Hayrat ul-Abror (II- qism)
Alisher Navoiy
75
http://ziyonet.uz/
— Ha, bu konda bitta dur desang yuztasi topiladi; bu ummondan yuzta desang mingtasi
topiladi. Lekin bularning orasida shundayi borki, u butun jahonni yoritib turadi. Bu
dengiz ostidagi eng noyob dur oʻshanisidir. Oʻsha dur agar oʻz jamolini koʻrsatadigan
boʻlsa, unga yana bir shunaqasini qoʻshish imkoniyati yoʻq. Sofdil odamlar u javharning
otini soʻrasalar, oh chekib, «Vafo gavhari!» deb javob ber.
Ha, bu noyob dur vafomikan? Vafo boʻlmasa, mehrigiyomikan? Yoʻq, uni mehrigiyo
ham dema, anqo deb ata, javharning yolgʻiziyu durri yagona deb ata. U quyosh yuzidagi
chiroyli xatga, tun sochining oʻrimidagi mushki totorga ham oʻxshab ketadi. Birovning
qoʻliga durning kattasi tushib qolsa, bu uning joni javhariga xavf boʻlgani kabi, kimda
vafo gavhari bor ekan, doim azob-uqubat unga yordir.
Bunday odam kimni koʻrsa oʻzini unga doʻst deb biladi; unga oʻzining mehrini,
gavhardan qimmat vafodorligini izhor etadi. U kishi yaxshi odammi, yomon odammi,
baxti kulganmi, yoʻqmi, bundan qat’i nazar, unga beixtiyor shafqat koʻrsatadi. Bunday
odam bamisoli koʻzlarga nur bergan quyoshga oʻxshaydi. U koʻzlarni yoritadiyu, lekin
buni u oʻzi anglamaydi. Bunday odam goʻyo oʻz dur qatralarini yoʻl-yoʻlakay sochib
ketayotgan bulutga oʻxshaydi. Lekin u bu qilmishi tufayli gul ochilishidan bexabardir.
Gul oʻzining bogʻni bezab turganini, isi dimogʻni muattar etishini qayoqdan bilsin. Oʻt
ham oʻzining hamma narsani yondirishidan bexabar. Ichkilikning ham odamni mast
qilgani bilan nima ishi bor? Kimda-kim shu gavhardan boshqa gavharga ega boʻlmasa,
shunday ishlarni qila beradi-yu, lekin oʻzining xabari boʻlmaydi.
Bu vafo gavhari qancha sharofatli boʻlmasin, unga bir qancha gʻaliz sifatlar ham xos.
Qaysi bir kishida bu gavharning boriigi ma’lum boʻlsa, uning boshiga gavhar oʻrniga
toshlar yogʻiladi. Kishi birovga birorta yaxshilik qilgan boʻlsa, evaziga ming jafo koʻrsa
ham, jafodan qutula olmaydi. Mevali daraxtning shoxi qancha meva bermasin, tergan
kishi unga shuncha koʻp tosh otadi. Kon qancha koʻp pok gavhar bersa, konchi uning
koʻksini shuncha koʻp chok qiladi. Sham uyning ichu tashini qancha yaxshi yoritsa, uy
egasi uning boshini shuncha koʻp uzadi.
Bu davr shunday oʻziga xos bir davrki, muhabbatning qoʻli bilan panjalari orasida
butunlay majaqlandi. Quyosh ham boshdan-oyoq mehrdan iborat boʻlgani uchun har
kecha osmon uni yerga kirgizib yuboradi. Qalam vafodan baxs olib borgani uchun falak
muftisi uning yuzini qora qildi. Tezkor osmon choh boshida aylanadi; quduq esa unga
tomogʻidan boʻgʻib, dushmanlik qiladi.
Evohki, osmon yengiltaklik bilan aylanishni odat qilgandan buyon bu dunyo uning oldida
choʻloq bir cholday turadi. Mexr ahliga javr qilish odatmi? Qoida oʻzi shunaqami? Lutfu
vafo yoʻlida kim oʻzini gardga aylantirsa, buning evaziga unga darddan boshqa narsa
yoʻqmi? Kimki vafo yoʻlida boshini bersa, nahot unga toʻlov dakki boʻlsa! Yoki bu
zamon odamlariga birovning asalini olib, uning ogʻziga zahar quyish asosiy oʻlchov
Do'stlaringiz bilan baham: |