Olam va odamni tanish shakllari
Badiiy adabiyot
|
|
Ilmiy adabiyot
|
Borliq koʻngil orqali taniladi
|
Borliq aql yordamida taniladi
Qarashlar badiiy obrazlar vositasida ifodalanadi
|
Fikr ilmiy tushuncha va ta’riflar orqali ifodalanadi
|
Oʻqituvchi oʻquvchilari diqqatini badiiy adabiyot uchun soʻz asosiy ish quroli ekaniga qaratadi. Olamdagi barcha mavjudotlar orasida mukammalligi, yuksak darajadagi aqliy rivoji, hech bir jonzodda boʻlmagan nutqqa egaligi bilan ajralib turadigan insonga xos murakkab tuygʻu va sezimlar soʻz orqali ifodalanadi. Qanchalik mukammal qilib yaratilganiga qaramay, odamzotdagi sezgi muchalarining birortasi soʻz bilan ifodalanadigan holatlarni toʻliq bera olish qudratiga ega emas.
Soʻz sanʼati boʻlmish adabiyot bilan munosabatda boʻlmaydigan odamning oʻzi yoʻq. Bolaligida alla tinglamagan, ertak eshitmagan, topishmoq yechmagan, qoʻshiq aytmagan, sal ulgʻaygach, kitob oʻqimagan kishining boʻlishi dargumon. Bordi-yu, shunday odam uchraydi, deb faraz qilinganda ham u odam yo televizorda, yoki radioda, yoxud toʻy-yigʻinlarda, albatta, qoʻshiq eshitgan boʻlib chiqadi.
Oʻqituvchi badiiy adabiyotning lirik, epik va dramatik kabi turlari, har bir tur ichida esa bir qator adabiy janrlar mavjudligi haqida ham tushuncha berishi lozim.
Darslikda bayon etilgan qarashlarning oʻquvchilar tomonidan toʻliq oʻzlashtirilishiga erishish uchun adabiyot oʻqituvchisi badiiy adabiyotning inson maʼnaviyatini qaror topdirishdagi alohida oʻrni, jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati toʻgʻrisida ham oʻquvchilarda tasavvur uygʻota bilishi joiz. Odamda ezgu maʼnaviyat shakllantirishda badiiy adabiyotdan samaraliroq vosita yoʻq. Chunki adabiyot, avvalo, insonning tuygʻulari, kechinmalari, koʻngli bilan ish koʻradi. Toʻgʻri, har qanday koʻrkam asar tafakkur mahsuli boʻlib, unda oʻziga xos chuqur fikr ifoda etiladi. Lekin asl badiiy asarlarda yuksak fikr samimiy va kuchli taʼsir qiladigan tuygʻular ogʻushida koʻrsatiladi. Negaki, fikrni bilib qoʻya qolish mumkin, tuygʻuni esa shunchaki tuyib qoʻya qolish mumkin emas. Kechinma qalb hosilasi boʻlgani uchun ham taʼsirchandir va shu bois ijodkorning, yozuvchining hislari oʻquvchinikiga aylana oladi.
Nazariy yoʻnalishdagi mashgʻulot mobaynida oʻqituvchi oʻquvchilarining faolligini oshirish uchun “Qanday sanʼat turlarini bilasiz?”, “Bilgan sanʼat turlarining oʻzaro oʻxshash va farqli tomonlarini ayting”, “Badiiy adabiyot sanʼatning boshqa turlaridan qaysi jihatlari bilan farq qiladi?”, “Badiiy adabiyot nima uchun soʻz sanʼati hisoblanadi?”, “Ilmiy haqiqat bilan badiiy haqiqatning farqli tomonlari qaysilar?”, “Badiiy timsol nima?”, “Badiiy asar taʼsirchanligini taʼminlagan omillar qaysilar?” singari savollarni berishi mumkin. Bu savollarga olingan javoblar, toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligidan qatʼi nazar, ragʻbatlantirilishi lozim. Chunki hozircha toʻgʻri boʻlmagan javob ham vaqti bilan toʻgʻrilanishi mumkinligi koʻzda tutilishi joiz. Maʼlumki, adabiyot oʻqituvchisi uchun bolalarning badiiy matnni tushunganlik va undan taʼsirlanganlik darajasi asosiy oʻlchov hisoblanadi. Tushunish va taʼsirlanish yoʻlida esa, xatolarga yoʻl qoʻyilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |