6. SAVDO TERMINALI BILAN IShLAShGA OID UMUMIY QOIDALAR
Operatsiyalar menusi
Menu – bu, Savdo terminalida bajariladigan operatsiyalar ro‘yxati. Menuning har bir bandi operatsiyalar yoki ishlar turlaridan birini ko‘rsatuvchi yozuvdan iborat bo‘ladi. Savdo terminalining displeyida bu yozuvlar ikki (bir) satrda joylashadi. Bir satr menuning bir yoki ikki bandini o‘z ichiga olishi mumkin. Ish turlarining asosiy menusi – bu, savdo terminali yoqilganidan keyin ekranda paydo bo‘ladigan va albatta “To‘lov” bandini o‘z ichiga oladigan birinchi menu.
Menuning u yoki bu bandiga kirish uchun menuning shu bandiga mos keladigan tegishli funksional tugma bosiladi. Avvalgi daraja menusiga o‘tish uchun qizil tugma bosiladi. Bu tugma operatsiya bajarilishini taqiqlash uchun xizmat qiladi.
Axborotni kiritish va operatsiyalarni bajarish
Terminalga axborot (to‘lov summasi, PIN)ni kiritish savdo nuqtasining xodimi yoki karta ushlovchi tomonidan terminaldagi yoki uning mijoz ko‘chma klaviaturasidagi raqamli tugmalar yordamida amalga oshiriladi. Noto‘g‘ri kiritilgan ko‘rsatkichlarni tuzatish uchun sariq tugmani bir necha (bir) marta bosib, noto‘g‘ri ko‘rsatkichlarni o‘chirish va to‘g‘risini kiritish zarur. Sariq tugma har bir bosilishi terilgan summa yoki PIN raqamlarining oxirgisi o‘chirilishiga olib keladi. Shuningdek, qizil tugmadan ham foydalanish mumkin. Kiritilgan ko‘rsatkich shu tugma yordamida butunlay bekor qilinishi mumkin. Shundan keyin to‘g‘ri ko‘rsatkichni yangitdan kiritish yoki operatsiyani takrorlash kerak bo‘ladi. Zarur axborot kiritib bo‘linganidan keyin uni tasdiqlash uchun yashil tugma bosilishi lozim. Karta ushlovchi savdo nuqtasining xodimi kiritgan, terminal yoki ko‘chma klaviatura displeyida (terminal turiga qarab) aks etgan summa bilan tanishishi va tegishli tugmani bosish yo‘li bilan uni ma’qullashi yoki operatsiya bajarilishini rad etishi lozim. Operatsiya tugallanganidan keyin terminal yoki ko‘chma klaviatura displeyida u muvaffaqiyatli bajarilgani haqida xabar paydo bo‘ladi yoki operatsiya bajarilmasligiga sabab bo‘lgan xato kodi ko‘rinadi. Agar operatsiyani bajarishga takroran urinilganda xato takrorlansa, u holda savdo nuqtasining xodimi (basharti boshqa mijozlarning kartalari bilan ham shunday vaziyat yuzaga kelayotgan bo‘lsa) yoki karta ushlovchisi (agar boshqa savdo nuqtalarining terminallarida ham shunday vaziyat yuz berayotgan bo‘lsa) tushuntirishlar olish va kartochkani tekshirish uchun bankka murojaat qilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |