Agar puxta fikrlasang, oqib kelar so’z53.
Bundan tashqari Horastiy she’riyatning xil va turlariga ta’rif beradi, asosiy diqqatni fojeaga (tragediyaga) qaratadi. Rangtasvirni she’riyat bilan ko’p jihatdan o’xshashligini alohida ta’kidlab o’tadi. Har qanday nomutanosiblikni, soxtalikni qoralaydi, buni go’zallikning buzilishi deb aytaydi.
Qadimgi Rim estetik tafakkurida Plotin alohida maqomga ega. Uning estetik qarashlarida go’zallik muhim o’rin tutadi, u insonni ezgulikka, haqiqatga, Xudoga intilishini ta’minlaydi. Go’zallik – g’oyaning (eydosning) qiyofasi, moddiylik ustidan ma’naviyat g’alabasining mahsuli. Plotinning fikriga ko’ra, jismoniy go’zallik quyi pog’onadagi, qalb go’zalligi o’rtalikdagi, aqliy go’zallik esa oliy darajadagi maqomga ega. Jismoniy go’zallikning mohiyati inson vujudining g’oyada ishtirok etishi bilan bog’liq. Qalb go’zalligi o’zi uchun alohida idrok etish usulini talab qiladi, bu – hayratning mayin zavq, lazzat bilan omuxtalashib ketgan o’ziga xos idrok etish jarayonidan iborat. «Qalb go’zalligi, – deb yozadi Plotin «Go’zallik xususida» degan risolasida, – qiyofa ham, rang ham, umuman jismoniylik ham emas, balki har qanday moddiylikdan ajralib turadigan haqiqiy mohiyatdan iborat eydosdir»54. Plotin nazdida eydos (g’oya) aqlga taalluqli ekan, demak, «qalb maqsadi aqliy poklanishdir, u aqlga qarab yuksaladi, aql esa Birinchi ezgulikka intiladi, ikkinchi tomondan, u vujudga, quyiga qarab enadi».55 Qalb xunukligi uning ana shu quyiga, vujudga qarab enishi tufayli vujudga keladi. SHunday qilib, qalb – aql bilan, aql – Yakayu yagona ezgulik bilan go’zaldir.
Plotin o’zining «Aqliy go’zallik xususida» deb atalgan boshqa bir estetik risolasida yuqoridagi fikr va mulohazalarini yanada chuqurlashtiradi. U aqliy go’zallikni Ilk qiyofa deb ataydi va uning sub’ektiv tomoni hayrat, degan fikrni ilgari suradi. «Aqliy go’zallik – Ilk go’zallik va u yaxlitlikdir va u hamma erda yaxlitdir, – deydi mutafakkir go’zallikning ibtidosi to’g’risida56. Bu yaxlitlik hech qachon buzilmaydigan va u Alo aql haqida bizga tushuncha beradigan, aqlli arshdan taralgan go’zallikdir. Plotinning estetik ta’limotiga ko’ra, go’zal shakl ezgulik emas, zero borliqning to’laqonligi Ezgulikning shaklida emas, uning o’zida, ya’ni mohiyatida mavjud. SHunga qaramaay shakl quyi darajadagi shaklsiz moddiyatdan go’zalligi bilan yuqori turadi. SHakl qalbda moddiyatdan qutiladi, aqlda esa u yana-da ozod, yana-da erkin bo’ladi.
San’at va uning estetik mohiyati to’g’risida ham Plotin o’ziga xos fikrlar bildiradi. U san’atni ikki umumiy guruhga bo’ladi. Birinchisi – taqlidiy san’at (rangtasvir, haykaltaroshlik, raqs, musiqa v.b.). Ikkinchi guruh – amaliy san’at (me’morlik, ziroat san’ati, tabobat san’ati, siyosat san’ati v.b.). Birinchi guruhdagi sof san’at turlari idrok etuvchini Birinchi qiyofadan chetga, ikkinchi guruhdagi ishlab chiqarish san’atlari esa avvalgi guruhga nisbatan aksincha insonni Birinchi qiyofaga qarab tortadi. Chunki sof san’atda yaratish tamoyillari mutanosiblik va ritmgina U tomondan, uning mazmuni esa Bu tomondan olinadi. Ishlab chiqarish san’atlari esa aksincha: narsalar dunyosining sof san’at kabi taqlidiy, jo’n in’ikosini emas, balki Ilk YAratganga yaqin bo’lgan faol yaratuvchilik tamoyillariga asoslangani bilan diqqatga sazovor. Sof san’at ichida faqat musiqagina butunisicha mutanosiblik va ritmdan iborat bo’lgani uchun mazmunan U tomonga taalluqlidir. SHu bois buyuk faylasuf musiqaning tarbiyaviy ahamiyati hamma san’at turlaridan kuchli ekanini ta’kidlab, uni axloqiylik bilan bog’laydi: u insonni YAkkayu yagonani tushunish va sevishga o’rgatadi. Plotin ko’pchilik antik davr mutafakkirlari kabi fikrlaydi: sof san’at turlari, garchand bezarar taqlidiylikka asoslangan bo’lsa-da, ularni faol deb bo’lmaydi. Xullas, san’at, Plotinning fikricha, Aqliy olamga etishishdagi birinchi pog’onadir.
SHunday qilib, Plotinning Yangiaflotunchilik estetikasi go’zallik hamda san’atni Mutlaqlikka bog’lab tahlil qilishi bilan ajralib turadi va Qadimgi Rim estetikasida eng diqqatga sazovor ma’naviy hodisa sifatida katta ahamiyatga ega.
Biroq qadimgi Rim nafosatshunoslari, muayyan yutuqlariga qaramay, Arastu darajasidan yuqori ko’tarila bilmadilar, ularda qadimgi yunon mutafakkirlariga taqlidiy yondashuv katta o’rin egallaydi.
Umuman olganda, Qadimgi dunyo nafosatshunosligi, xususan, uning mumtoz davri keyingi davrlardagi estetik tafakkur taraqqiyotiga katta ta’sir ko’rsatdi va bu ta’sirni hozir ham ma’lum ma’noda his qilish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |