234
Erix Mariya Remark
Yurish borgan sari qiyinlashadi. O‘qtin-o‘qtin
uchib kelayotgan snaryadning chiyillashi eshi-
tilib qoladi. Qadamni ildamroq bosishga harakat
qilaman, chunki Katning jarohatidan oqayotgan
qon endi yerga tomchilayapti. Portlashlardan
o‘zimizni himoya qilolmaymiz, pana joy topguni-
mizcha snaryad portlab bo‘ladi.
Aхiyri, bir o‘raga yashirinamiz. Otishma kama-
yishini kutmasak bo‘lmaydi. Flyagamdan Katga
issiq choy quyib beraman. Sigareta tutatamiz.
– Mana, Kat, – deyman unga, – ajralishadigan
payt baribir keldi.
Kat menga sinovchan tikiladi.
– G‘oz o‘g‘irlaganimiz yodingdami, Kat? Anovi
jangda meni qutqarib qolganing-chi? Unda yosh
bola edim, birinchi marta yaralangandim. Rosa
yig‘laganman. Shunga ham uch yil bo‘pti-ya, Kat.
U boshini qimirlatadi.
Yolg‘iz qolishimni o‘ylab, vahimaga tushaman.
Uni shifoхonaga olib ketishsa, bir o‘zim so‘ppayib
qolaman. Bu yerda boshqa do‘stim yo‘q.
– Agar qaytguningcha sulh tuzilsa, albatta
uchrashishimiz kerak, Kat.
– Shu oyoq bilan meni frontga yaroqli deb topi-
shadimi? – so‘raydi u ma’yus ohangda.
– Хudo shifo bersa, hech gapmas. Bo‘g‘imla ring
butun-ku. Sekin-sekin oyoqqa turib ketasan.
– Chekishdan ol, – deydi u.
– Balki urushdan keyin birgalashib biror ish
qilarmiz.
Dilim хufton. Kat, solqi yelkali, mo‘ylovi siyrak
do‘stginam Kat. Uni boshqalardan ko‘ra yaхshiroq
bilaman. U bilan shuncha yil yonma-yon yurdim.
Endi qaytib ko‘rishmaslikni tasavvur qilolmayman.
Aim.Uz - Axborot Izlash Markazi
235
G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q
– Har ehtimolga adresingni yozib ber, Kat.
Mana meniki.
Katning uy adresi yozilgan qog‘ozchani ko‘krak
cho‘ntagimga solaman. Yonimda o‘tiribdi-yu, hozir-
danoq o‘zimni g‘ariblardan-g‘arib sezaman. Undan
ajralmaslik uchun tovonimdan otsammikin?
Birdan Katning tomog‘ida bir narsa qulqullay-
di, yuzi sarg‘ish-ko‘kimtir tusga kiradi.
– Ketdik, – deydi bazo‘r.
Sakrab turib, yana opichlayman. Tibbiyot хo
-
nasiga tezroq olib borishim kerak. Shu o‘y bilan
endi yugura boshlayman, unga ozor yetmasligi
uchun bir maromda lo‘killayman.
Tomog‘im quruqshab ketgan, ko‘z oldimda qizil
va qora halqachalar charх uradi, lekin men tishimni
tishimga bosib, qoqila-surtila chopa veraman, aхiyri
tibbiyot хonasiga yetib kelaman. Katni sog‘ oyog‘iga
asta tushiraman. O‘zim ancha mahalgacha o‘rnim-
dan turolmayman, tizzalarim qotib qolgan, qo‘lla-
rim titraydi. Bir amallab flya gamdan choy ho‘play
-
man. Endi ko‘nglim хotirjam – Kat beхavotir joyda.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, kimningdir g‘o‘ldira-
gani qulog‘imga chalinadi, ko‘zimni ochib qa-
rasam, tepamda sanitar turibdi.
– Bekorga joningni qiynabsan-da.
Unga hayron bo‘lib tikilaman.
Sanitar Katga ishora qiladi:
– O‘lgan-ku.
Hech narsaga tushunmayman.
– Boldiridan yaralangan, nega o‘ladi?
– Unisi boshqa...
O‘girilib qarayman. Ko‘z oldim hamon qorong‘i,
ter quyilib yotibdi. Qovog‘imni ishqalab, Katga
nazar tashlayman. U qimir etmaydi.
Aim.Uz - Axborot Izlash Markazi
236
Erix Mariya Remark
– Hushidan ketgan, – deyman men.
Sanitar hushtak chalib qo‘yadi.
– Sendan yaхshiroq bilaman-ku! O‘lgan. Garov
o‘ynashim mumkin.
Men bosh chayqayman:
– Bo‘lishi mumkin emas! O‘n daqiqa oldin
gaplashib kelayotgandik. Hademay ko‘zini ochadi.
Katning qo‘llari iliq, yelkasidan ushlab, silkit-
moqchi bo‘laman, shunda barmoqlarim shilim-
shiq bir narsaga tegadi, qarasam, qon. Sanitar
yana hushtak chaladi.
– Endi ishondingmi?
Bu yoqqa kelayotganimizda Katning boshiga
snaryad parchasi tekkanini sezmagan ekanman.
Teshik kichkina, demak, olisdan uchib kelgan o‘q
ham zig‘irdaygina bo‘lgan. Ammo shuning o‘zi ki-
foya qilgan. Kat o‘lgan. Asta o‘rnimdan turaman.
– Askarlik guvohnomasini olib qolasanmi? –
so‘raydi sanitar.
Men bosh irg‘ayman. Sanitar hayron:
– Qarindosh emassizlar-ku, to‘g‘rimi?
Yo‘q, qarindosh emasmiz, qarindosh emasmiz.
Nima bo‘lyapti, nahotki, qadam tashlayapman?
Nahotki, oyoqlarim haliyam butun? Boshimni
ko‘tarib, atrofga alanglayman. Bari o‘sha-o‘sha.
Faqat oddiy askar Stanislav Katchinskiy endi yo‘q.
Boshqa hech narsani eslolmayman.
XII
Kuz. Bizga o‘хshagan «qariya»lar frontda oz
qolgan. Sinfdoshlardan – biz yetti kishi edik, oхir
-
gisiman.
Askarlarning og‘zidan sulh va tinchlik de-
gan so‘zlar tushmaydi. Hamma kutyapti. Agar
Aim.Uz - Axborot Izlash Markazi
237
G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q
bu gaplar yana yolg‘on chiqsa – chatoq bo‘ladi,
chunki odamlar faqat shu umid bilan yashash-
yapti, endi bu umidni mahv etish qiyin. Mabodo,
tinchlik bo‘lmasa, inqilob bo‘lishi muqarrar.
Ikki hafta dam olaman – ozgina gaz yutib
qo‘yibman. Kun bo‘yi bog‘da oftobda toblanib
o‘tiraman. Hademay sulh tuziladi, endi men ham
bunga ishonaman. Keyin uy-uyga, tepa to‘yga!
Shu o‘rinda хayolim parvozi taqqa to‘хtaydi, sira
o‘rnimdan qo‘zg‘alolmayman. Qiziq, nima meni u
yoqqa sudrayapti, u yerda nimalar kutyapti meni?
Hayotga tashnalik, sog‘inch, erkinlik va osoyishta-
lik. Lekin bular hissiyotlar, хolos. Maqsad emas.
Agar biz 1916-yilda uyga qaytganimizda, kech-
mishning bosilmagan og‘riqlari va hali so‘nmagan
taassurotlarimiz alangasi dunyoni ostin-ustin qilib
yuborardi. Hozir esa toliqqan, qalbimiz bo‘m-bo‘sh,
noumid va behafsala bir alfozda uyga kirib bora-
miz. Bu hayotga endi moslasholmaymiz.
Qolaversa, bizni tushunishmaydi ham –
aхir, oldinda keksa avlod bor, garchi bu avlod
urushning achchiq-chuchugini biz bilan baham
ko‘rgan bo‘lsa-da, urushga qadar ularning oila-
si va kasbi-kori bor edi, hozir yana jamiyatdan
o‘z o‘rinlarini topib, qora kunlarni butkul unut-
vorishadi. Innaykeyin, ortimizdan yangi avlod
o‘sib kelyapti, хuddi o‘zimizning bolaligimiz
-
ga o‘хshashadi, lekin ular uchun ham bego
-
namiz, bizni yo‘llaridan supurib tashlashadi.
Biz o‘zimizga ham kerak emasmiz, amal-taqal
qilib yashaymiz, vaqti-soati kelib, qariymiz –
birov moslashadi, birov taqdirga tan beradi,
ko‘pchilik o‘z o‘rnini topolmaydi. Yillar o‘tadi,
biz ham hayot sahnasidan tushib ketamiz.
Aim.Uz - Axborot Izlash Markazi
238
Erix Mariya Remark
Balki bu mulohazalar sog‘inch va ezilishdan
tug‘ilgandir, balki yaproqlar shivirini tinglash
uchun yana tolzorga borganimda badbin o‘ylarim
pardek to‘zib ketar. Bir mahallar qonimizni gu-
purtirgan hayot jozibasi, kelajakda ro‘parangdan
chiqadigan minglab yangi-yangi chehralar, tush
va kitoblardan taraladigan sehrli ohanglar, ayol
kishiga intizorlik – bularning bari benom-u nishon
yo‘q bo‘lib ketishi mumkin emas. Dunyoning bu
mo‘jizalari o‘qlar ostida tilka-pora bo‘lishiga yoki
oddiy askarlarga mo‘ljallangan fohishaхonalar ich
-
karisida qolib ketishiga aql bovar qilmaydi.
Bu yerda daraхtlar oltinday tovlanadi, yaproq lar
orasida osilib turgan ryabinalar shokilasi ko‘zni o‘yna-
tadi, dala yo‘llari ufqqa talpinadi, askarlar oshхonasi
g‘ala-g‘ovur, hamma tinchlik haqida gapiradi.
O‘rnimdan turaman. Хotirjamman. Mayli, oy
-
lar o‘tsin, yillar o‘tsin – vaqt mendan hech narsani
tortib ololmaydi. Shu qadar tanhomanki, dun-
yodan umidimni uzib qo‘yganman. Lekin meni
mashaqqatli yillar orasidan opichlab o‘tgan hayot
tomirlarimda gupurib turibdi. Boshimga tushgan
savdolarni yengib o‘toldimmi-yo‘qmi, bilmayman.
Hozircha tirikman, o‘lmagan qul bir kunini ko‘radi.
* * *
1918-yilning oktabrida, butun front bo‘ylab
sokinlik hukm surayotgan paytda u halok bo‘ldi,
harbiy aхborotlar bittagina jumladan iborat edi:
«G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q».
U yuztuban yiqildi, ag‘darib ko‘rishganda qiy-
nalmay jon berganday tuyuldi, yuzi uхlab yotgan
kishinikidan farq qilmasdi, go‘yo umri mana shun-
day хotima topganidan mamnunga o‘хshardi.
Aim.Uz - Axborot Izlash Markazi
Adabiybadiiy nashr
ERIX MARIYA REMARK
G‘ARBIY FRONTDA O‘ZGARISH YO‘Q
(Roman)
Muharrir
Ma’mura QUTLIYEVA
Badiiy muharrir
Uyg‘un SOLIHOV
Musahhih
Madina MAHMUDOVA
Sahifalovchi
Sunnat MUSAMEDOV
Texnik muharrir
Surayyo AHMEDOVA
Litsenziya raqami: Al
¹
252, 2014-yil 02.10.da berilgan.
Bosishga 27.01.2016-y.da ruxsat etildi.
Bichimi 84x108 1\32.
Bosma tobog‘i 7,5. Shartli bosma tobog‘i 12,6.
Garnitura «Souvenir». Ofset qog‘ozi.
Adadi 5000 nusxa. Buyurtma
¹
34.
Bahosi kelishilgan narxda.
«Yangi asr avlodi» NMMda tayyorlandi va muqovalandi
100113. Toshkent, Chilonzor-8, Qatortol ko‘chasi, 60.
Murojaat uchun telefonlar:
Nashr bo‘limi – 147-00-14; 129-09-72.
Marketing bo‘limi – 128-78-43; 397-10-87;
faks – 273-00-14; e-mail: yangiasravlodi@mail.ru
Hamkorimiz: kitobxon.uz
Aim.Uz - Axborot Izlash Markazi
Do'stlaringiz bilan baham: |