Aristotel’
(384-322 y. y.)
Aristotelning ilmiy merosi orasida biz uchun qiziqarlisi uning dinamikaga doir ilmiy qarashlari bo’lib, undan Galileyga qadar Ovrupoda darslik sifatida foydalanib kelindi. Aristotel fikricha tabiatda hamma narsa harakatda, u harakatni tabiiy va majburiy harakatlarga bo’ladi. U olamni ham ikkiga bo’ladi: Oy ostidagi o’zgaruvchan, yuzaga keluvchan, yo’qoluvchan hodisalar va narsalar hamda abadiy qoluvchi oydan yuqoriga joylashgan yulduz va fazoviy jismlar. Aristotelning ushbu fikr va mulohazalari kundalik kuzatuvlar va mantiqqa asoslangan. U Yerni olam markazi, ya’ni barcha samoviy jismlar Yer atrofida aylanadi, deydi. Kundalik hayotda og’irroq jismlar Yer markazi tomon, yengilroq jismlar (havo, olov) yuqoriga olam shariga intiladi, deb izohlaydi. Aristotel mexanik harakatning sababchisi unga qo’yilgan birinchi turtki, deb qaraydi. Gorizontga otilgan jismlar harakatini tushuntirishda Aristotel quyidagicha fikr yuritadi: Otilgan jismlar harakatining sababchisini muhit, ya’ni havo bo’lib, jism siljiganda u egallagan joyda bo’shliq (vakuum) vujudga keladi. Bo’shliqni to’ldirish uchun havo jismga turtki beradi va harakat shu zaylda davom etadi, deb tushuntiradi.
jism
xavo
bo’shliq xavo Aristotel
dinamikasiga doir
Ushbu nazariyaga asosan jismlar havosiz bo’shliqda cheksiz katta tezlik bilan harakatlanishi lozim edi, ammo kundalik kuzatishlar buning aksini ko’rsatadi. Shu sababli, Aristotel atom tuzilishi tarafdorlari fikriga qarama-qarshi (ya’ni olam atom va bo’shliqdan tashkil topgan degan fikrga) bo’shliq yo’q, deb fikr yuritadi va bu fikr Torichelli tajribasigacha o’zgarishsiz qoladi. Keyinchalik, Aristotelning bu fikri fizikaga «Efir» tushunchasini kiritishga ham sabab bo’ladi.
Aristotelning dinamikaga doir ilmiy qarashlarining ikkinchisi jismlarning erkin tushish tezligi uning og’irligiga to’g’ri proporsional deb qarashi hisoblanadi. Bu xulosa kundalik kuzatishlarga to’g’ri keladi, masalan; olma, olma bargiga nisbatan yerga kattaroq tezlik bilan tushadi. Buning sababini Aristotel quyidagicha talqin etadi. Jismlar Yer sirtiga yaqinlashgan sari og’irligi orta boradi va unga mos holda tezligi ham ortadi deb tushuntiradi. Ushbu fikrning Galiley tomonidan keyinchalik noto’g’ri ekanligi isbotlanadi.
Aristotelning kinematikaga doir o’zaro perpendikulyar ko’chishlarni qo’shishi hozirgi qoidaga to’g’ri keladi. Ya’ni, u gorizontga otilgan jismlar harakatini ikkita gorizontal va vertikal tashkil etuvchilarga ajratadi va natijaviy harakat egri chiziqli (parabola) bo’lishini ko’rsatadi.
Aristotelning statikaga doir fikrlari hozirgi fikrlarga mos keladi. Aristotel richaklarning (pishang) muvozanatlilik shartini, tarozi va bloklar nazariyasini to’g’ri tushuntirib beradi.
Aristotel o’zininng «Muammolar» asarida musiqa, metrologiya, amaliy mexanika, kinetik energiya tushunchasiga yaqin fikrni, osmotik bosim, tovushning havoda tarqalishi, yorug’likning qaytish qonuni va yorug’likning tarqalish tezligi borasida to’g’ri fikrlarni olg’a suradi.
Aristotelning fizikaga doir ishlari, albatta, fizika fani rivojiga ulkan hissa qo’shdi. Ilk bor Aristotel o’zining «Fizika» nomli kitobida fizika fanining shug’ullanish sohasini aniqlab bergan edi. Fizika fani tabiat va undagi hodisalarning sababini o’rganishini ta’kidlab o’tgan. Uning ushbu tushunchasi fizika fanining zamonaviy predmetiga mos keladi.
Aristotel fizik hodisalarni izohlashda matematikadan foydalanmaydi. Uning asosiy ilmiy-izlanish usuli kuzatish, mantiq, va dialektika bo’lgan. Aristotel Demokritni va uning tarafdorlari Anaksagor, Levkipplarning olamda atom va bo’shliqdan boshqa narsa yo’q degan fikrlariga qarshi chiqib, bo’shliq (vakuum) va vaznsizlik holati bo’lishi mumkin emas deydi. Aristotel olamni cheksiz deb e’tirof etib, Yerni olamning markazi deb hisoblaydi va geosentrik nazariyani olg’a suradi. Aristotel va uning shogirdlarining kamchiligi shunda ediki, ular tajriba natijalariga tanqidiy yondoshmaganlar va shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarishgan. Shunga qaramasdan, Aristotelning ilmiy merosi fizika fanining keyingi taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shdi.
Aleksandr Makedonskiy vafotidan keyin Aristotel Afinadan qochishga majbur bo’ladi. Fanning taraqqiyoti Afinadan Misrning Aleksandriya shahriga ko’chadi. Aristotelning shogirdi Demetriy Falerskiy tomonidan (miloddan avvalgi III asr) «Aleksandriya muzeyi» tashkil etiladi. Ushbu muzey Aristotel va boshqa ko’pgina olimlar asarlarini to’plash va nashr etish bilan shug’ullanadi va milodgacha 47 yilda 700000 tomlik boy kutubxona yuzaga keladi. Dunyoning hamma tomonidan olimlar to’planib, fan va madaniyatni rivojlantirishdi. Aleksandriya kutubxonasi miloddan avvalgi 47 yilda qisman rimliklar tomonidan yondirib yuborildi, qolgan qismi eramizning 391 yili va qoldiqlari esa VII-VIII asrlarda yo’qolib ketadi. Ushbu ilm dargohida yunonistonlik olim Arximed ham ta’lim olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |