Xalqona tilak: Yoʻling ravon boʻlsin.
Sheʼrdagi kabi “ammo” dan soʻng: ammo u haq yoʻl boʻlsin.
Izohi: baʼzilar oʻzlarining hayot yoʻlini haq deb biladi, lekin u toʻgʻri boʻlib chiqmasligi mumkin: ichkilikbozlik, poraxoʻrlik, nashavandlik, diniy ekstremizm kabilar. Yana:
Xalqona tilak: Olgin-u oldirmagin.
Sheʼrdagi kabi “ammo” dan keyin: ammo berishni ham unutma.
Xalqona tilak: Rizqing ulugʻ boʻlsin.
Sheʼrdagi kabi “ammo” dan soʻng: ammo halolidan topilgan boʻlsin.
Shu darsda yana “Mening vatanim” sheʼri ham tahlil qilinadi. Yuqoridagi kabi unda ham darslikdagi savol va topshiriqlar asosida har bir satr, satrlardagi mantiqiy urgʻu olgan soʻzlarning badiiy-estetik qimmati bir-bir sharhlanadi. S. Zunnunova bu sheʼrda vatani vasfiga munosib soʻz topolmayotganidan ozurda boʻlgan shoira kechinmalarini aks ettirgan. Ayni sheʼrda shoira va lirik qahramon bir shaxsda namoyon boʻladi. Shoira yuz yil umr koʻrib, yuz yil sheʼr yozgan taqdirda ham vatan qiyofasini toʻliq chizib berish mumkin emasligini esda qoladigan yoʻsinda aks ettiradi. U oʻz holatini suyuklisi suratini chizishga munosib rang topolmay, chamanda tentirab yurgan rassomga qiyoslaydi. Chin inson uchun Vatan uning oʻzidan tashqaridagi narsa boʻlmagani uchun ham vatan suratini chizish, uni toʻliq sheʼrga solish mumkin emas. Chunki bunga tutingan ijodkor oʻzini yozayotgan boʻladi. Odamga oʻzini mukammal tasvirlay bilish imkoni berilmagan. Barcha qirralar yoritildi deganda ham, baribir, nimadir qolgan boʻladi. Shoiraning vatan haqidagi poetik tasvirlari ham shunday qismatga ega. Uning koʻnglidagi tuygʻulari, dilidagi tilaklari yozgan sheʼrlaridagiga nisbatan solishtirib boʻlmaydigan darajada koʻp va betakror. Bu holat sheʼrda:
Yuz yilgi she’rimni yig‘salar hamki,
Bo‘lmaydi dildagi sevgimday asil,
Ey, mening Vatanim, mening Vatanim!
tarzida ifoda etiladi.
Sheʼrning ikkinchi qismida ham shoira oʻzining Vatan haqidagi oʻy va kechinmalarini ifodalaydi. Sheʼrda dunyodagi barcha yaxshi xislatlar vatanda borligi qayd etiladi. Oʻquvchilar shoira vatanda yaxshi narsalar emas, balki aynan “yaxshi xislatlar” borligini bejizga taʼkidlamayotganiga eʼtibor qilishlari kerak. Odam onasi qandayligidan qatʼi nazar uni sevgani kabi vatan ham qandayligiga qaramay, vatan ekanligi tufayligina ulkan sevgiga loyiq. Shu bois lirik qahramon vatan tuprogʻini aziz bilib koʻziga surtadi, ogʻochlar yaprogʻini yuziga surtadi. Chunki ular vatanniki, vatanning belgilari. Sheʼrning keyingi satrlarida tuygʻulari qirgʻogʻidan toshgan shoira oʻz sezimlarini quyidagicha ifoda etadi:
Insonlik hurmati ichaman qasam:
Senga qurbon bo‘lsa, mayli, jon-tanim.
Sening shoirangman, shu ulug‘ elning
Baxtini ko‘zlovchi bir jigarbandi.
Sheʼrning keyingi satrlarida shoira to tirik ekan hech qachon vatanidan ayro tushmasligini taʼkidlaydi va bitikni “Sen mening sevganim, sen maqtaganim!” tarzidagi koʻtarinki iqror satr bilan yakunlaydi.
Saboq soʻngida oʻquvchilarga shoira sheʼrlaridan istalgan birini yodlab kelish topshirilgani maʼqul agar sinfda sheʼr yodlashga juda qiziqadigan oʻquvchilar boʻlsa, yodlanadigan sheʼrlar soni cheklanmasligi ham mumkin.
SHUHRAT
Shoir va yozuvchi Shuhratning ijodi oʻrta umumtaʼlim maktablarida birinchi marta oʻrgatilmoqda. Shuning uchun ham bu mavzu adabiyot oʻqituvchilariga bir qadar ogʻirlik tugʻdirishi mumkin. Buning ustiga, “Mardlik afsonasi” balladasiga asos boʻlgan voqea haqida oʻquvchilar quyi sinflarda Mirkarim Osimning “Toʻmaris” afsonasi hamda tarix darsligi orqali atroflicha maʼlumotga ega boʻlishgan. Oldin oʻrganilgan asarning sheʼriy variantini yana qayta oʻtish pedagogik nuqtai nazardan ancha qiyinchilik tugʻdirishi tabiiy. Shu vaqtga qadar darsliklarga kiritilgan koʻpchilik asarlarning saviyasi baland, badiiyati yuksak boʻlganidan oʻquvchilarga ogʻirlik qilgan boʻlsa, amaldagi dasturdan oʻrin olgan ayrim asarlar sanʼat nuqtai nazaridan u qadar yuksak boʻlmaganligi bilan oʻqitishda oʻqituvchilarga qiyinchilik tugʻdirmoqda. Negaki, ochiq nasihat yoki chaqiriq yoʻnalishidagi asarlar matni bilan oʻquvchilar diqqatini tutib tirish, ularda ezgu maʼnaviy sifatlar shakllantirish qiyin. Aytish kerakki, badiiy jihatdan unchalik yetuk boʻlmagan “Mardlik afsonasi” balladasi mazmun-mohiyati bilan quyiroq sinfdagi oʻquvchilarning intellektual, ruhiy, jismoniy imkoniyatlariga koʻproq mos keladi.
Oʻquv dasturida oʻrganilishi koʻzda tutilgan ushbu asarni imkon qadar samaraliroq oʻtish yoʻllari qidirilishi lozim. Aytish kerakki, oʻqituvchi dasturda taqdim etilgan materiallarga 10-15% miqdorida oʻzgarish kiritish huquqidan foydalanib, sinf oʻquvchilarining saviyasi va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda Shuhrat ijodiga ajratilgan ikki soat mobaynida dasturda kozda tutilgan balladadan tashqari adibning “Oltin zanglamas” romanidan olingan kichikroq bir parchani oʻrganishni rejalashtirishi yoxud moʻljaldagi vaqtning bir soatini oʻzga bir yozuvchining boshqa bir asarini oʻrgatishga sarflashi ham mumkin. Faqat bu ish metodik birlashma yigʻilishi qarori bilan rasmiylashtirib qoʻyilishi maqsadga muvofiqdir.
Hamonki dasturda ushbu asarni oʻrgatish koʻzda tutilgan ekan, adabiyot muallimi darsni qiziqarli tarzda oʻtish yoʻlini izlash lozim boʻladi. Mazkur mavzuni oʻrganish boʻyicha dasturda quyidagicha talqin bereilgan: “Shuhrat hayoti va ijodi toʻgʻrisida maʼlumot. “Mardlik afsonasi” balladasida oʻzbek xalqining eng qadimgi zamonlarda mustaqillik uchun olib borgan kurashi tasviri. Toʻmaris obrazi. Toʻmaris boshchiligidagi xalq jasoratining ballada janriga xos poetik vositalar orqali tasvirlanishi. M. Osimning “Toʻmaris” hikoyasi bilan “Mardlik afsonasi” balladasi oʻrtasidagi oʻxshash va farqli tomonlar. Balladaning tarbiyaviy ahamiyati”. Oʻqituvchi darsga tayyorlanish kechimida ham, darsni tashkil etishda ham mana shu talqinga asoslanishi kerak boʻladi.
Shuhratning hayot va ijod yoʻli haqida kerakli maʼlumotlar darslikda mavjud. Shuning uchun oʻqituvchi adibning umrbayoniga doir maʼlumotlarni takrorlashga vaqt ketkazib oʻtirmagani maʼqul. Adib shaxsiyatiga qiziqqan oʻsmirlar bu maʼlumotlarni darslikdan oʻzlari oʻqib olishadi. Ushbu asarni oʻzlashtirish uchun adib shaxsiyatiga doir maʼlumotlarni bilish juda ham shart emas. Agar oʻquvchi Shuhrat shaxsi haqida darslikda berilmagan va oʻsmirlar maʼnaviyati shakllanishiga xizmat qiladigan maʼlumotga ega boʻlsa, uni oʻquvchilarga yetkazishi mumkin. Aks holda umrbayonga vaqt sarflashga zarurat yoʻq.
Saboqning boshidayoq asar haqida toʻla tasavvur hosil qilish uchun oʻqituvchi ballada matnini ifodali oʻqib beradi. Bu jarayonda oʻqituvchining muallif nutqiga jiddiylik, Toʻmaris nutqiga qatʼiylik, Kayxusrav nutqiga qahr ohangini bera bilishi matnning taʼsir kuchini oshiradi. Shu bilan birga oʻqituvchisining asarni qanday oʻqiyotganini oʻz darsligidan kuzatib, ichida oʻqib borayotgan oʻquvchilarning qulogʻi ifodali ohangga oʻrganadi. Ularda ichdan tez va ifodali oʻqish koʻnikmasi ham shakllanib boradi. Ballada matnini oʻqishga darsning 15-17 daqiqasi sarflanadi. Shu bilan mazkur mavzuga ajratilgan birinchi dars tugaydi.
Oʻqituvchi oʻquvchilarga uy vazifasi sifatida maktab kutubxonasidagi “Oʻzbek Milliy ensiklopediyasi”ning 5-jild 501-betidan massagetlar haqida, 9-jild 8-betidan va “Bolalar ensiklorediyasi”ning 543-sahifasidan oʻrin olgan Toʻmaris toʻgʻrisidagi bilimlarni oʻzlashtirib olishni, M. Osim qalamiga mansub “Toʻmaris” hikoyasini “Mardlik afsonasi” balladasi bilan qiyoslab oʻqib kelishni topshiradi.
Ikkinchi dars uy vazifasi oʻquvchilar tomonidan qanday va qaysi adabiyotlardan foydalanilib bajarilganini aniqlab olishdan boshlanadi. Vaziyatga qarab oʻquvchilar ragʻbatlantiriladi. Soʻngra suhbat metodidan foydalangan holda birgalikda matn ustida ish boshlanadi.
Oʻrni kelganda shuni aytish lozimki, suhbat metodi, koʻpchilik oʻylaganidek, juda ham joʻn didaktik usul emas. Zamonaviy adabiy taʼlim oldiga qoʻyilgan maqsadga xizmat qiladigan suhbat metodi oʻqituvchi tomonidan oʻsmirlar uchun mantiqli mulohazani, mustaqil fikrni, badiiy, ilmiy va hayotiy xulosalarni talab qiladigan savollar oʻrtaga tashlanishini talab qiladi. Shunda oʻquvchilar berilgan savollarga javob qilarkan, matn mazmunini qayta hikoyalamaslikka, oʻqituvchisining fikrini takrorlamaslikka, asarning mohiyatiga chuqurroq kirib, tasvir jozibasini ilgʻashga urinishga majbur boʻladi.
Tafakkur mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan bunday suhbatning asosiy talablaridan biri savollarning shakl tomonidan ham, mazmun jihatidan ham puxta oʻylangan boʻlishidir. Oʻquvchini oʻylashga, mustaqil ravishda mulohaza yuritishga undaydigan savollarni tayyorlayotganda oʻqituvchi sinfdagi barcha bolalarning aqlan va ma’nan rivojlanganlik darajasini nazarda tutishi lozim boʻladi. Taʼlim-tarbiya jarayonida oʻquvchilar hamisha ham mantiqiy asoslangan, jiddiy javoblarni beravermasliklari mumkin. Savollarga toʻlaqonli javoblar olishda oʻqituvchining yordamchi savollari qoʻl keladi. Bunday vaziyatlarda bitta fikrga aniqlik kirituvchi bir necha yoki oʻsha fikrni rivojlantiruvchi turkum savollar beriladi.
Suhbatni muvaffaqiyatli tashkil etishning shartlaridan biri javoblarni diqqat-eʼtibor bilan eshitish, oʻquvchi berayotgan javobga hurmat bilan yondashishdir. Baʼzan javob berayotgan oʻquvchining fikrlari chalkashib ketishi yoki noaniq boʻlishi mumkin va bu – tabiiy hol. Oʻqituvchining vazifasi darhol bu fikrni butun sinfga tushunarli qilib berish emas. Oʻquvchi aytmoqchi boʻlgan fikrini qiynalib boʻlsada, oʻzi ifodalashi kerak. Oʻquvchining fikr aytishiga oʻrinsiz koʻmaklashish uni oʻylamaslikka oʻrgatib qoʻyadi.
Yana shuni ham unutmaslik kerakki, suhbat soʻngida oʻquvchi bilimini baholashda uning nutqini, javoblarining silliqligini birinchi oʻringa chiqarmagan maʼqul. Uning javoblarini muntazam ravishda tuzatib, toʻldirib turish ham notoʻgʻri. Albatta, oʻquvchining fikri oʻqituvchining qarashlaridek toʻkis boʻlmaydi. Adabiyot darslari uchun oʻquvchining fikri oʻz mustaqil nuqtai nazari muhim boʻlgani tufayli ham toʻmtoqligi, joʻnliligi, jaydariligi, tarqoqligiga qaramay, oʻqituvchinikidan qimmatlidir. Chunki adabiyot darslarining vazifasi oʻquvchi tafakkurida mustaqillik, mantiq, izchillikni shakllantirishdan iboratdir.
Shu maʼnoda Shuhratning “Mardlik afsonasi” balladasi ustida ishlaganda matn mazmuni yuzasidan darslikda taqdim etilgan savol-topshiriqlar oʻqituvchiga qoʻl keladi. Darslikdagi savol-topshiriqlarning birinchisi bevosita oʻqituvchining oʻziga ham tegishli boʻlgani uchun unga alohida toʻxtalish shart emas. Bu topshiriq balladani oʻqish davomida oʻz-oʻzidan bajariladi. Unga oʻqituvchi ham, oʻquvchi ham uyda tayyorlanadi.
Massagetlar haqida gapirib shuni aytish mumkinki, ular Kaspiy dengizining sharqiy qirgʻogʻi, Orol dengizi atroflari, Amudaryo va Sirdaryoning quyi oqimida miloddan oldingi 8-4-asrlarda yashagan koʻchmanchi qabilalar uyushmasining umumlashtiruvchi nomidir. Yunon tarixchisi Herodotning yozishicha, massagetlar koʻchib yuradigan xalq boʻlib, oʻsha davrlardagi vaziyatdan kelib chiqib piyoda va otda jang qilganlar, otlarining koʻkraklariga sovut kiydirganlar. Kamon, nayza va oybolta singari qurollardan foydalanganlar. Ularning barcha jihoz va qurol-aslahalari mis va oltindan ishlangan. Roʻzgʻor buyumlarini har xil ranglarga boʻyab ishlatganlar.
Massagetlarning malikasi Toʻmaris nomli ayol boʻlgan. Ular quyoshga topinganlar va unga atab otlarni qurbonlik qilishgan. Massagetlar Xorazm davlatining asosiy harbiy kuchini tashkil etgan boʻlib, Oʻrta Osiyoga Iskandar (Aleksandr Makedonskiy) bostirib kelganida ham katta kuch sifatida urushda qatnashganlar. Massagetlarning yashagan joyi haqida balladada quyidagicha toʻxtaligan:
Amudan suv ichganmiz, choʻlda mol boqib,
Bobotogʻda yurganmiz lolalar taqib...
Suhbat qatnashchilari dars jarayonida mana shular haqida bilganlarini oʻzaro oʻrtoqlashganlaridan soʻng oʻsmirlarning eʼtibori “Axir qancha chuqurdan qaynasa buloq, Suvi shuncha pok boʻlur, shuncha totliroq!” misralariga qaratiladi. Buloq chuqurligi va suv pokligining afsonada aks etgan voqealarga qanday daxli boʻlishi mumkin? Oʻquvchilar bu toʻgʻrida oʻylab koʻrsalar shoir nimaga ishora qilayotganini anglab yetadilar. Yaʼni xalqning tarixi qancha uzoqqa borib taqalsa, avlodlar uchun shuncha yoqimli, shuncha faxrli tuyuladi. Juda qadim xalqning avlodi boʻlish kishida gʻurur tuyg’usini uyg’otadi. Balladada keltirilgan bu parallelizm – buloq qancha chuqur boʻlsa suvining pok va totli boʻlishi millatning tarixi qancha uzoqqa borib taqalsa, shuncha qudratli, faxrli tuyulishi bilan bogʻliqligini oʻquvchilar oʻz soʻzlari bilan, oʻzlari anglaganlaricha bayon etadilar.
Oʻquvchilar oʻzlari kimlarning urpog’ (avlod)i ekanliklarini, ota-bobolari qanday yashagani, ular oʻz erki va mustaqilligini saqlab qolish uchun qanday kurashganliklari haqida qancha koʻp bilsa, ularda milliy gʻurur shuncha mustahkam shakllanadi. Darsliklarga bunday tarixiy qahramonlar tasvirlangan asarlarning kiritilishi ham oʻquvchilarning milliy iftixor hissini tuyishlari zarurligi sabablidir. Shoir ham buni:
Tariximiz koʻp ulkan, keksa, beqiyos,
Har yili yuz dostonga boʻlar bir asos!
deya faxr bilan qayd etadi.
“Haqiqatdan tugʻilar baʼzan afsona! Ulush qoʻshsa ne ajab ertakchi ona” misralarining mohiyatiga kirgan har qanday kitobxon afsonalar mohiyati haqida oʻylab ketadi. Maʼlumki, massagetlar ham, Toʻmaris ham tarixda yashagan. Bu haqda anchagina tarixiy maʼlumot ham bor. Lekin oʻsha tarixiy haqiqatlarni keyingi avlodlarga yetkazib berishda badiiy adabiyot, xususan, xalq ogʻzaki ijodi katta oʻrin tutgan. Yozuv boʻlmagan juda qadim zamonlarda xalq yaratgan afsonalar avloddan avlodga oʻtib, sayqallanib, silliqlangan. Bu kechimda momolarning “ulush”lari, ayniqsa, katta. Chunki ertaklarni koʻproq momolar aytib beradilarda! Buning ustiga, shoir tarixni ertakchi ona siymosida tasavvur ham qilayotir. “Baxshi unga bogʻlasa qanot va quyruq, Qalbi bergach koʻksidan shunday bir buyruq!” misralarida yuqoridagi fikr yanada rivojlantiriladi. Maʼlumki, oʻzbek xalqida doston aytuvchi baxshilar bor. Qadimda isteʼdod egalari millat qahramonlarining ulkan ishlaridan gʻururlanib ular haqida afsonalar, doston va ertaklar yaratganlar, yaratiqlarini musiqa asboblari koʻmagida kuyga solib ijro etganlar. Shu tariqa millat qahramonlarining nomi va ishlarini avlodlarga yetkazganlar.
Suhbatdoshlar fikr almasha borib Kayxusrav bostirib kelayotgani aniq boʻlganda massagetlar orasida qanday holat yuz berganiga eʼtibor qaratadilar. Oʻqituvchi shu misralarni yana bir oʻqib berishi mumkin:
Tinch bir oʻlka oromin yoʻqotdi shunda,
Hatto goʻdak koʻksiga oʻq otdi shunda!..
El-u yurtni qopladi motam libosi,
Qon yigʻladi hattoki, koʻlida gʻozi.
Qon yigʻladi el, elat, urugʻ va aymoq,
Qon yigʻladi dala-tuz, sahro, qir va bogʻ.
Qon yigʻladi beshikda tilsiz norasta,
Qon yigʻladi chol-kampir, dillari xasta.
Qon yigʻladi bogʻda – gul, qirda – chechaklar,
Qon yigʻladi nomus deb, qiz, kelinchaklar.
Qon yigʻladi qoʻzi-qoʻy taqir oʻtloqda,
Qon yigʻladi: – Suv! Suv! – deb dehqon qirgʻoqda.
Aslida ayni shu misralarni ifodali oʻqib berish oʻquvchilardan talab qilinsa, yanada toʻgʻriroq boʻladi. Tinchligi, erkiga daxl qilingan xalqning bezovta boʻlishi tabiiy. Shamolday erkin yurgan turkiy elatlar uchun mustaqilligini yoʻqotish oʻlimdan ogʻir. Shuning uchun bu tuproqda hayot kechirayotgan el-ulus urush xabarini eshitgach, “motam libosi”ni kiydi, nafaqat xalqi, hatto koʻldagi gʻozi, qoʻy-qoʻzi-yu oʻt-oʻlanlari, gul-chechaklari-yu qir-bogʻlari ham “qon yigʻladi”. Chunki yurtga egalikni oʻzgalarning qoʻliga topshirib, tutqunlikda yashashni oʻylash koʻngillarga qaygʻu solmasligi mumkin emas.
Asarda malika Toʻmaris agar yurtni Kayxusrav bosib olsa mamlakat qanday ahvolga tushib qolishini, massagetlarlarning kimgadir bosh egib yasholmaydigan elat ekanini ta’kidlagani yaqqol tasvirlanadi:
Bizni sahro burguti, lochini derlar,
Bizga aziz, muqaddas bu ona yerlar.
Dushman oti nagʻalin izi tushmasin!
Bogʻimizdan biror qush bevaqt uchmasin!
Uyat bizga – dushmanga bosh egib yashash!
Shu oʻrinda oʻquvchilar Toʻmarisning shaxsiyatini, mardligini koʻrsatuvchi misralarga alohida eʼtibor qaratadilar. Yovqur hukmdorning shaxsiyatiga baho berish uchun uning oʻz elini dushmanga qarshi kurashga undovchi chaqiriqlari qayta oʻqilishi kerak. Soʻngra uning har bir soʻzi tahlilga tortiladi. “Oʻlim yovga! Bukmaymiz hech tiz!”– deya xalqini erk uchun kurashga undagan Toʻmaris bilan bogʻliq tarixiy maʼlumotlar haqida oʻquvchilarning bilganlari soʻraladi.
Ilmiy manbalar va adib Mirkarim Osim keltirgan maʼlumotlarga koʻra, Toʻmaris miloddan avvalgi 6-asrda yashagan massagetlar podshosining xotini boʻlib, u eri vafotidan soʻng davlatni boshqargan. Eron qoʻshini bostirib kelganda massagetlar Amudaryo boʻylari va Qizilqum choʻllarida yashashgan. Eron qoʻshini bilan massagetlar oʻrtasida shiddatli jang boʻlgan. Toʻmarisning oʻgʻli Spargalis (Sparangis) asir olingan. Dushman qoʻliga asir boʻlganidan nomusiga chiday olmagan Spargalis oʻzini oʻldirgan. Soʻngra Toʻmarisning oʻzi jangga kirgan. Uzoq jangdan soʻng u gʻolib chiqqan. Toʻmaris haqida koʻp asarlar yaratilgan. Shuhrat qalamiga mansub ballada shulardan bittasidir.
Mirkarim Osim tomonidan yaratilgan “Toʻmaris” afsonasi ham mana shu xalq qahramoniga bagʻishlangan asar. U nasrda yozilgan bitik boʻlsa, ballada nazmiy asardir. Har ikkala yaratiq ham bir qahramonning tarixiy ishiga bagʻishlangan. Afsonada ham, balladada ham Toʻmaris Kayxusravning boshini qonga toʻydirgani tasvirlanadi. Faqat ifoda sal boshqacharoq: birida Kayxusravning boshi qon toʻla meshga tiqilsa, ikkinchisida qonli koʻlmakka tashlanadi. Oʻquvchilar har ikkala asardagi mana shunday oʻxshash va farqli tomonlarni topib, oʻz imkoniyatlari darajasida izohlasalar maqsadga muvofiq boʻladi.
Kayxusrav magʻlubiyati va massagetlarning gʻalabasi sababi haqida shuni aytish mumkinki, bosqinchi hech qachon toʻla gʻolib boʻlolmaydi. Mabodo, bosqinchilar qoʻli maʼlum muddat baland kelgan taqdirda ham, bunday gʻalabaning umri qisqa boʻladi. Chinakam gʻalaba hamisha haqlar tomonida boʻladi.
Oʻquvchilar asar tahlili jarayonida mana shu haqiqatlarni anglab yetsalar, ayniqsa, bularni oʻzlari kashf etsalar, adabiy taʼlim oʻz maqsadiga erishgan boʻladi. Oʻqituvchining vazifasi ilmiy, badiiy va hayotiy haqiqatlarni bolalarning oʻzlari anglab yetishlariga erishishdan iboratdir.
Asar tahlili nihoyasiga yetgach, oʻquvchilarga uy vazifasi sifatida “Toʻmaris va men” mavzusida kichik uy inshosi yozishni topshirish mumkin. Bunday inshoni hammadan birday talab qilish shart emas. Yoza olgan oʻquvchilarning ishi tekshirib ragʻbatlantiriladi. Yozmaganlarga odatdagi usullar bilan baho qoʻyilaveradi.
RASUL HAMZATOV
Rasul Hamzatov – oʻzigagina xos poetik ovoz bilan togʻliklar ruhiyati, kechinma va orzu-umidlarini sheʼrlarida aks ettirgan shoir. Milliy zaminda mustahkam turgan shoir eng olamshumul voqealarga, eng umuminsoniy qadriyatlarga ham milliylikni koʻprik qila bildi. Islom axloqiga muvofiq hayot kechirayotgan dogʻistonliklar maʼnaviy olami oʻzbek oʻquvchisiga koʻp jihatdan yaqin va tushunarli. Bosqinchilarning uzoq davom etgan zulmi, maʼrifatsizlikning kuchayishi tufayli milliy ruhiyatimizda roʻy bera boshlagan gʻurursizlik, jurʼatsizlik singari illatlarinig chuqur tomir otganligi va bu illatlarni yoʻqotish istagi Rasul Hamzatov sheʼriyati bilan oʻzbek oʻquvchilarini maktabdalik paytidayoq tanishtirish zaruriyatini yuzaga keltiradi. Adabiyot dasturida Rasul Hamzatovning “Ona tilim” va ““Kenja nevaram Shahrizodga”” sheʼrlarini oʻrganish uchun bir soat vaqt ajratilgan.
Oʻqituvchi moʻljallangan vaqtdan unumli foydalanishi uchun darsning maqsadlarini shu tarzda belgilab olgani maʼqul:
Do'stlaringiz bilan baham: |