Lingvistik karta. Bunday kartalarning xususiy va umumiy turlari amalda bor. Aksariyat hollarda lingvistik kartalar kontur kartalarda amalga oshiriladi. Bir izoglossaning tarqalishi ko‘rsatilgan karta xususiy lingvistik kartadir. Bir guruh izoglossalar aks ettirilgan karta esa umumiy lingvistik karta hisoblanadi. Lingvistik kartada sheva yoki til hodisalarini – izoglossalarni shartli belgilar vositasida ham, bebosita o‘zini ham yozish mumkin.
Sheva yoki til hodisalarini kompleks joylashtirgan va ranglar vositasida jilo berilgan kartaning turi lingvistik yoki dialektologik atlas deyiladi. Lingvistik atlas umumlashtirish xarakteriga ega bolib, u sheva yoki biror tilning tarqalish chegarasini ko‘rsatgan rangli kartalar yig‘indisidir. Dunyo amaliyotida lingvistik atlasning klassik namunalari bor. Bular quyidagilar:
Venker G. Shimoliy va markaziy Germanuyaning dialektologik atlasi. 1881-y. (6 karta).
Jilyeron J., Edmon E. Fransiya lingvistik atlasi. 1896 -1908-yillar.
Vrede F. Nemis lingvistik atlasi. 1926 -1932-yillar (6 jild).
Yaberga K., Yuda I. Italiya va Janubiy Shvetsariya dialektlari atlasi. 1928-y.
Bular ichida J. Jilyeron, E. Edmonlarning lingvistik atlasi keyingi davrda boshqa shu xildagi atlaslarning tuzilishiga metodologik asos bo‘lib xizmat qildi.
Lingvistik atlas faqat dialektologik maqsadda emas, balki dunyo tillarining tarqalishini ko‘rsatish maqsadida ham yaratiladi.
Til zonasi va dialektal zona. Til zonasi o‘zaro yaqin tillar (idiomlar)ni yaqinlik darajasi va bir fokus nuqtasiga ko‘ra birlashtiradigan hududdir. Dialektal zona bir til doirasidagi lahja, dialekt va shevalarning fokus nuqtasiga ko‘ra joylashish hududlaridir. Fokus nuqtasi yirik shahar shevasi bo‘lib, atrof shevalarga doimiy ravishda o‘z ta’sirini o‘tkazib turadi va qayta aloqada bo‘ladi hamda dialektal zonaning o‘ziga xos rivojlanishini ta’minlaydi.
Bunday zonalarni belgilashda davlat chegaralari hisobga olinmaydi, balki o‘zbek tili massivi (o‘zbek tili tarqalgan hudud) geografik, dialektal farqlanishi, tarixiy-etnografik xususiyatlari, ma’lumotlari asosida uning shevalari guruhlashtiriladi. Shu asosda A. Jo‘rayev o‘zbek tilining 11 dialektal zonasini belgilagan (bu haqda “O‘zbek tilining diаlektаl bo‘linishi” mavzusida ma’lumot beriladi).
Aksariyat hollarda bunday zonalarni belgilashda qarindosh til yoki dialekt masalasi muammo bo‘ladi. Axborot tizimlarida ta’kidlanishicha, bunday vaziyatda o‘xshashik 92-96% ni tashkil etsa, ularni dialekt deb hisoblash lozim1. Til va dialektni farqlashda fanda sotsiolingvistik va struktur me’yorlarga asoslaniladi.
Sotsiolingvistik me’yorga ko‘ra, idiomlar (qarindosh til) mustaqil til bo‘lishi uchun:
- o‘z mustaqil yozuv standartiga ega bo‘lishi;
- turli sohalarda yozma va og‘zaki muloqotning amal qilishi;
- funksional jihatdan mukammal bo‘lishi lozim. Bunda siyosiy va etnik omillar muhim ahamiyatga ega.
Struktur (struktur-lingvistik) me’yorga ko‘ra, mustaqil til bo‘lishi uchun:
- fonetik va grammatik qonun va qoidalar yagona bo‘lishi;
- asosiy lug‘at tarkibi idiom a’zolarining barchasiga tushunarli bo‘lishi;
- idiom tarkibidagi lahja, dialekt va shevalar barcha uchun tushunishga oson bo‘lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |