Mutlaq haqiqat
–
predmetni kelajakda to‘ldirilishi yoki unga aniqlik kiritilishi mumkin
bo‘lmagan tarzda to‘la, mukammal bilishdir
. Olam vaqt va makonda cheksizligi tufayli bunday
bilimga amalda erishish mumkin emas. Haqiqat tushunchasini mutlaq haqiqat tushunchasi bilan
tenglashtirib, biz unga erishib bo‘lmasligi, demak, umuman bilish mumkin emasligi haqida
gapiramiz. Biroq fanning haqiqiy tarixi buning teskarisidan dalolat beradi: fan rivojlanadi,
chunki u nisbiy va mutlaq bilimning birligi sifatida tushuniladigan haqiqatni bilishga qodir.
Boshqacha
aytganda, ob'ektiv haqiqat to‘la va mukammal ko‘rinishdagi mutlaq haqiqatdir.
Ayrim hollarda, agar haqiqat vaqt o‘tishi bilan o‘zgarmasa, ya'ni vqat shart-sharoitlariga bog‘liq
bo‘lmasa, u boqiy haqiqat deb ataladi.
Nisbiy haqiqat
–
borliqni asosan to‘g‘ri aks ettirsa-da, obraz ob'ektga uncha mos
emasligi bilan ajralib turadigan bilim
. Nisbiy haqiqat to‘g‘ri, biroq noto‘liq, taxminiy, vaqt va
joyning muayyan tarixiy shart-sharoitlari bilan cheklangan haqiqatdir.
Nisbiy va mutlaq haqiqat bir-biri bilan chambarchas bog‘liq.
Nisbiy haqiqatlar bilish
taraqqiyoti jarayonida rivojlanib, o‘z chegarasi bo‘lgan mutlaq haqiqatga yaqinlashadi.
Biroq bilishning tarixiy rivojlanish jarayoni nafaqat nisbiy haqiqatlarning mutlaq
haqiqatga aylanish jarayoni, balki ayrim mutlaq haqiqatlarning yuzaga kelish jarayoni hamdir.
Bu fikrni fizikada atom va uning tuzilishi haqidagi tasavvurlarning rivojlanishi misolida ko‘rish
mumkin. Yuz yil muqaddam fiziklar va ximiklar atomlar amalda mavjud va ajralmas sharchalar
ko‘rinishida, deb taxmin qilar edilar. Bu tasavvur zamirida mutlaq haqiqat unsurlari mavjud edi.
Bundan: «Kimyoviy elementlarning atomlari amalda mavjud», degan xulosa kelib chiqadi.
Fizika va kimyoning keyingi rivojlanishi mutlaq haqiqatning bu elementini bekor qilmadi. Biroq
bu tasavvurlarda xatolar mavjudligi (taranglik, ajralmaslik va h.k.) aniqlandi.
XIX asr oxirida elektronlar kashf etilishi natijasida atom tuzilishining yangi manzarasi
yaratildi. Tomson musbat zarralar va manfiy zaryadli elektronlardan
tashkil topgan atom
modelini yaratdi. Atomning bu nisbatan haqiqiy manzarasida mutlaq haqiqatning yangi unsurlari
paydo bo‘ldi: Darhaqiqat atom musbat zaryadli zarralardan iborat.
Atom haqidagi tasavvur rivojlanishining uchinchi bosqichi Rezerford-Bor modeli bilan
bog‘liq. Bu modelda atom yadro va uning atrofida aylanuvchi elektronlardan tashkil topadi.
Umuman olganda, avvalgi modellardan aniqroq bo‘lgan bu modelda mutlaq haqiqat unsurlari
mavjud. Hozirgi zamonda atom tuzilishi haqidagi tasavvurlar zamirida kvant mexanikasi va
atom yadrosini o‘rganish natijalari yotadi. Hozirda elektronlarning
atom yadrosi atrofidagi
harakatini zichligi notekis bo‘lgan bulut harakatiga o‘xshatish mumkinligi, chunki elektronlar
korpuskulyar va to‘lqin xossalariga ega ekanligi, yadro esa protonlar
va neytronlardan iborat
tizim hisoblanishi va hokazolar ma'lum. Hozirgi zamon fizikasida atom manzarasi N. Bor
nazariyasidagiga qaraganda to‘liqroq va aniqroq, unda mutlaq haqiqat unsurlari ko‘proq. Biroq
atomning hozirgi manzarasi kelajakda o‘zgarishi, unga aniqlik kiritilishi, unda yangi haqiqat va
xatolar aniqlanishi shubhasiz. Haqiqatda nisbiy va mutlaq jihatlar uzviy, o‘zaro bog‘langan: bir
tomondan, nisbiy haqiqatda doim mutlaq haqiqat unsurlari mavjud bo‘lsa, boshqa tomondan,
inson bilimlarining rivojlanishi jarayonida nisbiy haqiqatlardan mutlaq haqiqat yuzaga keladi.
Nisbiy va mutlaq haqiqat dialektikasi bizning bilimimiz
atrofimizdagi olamni har
tomonlama va aniq qamrab olishga intilib, qarama-qarshiliklarni yechib, ob'ektiv borliqni yanada
teranroq va mukammalroq aks ettirishini ko‘rsatadi.
Haqiqat bilishning mezonidir. Inson amaliy faoliyati haqiqatni aniqlashga yo‘naltirilgan.
Biroq haqiqat yolg‘on bilan yonma-yon turadi. Yolg‘on inson hayotining tarkibiy qismi sifatida
amal qiladi.
Amaliyot va bilishning rivojlanishi u yoki bu yanglishishlar ertami, kechmi bartaraf
etilishi: yo sahnadan tushishi (masalan, «abadiy dvigatel» haqidagi ta'limot kabi), yo haqiqiy
bilimga aylanishi (alximiyaning kimyoga aylanishi)ni ko‘rsatadi.
Yanglishishlarni yuzaga
keltirgan ijtimoiy sharoitlarni o‘zgartirish va takomillashtirish, ijtimoiy-tarixiy amaliyotning
yetukligi, bilimning rivojlanishi va teranlashuvi yanglishishlarni bartaraf etishning muhim
omillaridir. Bu esa borliqqa nisbatan apologetik (himoyalovchi-oqlovchi)
yondashuvni emas,
balki konstruktiv-tanqidiy yondashuvni, «sinovlar va xatolar» metodini amalga oshirishni
(Popper) taqozo etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: