Ilk qadam
QAYTMAYSIZMI?
Shoir Muhammad Yusuf xotirasiga
Siz ketdingiz mangu qoldi so‘zlaringiz,
Qonlar yutib zor yig‘ladi qizlaringiz,
Jayronlarda qoldi ma’yus ko‘zlaringiz,
Bu dunyoga endi sira qaytmaysizmi?!
Jayronlarning ko‘z yoshlarin artmaysizmi?!
Nurab borar Buxoroning minorlari,
Mung‘ayadi ko‘kka yetgan chinorlari,
Axir sizdek qayg‘urmaydi me’morlari,
Bu dunyoga endi sira qaytmaysizmi?!
Buxoroni kaftingizda tutmaysizmi?!
Kapalaklar kutar sizni bog‘da behol,
Qizg‘aldoqni ranjitmoqda johil shamol,
Yuragimni ezadi bir dardli savol –
Bu dunyoga endi sira qaytmaysizmi?!
Qizg‘aldoqning yaproqlarin o‘pmaysizmi?!
Kim erkalar endi erka kiyiklarni,
Muhabbat deb, bag‘ri-dili kuyuklarni,
Bir bor eslab sizni suygan suyuklarni,
Bu dunyoga endi sira qaytmaysizmi?!
Yuragingiz olovlarga otmaysizmi?!
Kim so‘zlaydi endi bizga iymonlardan,
Lolalarni asraydigan rayhonlardan,
Mezbonini qutqarguvchi mehmonlardan,
Bu dunyoga endi sira qaytmaysizmi?!
Ko‘ngil otli yo‘laklardan o‘tmaysizmi?!
100
Do'stlaringiz bilan baham: |