Patologik qon ketishining sabablari
Akusherlik qon ketishlari ko’pincha tug`ruqning 3 davri va ilk chilla davrida kuzatiladi.
1. Yo’ldosh ajralish va tug`ilish jarayonining buzilishi
2. Bachadon gipotoniyasi
3. Tug`ruq yo’llari jarohatlari
4. Gemostaz tizimining buzilishi
Gemorragik shok - bu to’qimalar va barcha a’zolarning qon bilan ta’minlanishining keskin kamayishi, to’qimalarning kislorodga tanqisligi va modda almashuvining buzilishi. Gemorragik shok - bu organizmda ekstremal vaziyat hisoblanadigan va o’ta kuchli qon ketishidan keyin rivojlanadigan holat bo’lib, barcha hayotiy zarur a’zolar va tizimlarda patologik o’zgarishlar bilan ifodalanadi. O’tkir va mo’l qon ketishi natijasida aylanib yurgan qon hajmi tezda kamayishi, himoya mexanizmi dekompensastiyasi yuz beradi.
Gemorragik shok rivojlanishiga 1500 ml dan ko’proq qon ketishi, yoki umumiy aylanayotgan qon hajmining 20% va bundan ko’pligi yoki 1kg tana vazniga 30 ml qon yo’qotilishi sabab bo’ladi.
Qon yo’qotishning og`irlik darajalari
1-darajasi - yo’qotilgan qon miqdori aylanayotgan qon hajmining 15 % igacha, klinik belgisi taxikardiya bo’ladi.
2-darajasi - ketgan qon miqdori 20-25 % nitashkil etadi, klinik belgilari - taxikardiya va gipotenziya.
3-darajasi – ketgan qon miqdori 30-35 % ni tashkil etadi, klinik ko’rinishida taxikardiya, gipotenziya va oliguriya kuzatiladi.
4-darajasi – ketgan qon miqdori 35-40 % dan ziyod, klinik belgilari - taxikardiya, keskin gipotenziya, kollaps, bemorning hushidan ketishi. Bu holat hayotga o’ta xavfli bo’ladi.
Gemorragik shok rivojlanish bosqichlari
Ko’p miqdorda qon yo’qotish organizm uchun kuchli stress omili hisoblanadi va gipovolemiyaga olib keladi. Hayotiy zarur a’zolar (birinchi navbatda miya, yurak) gemodinamikasi turg`unligini ta’minlash uchun kuchli kompensator mexanizmi ishga tushadi: simpatik nerv sistemasi tonusi ortadi va qonda katexolaminlar ko’payishiga olib keladi. Qonga AKTG, ADG, aldosteron va glyukokortikoidlar ko’p miqdorda chiqadi, renin-angiotenzin tizimi faollashadi. Bu periferik tomirlar vazokonstrikstiyasiga olib keladi. Yurak faoliyati tezlashadi, qon aylanishining markazlashishi, to’qimalardan qon tomirlarga suyuqlik o’tishi va autogemodilyustiya kuzatiladi. Periferik qon tomirlar spazmi hisobiga arterio-venoz shuntlar ochiladi va organizmda suyuqlik ushlanib qoladi.
Qon aylanishining markazlashishiga olib keluvchi bu moslashuv mexanizmi qon bosimi va yurakning daqiqalik hajmini vaqtincha ushlab turadi, lekin organizm hayot faoliyati davomiyligini ta’minlay olmaydi. Qon ketishi davom etishi kompensator mexanizmlarining kamayishiga va interstistial bo’shliqqa qon suyuq qismining chiqishi hisobiga qon quyilishi, reologiyasining buzilishi, qon aylanishining keskin sekinlashuviga, sladj-sindromi rivojlanuviga olib keladi. Bularning barchasi chuqur to’qima gipoksiyasiga va astidoz rivojlanishiga olib keladi.
Qonda vazoaktiv metabolitlar yig`ilishi hisobiga qon ivish xususiyati buziladi va mayda qon tomirlarda tromblar hosil bo’ladi (tomirlar ichida tarqalgan qon ivish sindromi). Qon sekvestrastiyasi aylanuvchi qon hajmining kamayishiga olib keladi. Aylanuvchi qon hajmining keskin kamayishi hayotiy zarur a’zolarning qon bilan ta’minlanishi buzilishiga va poliorgan etishmovchiligiga olib keladi. Koronar qon aylanishi pasayadi va bu yurak etishmovchiligiga olib keladi. Ushbu patofiziologik o’zgarishlar gemorragik shok og`irligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |