KIRISH Mavzuning dolzarbligi. Mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi kimyo sanoati yo‘nalishlariga mos ravishda jadal suratlar bilan, ayniqsa xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini mahalliy xom-ashyo va materiallar bilan ta’minlovchi texnika taraqqiyoti rivojlanib bormoqda. Hozirgi kunda sanoat korxonalarida ishlab chiqarishning yuqori sur’atlarda o‘sishi polietilen asosida ishlab chiqarilgan materiallarga bo‘lgan talabning yildan yilga ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bu o‘rinda ishlab chiqarishning barcha sohalarida polietilen asosida ishlab chiqarilgan materiallarga yuqori konstruksion talablar qo‘yilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 512 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen va 17,5 ming tonna polivinilxlorid ishlab chiqarilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoni, 2017 yil 29 avgustdagi PQ-3246-sonli “Kimyo sanoati tashkilotlarining eksport-import faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2018 yil 17 yanvardagi PQ-3479-sonli “Mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarining talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi va 2019 yil 3 apreldagi PQ-4265-sonli “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorlari hamda mazkur faoliyatga tegishli boshqa me’yoriy – huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ushbu magistrlik dissertatsiya ishi tadqiqoti natijalari muayyan darajada xizmat qiladi.
Bizga ma’lumki, hozirgi kunda polimer mahsulotlariga, jumladan polietilen asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlarga bo‘lgan talab kundan-kunga oshib bormoqda. Sobiq ittifoq davrida polietilen xom-ashyosini Rossiya va boshqa davlatlardan sotib olinishi esa mahsulot tannarxining yanada oshishiga olib kelar edi. Shu sababga ko‘ra ko‘pgina PE ni qayta ishlaydigan korxonalar o‘z ish faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan edi. Endilikda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida joylashgan polietilen ishlab chiqaradigan yirik sanoat korxonasi “Sho‘rtangazkimyo” majmuasi MCHJ va yangi loyihalar bo‘yicha qurilishi muljallanayotgan korxonalar o‘zimizning mahalliy xom-ashyolar asosida ishlaydi. Arzon mahalliy xom-ashyo esa bu metan gazidir.
Hozirda polietilenning barcha turlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uni qayta ishlaydigan korxonalar ham o‘z-o‘zidan ko‘paymoqda. Demak, polietilen asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini yanada ko‘paytirish uchun polietilenning kompozitsiyalarini ishlab chiqish, stabillash, uni modifikatsiya qilishda turli xildagi komponentlardan foydalanish talab etiladi. Bunday ishlarni amalga oshirishda, ya’ni modifitsirlangan ikkilamchi mahsulotlar asosida polietilenning termik barqarorligini oshirish texnologiyasini takomillashtirish talab etiladi. Shu muammolarni yechimiga qaratilgan men tanlagan magistlik dissertatsiya ishim mavzusi ham shubhasiz shu kunning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.