeadan oldingi hayoti – bularning hammasi o‘ziga xos ma'naviy muhitni yaratadi. Korsikaliklar hayotiga bag‘ishlangan “Kolomba” (1840) novellasida ham o‘z o‘lkasi va uning odatlari bilan aloqani uzmagan odamlar uchun vendetta(Korsika orolida qonga qon bilan o‘ch olish)bo‘lishi muqarrar va tabiiy tuyuladi.
Sevish va nafratlanishni biluvchi, kuchli va irodali (Kolomba, Mateo Falkone) qahramonlar Merimega yaqin. U ularning shafqatsizligi, nodonligi, tiyiqsizligi, sho‘rtumshuqligini ko‘rsatishi mumkin, biroq qoralamaydi. O‘zlarini madaniyatdan baxramand bo‘lganmiz, deb hisoblaydigan qahramonlar esa aksincha, jozibasini yo‘qotganday. “Tamango” (1829) novellasida ikki dunyo, ikki qahramon – qora tanli jangchi Tamango va kapitan Ledu qarama-qarshi qo‘yiladi. Mohiyatan har ikkisi ham bir xil vazifa – “qora daraxtni” sotish bilan shug‘ullanadi, biroq ularning obrazlari struktura jihatdan bir-biriga mos kelmaydi. Tamango o‘z qabiladoshlariga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lsa-da, ular orasida qadimdan shakllangan urf-odatga mos keladi. Leduning xuddi shunday faoliyati esa axloq-odob doirasida “yuz chandon ortiqroq darajada jinoyatkorona”, chunki uning shafqatsizligi zamirida faqatgina moddiy manfaat yotadi. Kapitan Ledu haqida gapirganda, Merimening sokin hikoya qilish ohangida achchiq kinoya seziladi. Axir aynan kapitan qora tanlilar uchun birinchi bo‘lib qo‘lkishan va zanjirlarning yangi sistemasini qo‘llaydi, u palubalar orasidagi xonalarni faqatgina bir maqsadda –qullarni ko‘proq joylashtirish uchun qayta jixozlaydi. Ledu boshqargan kemaning romantik nomlanishi (“Umid”), uning insonparvarlik haqidagi balandparvoz safsatasi uning portret chizgilariga yakun yasaydi. yevropa madaniyati “shak-shubhasiz ustunlikka” erishdi, chunki u qora tanlilarga bo‘yinbog‘ taqishni o‘rganib oldi, deb qayd qiladi Merime.
Zodagonlarlarning ma'naviy qashshoq hayotiga bag‘ishlangan novellalar orasida “Qo‘shaloq xato (1833)” va “Arsena Giyo” (1844) alohida ajralib turadi. So‘nggi novellada zodagon ayolga buzuq ayolni qarama-qarshi qo‘yishga jur'at qiladi va Arsenaning ma'naviy afzalligini ko‘rsatadi.
1830 yilgi inqilobdan keyin Merimening badiiy ijodga bo‘lgan qiziqishi birmuncha so‘nadi. Bu davrda u asosan tarix, arxeologiya, san'atshunoslikka oid asarlar yaratadi. 1848 yil inqilobidan keyin esa deyarli hech narsa yozmaydi. O‘limidan bir yil oldingina uning “Lokis” novellasi chop etildi. .
Yangi davr realizmining xususiyatlari atoqli yozuvchi G.Flober (1821-1880)ning ijodida to‘la namoyon bo‘ldi - u XIX asr birinchi yarmidagi romantizm zaminida ulg‘aygan Balzak davri realizmi bilan XIX asrning ikkinchi yarmidagi E. Zolya va uning maktabi vakillari tomonidan taqdim etilgan naturalizm davrini bog‘lab turuvchi bo‘g‘in hisoblanadi. Gyustav Flober 1821 yilning 12 dekabrida Ruan shahrida, shifokor oilasida tug‘ildi. 1840 yili u huquqshunoslikni o‘rganish uchun Parijga keladi. Otasining o‘limidan keyin Ruan yaqinidagi oilaga tegishli yer-mulkka kelib, umrining oxirigacha shu yerda yashadi. Parijga kelganda T. Gote, Gi de Mopassan, E. Gonkur, E. Zolya, I. S. Turgenevlar bilan uchrashib turdi, sayohat qilib Ispaniya, Italiya, Korsika oroli, Gretsiya, Misr, Kichik Osiyo, Jazoir va Tunisda bo‘ldi. O‘zining yoshlik yillarini eslar ekan u “Meni ikki narsa – adabiyotni sevishim va burjuaga nafratim qo‘llab turdi”, - deb yozgan edi.
Jami uch jilddan iborat Floberning ilk asarlari (1835-1849), u o‘z ijodini “eski romantik maktab” yo‘lida boshlaganidan dalolat beradi. ( “Biz to‘la ma'noda bema'ni, ajoyib romantiklar edik”, - deb yozgan edi u keyinchalik J.Sandga). Yozuvchining birinchi asarlari “Margarita Burgundskayaning o‘limi”, “Florensiyadagi vabo”, “Taxtga ikki da'vogar” “tarixiy” novellalari, “Tentakning xotiralari” va “Noyabr” qissalari lirik romantizm yo‘nalishida yozilgan edi.
1849 yilning sentyabrida Flober “Avliyo Antoniyning vasvasasi” romanini yozib tugatdi. Asarni o‘qib chiqqan do‘stlari uni yoqib yuborishni va yarim fantastik qahramonlar emas, kundalik hayot haqida, shoshilmasdan, har bir epizodni maromiga yetkazib, har bir jumlaning ma'nodorligi va aniqligiga e'tibor berib, asar yozishni maslahat berdilar. 1850-yili Misr safaridan qaytib kelgan yozuvchi, jahon adabiyotining durdona asariga aylangan “Bovari xonim” romani ustida ish boshladi. Besh yil davomida yozilgan roman 1856 yili “Ruve de Paris”(“Parij jurnalida”)da bosib chiqarildi. Hukumat asarni axloqsizlikda aybladi, lekin sud noshir va yozuvchini oqlab hukm chiqardi. Aksincha, romanning ahloq (hulq) haqida ekaligini asar kompozitsiyasi ham tasdiqlaydi. Asar Sharl Bovari haqidagi hikoyadan boshlanib, aptekachi Ome haqidagi hikoya bilan tugaydi. Emma esa faqat 2-bobdan paydo bo‘ladi. Uning o‘limidan so‘ng yana 3 bob davom etadi.
Yozuvchi o‘z oldida juda murakkab vazifani: jamiyat illatlarini aniq va shu bilan birga sodda qilib tasvirlashni maqsad qilib qo‘yadi. Shuning uchun u shu davrgacha tarkib topgan roman kompozitsiyasidan foydalanmaydi. Flober ekspozitsiyaga katta o‘rin berdi – 260 bet, asosiy voqealarga –120-160 bet, Emmaning o‘limi va Sharl iztiroblariga 60 bet – shunday qilib «tasvir» qismi 320 bet, ya'ni voqealar tasviridan 2 barobar ko‘p.
Romanda oddiy va jo‘n voqea tasvirlangan. Kollejni tamomlagan Sharl Bovari, onasining qarori bilan tibbiyot fakultetida o‘qiydi. O‘qishni tugatgach, u Normandiyaning Tost shaharchasida vrachlik qila boshlaydi. Bir muncha muddatdan keyin onasining sa'y-harakatlari bilan badavlat, qirq yoshlardan o‘tib qolgan beva ayolga uylanadi. Kunlarning birida Sharl mahalliy fermerni davolash uchun uning uyiga boradi va Ruoning qizi Emma bilan tanishib qoladi.
Xotini vafot etgach, Emmalarning uyiga tez-tez borib turadi va uning qo‘lini so‘rashga jazm qiladi. Qizning otasi roziligini beradi va dabdaba bilan qizini uzatadi. Yoshligidan ko‘plab romantik asarlarni o‘qigan, romantik orzularga berilgan qiz, boshqalardan ajralib turmaydigan oddiy qishloq doktoriga turmushga chiqadi va farzandli bo‘ladi. Biroq yoshlar birga yashay boshlagandan keyin tez orada Emma Sharlni sevmasligini tushunib yetadi. Sharl esa aksincha Emma bilan yashayotganidan baxtiyor edi. Yashayotgan hayotidan qoniqmagan ayol, ikkita erkak bilan don olishib yuradi, keyin esa qarzga botib, turmush o‘rtog‘i uni shuncha yillardan buyon sidqidildan, sadoqat bilan sevishini xayoliga ham keltirmay, o‘z joniga qasd qiladi. Bu oddiygina voqea yozuvchining yuksak iqtidori tufayli ayol qalbini chuqur psixologik tadqiq qilishga aylandi. Shu sababli roman kitob holida chop etilgangandan keyin, Flober XIX asrning buyuk realist yozuvchisi sifatida e'tirof etila boshlandi.
Maktublarining birida Flober o‘z romani qahramoni haqida: “U ma'lum darajada ma'naviy aynigan, poeziya haqida buzuq tasavurga ega, his- tug‘ulari buzilgan ayol”, - deb yozadi. Emmaning tabiati “romantik tarbiya” oqibatida buzilgan. Uning asosi qizning monastirda u paytlarida rusum bo‘lgan romantik romanlarni mukkasidan ketib o‘qigan yillari qo‘yilgan bo‘lib, romantik qoliplar Emma uchun haqiqiy sevgi va go‘zallik mezoniga aylanadi. “U kitoblarda faqat ishq-muhabbat haqida yozilgan bo‘lardi; o‘ynashlar, ma'shuqalar, jazmani ko‘p xotinlar, kimsasiz ayvonlarda o‘zidan ketib qoladigan juvonlar, har bir bekatda o‘ldirilgan kucherlar haqida yozilgan bo‘lardi. Kitobning har bir sahifasi holdan toyib o‘lgan otlar, qalin o‘rmonlar, yurak dard-hasratlari, qasamyodlar, ko‘z yoshlari, o‘pichlar, oy yorug‘i tushib turgan yengil qayiqchalar, chakalakzorlardagi bulbul navolari, sher kabi botir, qo‘zichoqdek beozor qahramonlar, beqiyos sahovatli, bekami ko‘st kiyingan, ko‘z daryo-daryo yoshlarga to‘lib toshgan bo‘lardi”.
Ko‘plab tanqidchilar qahramonning hayotdani prototipi kim ekanligiga qiziqishib savol berganlarida, adib ularga yozgan maktubida: “Agar Bovari xonim bo‘lsa, u menman”, - deb yozgan edi. Garchi roman syujeti oddiy bo‘lsa ham, uning haqiqiy qiymati – detallarda va ularni mohirlik bilan tasvirlashda. Flober asarlarini ideal darajaga ko‘tarishga, har doim kerakli va to‘g‘ri so‘zlarni tanlashga intilgan yozuvchi sifatida tanildi.
Flober estetikasida asar uslubini mukuammal qilishga bo‘lgan kuchli intilishni alohida ta'kidlash zarur. Bu intilish yozuvchi uchun uni “adoi tamam qilib, ishini to‘xtatib turuvchi”, “haqiqiy kasallikka” aylangan edi (E.Zolya). Tanqidchilar Floberni “uslubning fanati” deb atar edilar. Ijodkorning eng iflos, qabih mavzularga ham murojaat qilish huquqini qattiq turib himoya qilgan Flober: “Poeziya, go‘ng uyumini ham quyoshday tovlanishga majbur qiladi”, deydi. Aynan shu “Bovari xonim”da ro‘y beradi.
Gyustav Flober 1880-yilning 8-mayida insultdan vafot etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |