Hayrat ul-Abror (II- qism)
Alisher Navoiy
76
http://ziyonet.uz/
boʻldimi? Birovga birov butun bir jannat gulshanining rang va boʻyiga ega boʻlgan
hamda yangi ochilgan gul sovgʻa qilsa, buning evaziga u tikandan boshqa narsa
bermayotir. Berganda ham bir emas, yuzta tikan bermoqda.
Xalq shu taqlidda ish tutar ekan, bir odamni topish ishi juda qiyinlashadi. U odam qanday
odam desangiz, u odam shunday odam boʻlsaki/u bilan doʻstlik ishini tuzish mumkin
boʻlsa, taqdirdan bir kishiga sitam_etib, dard tikanlari qadalsa, xaligi odamga bu bir nafas
oʻz dardlarini izhor qila olsa, bir odam zamon xanjaridan yarador boʻlsa, xasratlashib,
xaligi odamdan bir chora tilay olsa; hayotdan bir kishi biron malollik koʻrsa, xaligi odam
bilan gaplashib, koʻnglini boʻshata olsa!
Har qanday odamning boshiga taqdir bir gʻam solsa-yu, lekin uning bir hamdard doʻsti
boʻlmasa, sirini saqlash uchun tikib qoʻygan lablarining ipini soʻka olmasa, koʻnglida bor
gaplarini birovga toʻka olmasa, dard uning tanasidan chiqqan shu’lani alangalatib,
tutunini osmonning naryogʻiga oʻtkazib yuboradi. Balo tigʻi koʻksini yorib, dard uni bir
nafasda xalok qiladi. Osmon gʻam shamoli bilan joniga urib, umrining xirmonini koʻkka
sovuradi.
Bas, shunday ekan, insonga yaxshi umr yor bilan; umr degani yori vafodor deganidir.
Vafo rasmini qilmagan yor ziyosi yoʻq shamga oʻxshab ketadi. Shamda yonish ozigʻi
boʻlmasa, muz sumalagi kabi yonmasdan tura beradi. Haqiqiy yor boʻlsa, unga vafo ham
yor deb bil; umrni ham yori vafodor deb bil. Kimki olamda yorsiz boʻlsa, u shunday bir
sadafki, yaxshi duri yoʻq. Kishi yolgʻiz oʻzi boʻlsa uning xunari ham yoʻq; yolgʻiz odam
- odam qatorida sanalmaydi ham. Soʻqqabosh odam orzusiga yetolmaydi; axir, bir qoidan
ovoz chiqqanini kim eshitgan?!
Yorsiz kishilarning ohlari gʻam bilan qoplangan. Oʻtun ham bir dona boʻlsa, yonmay
tutagani tutagan. Toq odamning maishat uyi ham, bilki, doim qiyshaygan; axir, bitta
ustun butun uyni qachon koʻtarib tura olgan? Burgutning egnidagi bir qanoti sinsa,
qancha tez uchsa ham, bir dam ucha oladi, xolos. Nard taxtasining tosida toʻpiq-suyak
bitta boʻlsa, oʻyinchi oʻyin boshlay olmaydi. Tosh bilan chaqmoqtosh bir-biriga urilmasa,
bir-biridan uzoq tutilsa, ularning orasidagi masofa - firoq ularning ikkalasini ham
qorongʻida tutadi. Ular bir-biri bilan bir lahza koʻrishsa ham, ulardan chiqqan oʻtdan
butun olam ravshan boʻladi. Qalamning ikkiga boʻlingan uchidan bir tomoni sinsa ham,
kotib xat yoza olmay qoladi. Yo boʻlmasa, jayron bir oʻzi tinch bir joyni koʻzlab
ketayotgan boʻlsa, kamonkash ovchi, bilki, uning payiga tushadi. Dur aybdan qancha
uzoq (yagona) boʻlsa ham, lekin yonida la’l ham boʻlsa yomon boʻlmaydi. Kimki gadoy
boʻlsa, yonida bitta yori boʻlsa, u dunyoga shoh boʻlishdan or qiladi. Lekin shoh
boʻlsayu, yonida yoru hamdami boʻlmasa, uning ichidagi dard yuki ogʻir boʻladi. Birov
birovga hamnafas boʻlib, doʻstlik qilsa, kishi har qancha gʻamni ham yengil oʻtkazadi.
Yor shunday bebaho bir gavharki, unga shoh ham muhtoj, gado ham.
Do'stlaringiz bilan baham: |