KATTALARDA VA BOLALARDA HARAKAT TIZIMINI
TEKSHIRISH USULLARI
1. Harakat tizimini tekshirish bemorning shikoyatidan boshlanadi. Bu
tizimni shikastlanishi natijasida bemor qo‘l, oyoq, gavda, yuz mushaklarida
harakatni kamayganligiga yoki yo‘qolganligiga shikoyat qiladi.
2. Nerv-mushak apparatini tekshirib, mushaklarning konfiguratsiyasiga,
relefiga, atrofiyasiga, gipertrofiyasiga, psevdogipertrofiyasiga, bo‘g‘imlar
66
kontrakturasiga, ankilozga, fibrillyar yoki fassikulyar qisqarishlarga e’tibor
beriladi.
3. Aktiv harakatni tekshirish uchun oyoq va qo‘l bo‘g‘imlarida mumkin
bo‘lgan hajmdagi ixtiyoriy harakatlar sinab ko‘riladi. Buning uchun
tekshiriluvchidan qo‘l va oyoqlari bilan har xil aktiv harakatlarni bajarish talab
qilinadi. Bunda har bir bo‘g‘imda yoki qaysi oyoq va qo‘lda aktiv harakat
susayganligini aniqlash katta ahamiyatga ega.
4. Passiv harakatni aniqlash. Buning uchun tekshiruvchi bemorning qo‘l va
oyoqlaridagi har bir bo‘g‘imni mumkin bo‘lgan hajmda, harakatga keltiradi.
Tekshirish vaqtida bemor qarshilik ko‘rsatmasdan, qo‘l va oyoqlarini bo‘sh holda
tutishi kerak. Passiv harakatni tekshirish harakatning o‘zgarishiga olib kelgan
sababni aniqlashga yordam beradi. Ma’lumki, harakatni pasayishi yoki uning
yo‘qolishi faqat nerv tizimining shikastlanishigagina emas, shuningdek bo‘g‘im va
mushaklarning kasallanishiga ham bog‘liqdir. (Bo‘g‘imlarning surunkali
yallig‘lanishi, ankilozlar, miozitlar va hokazo). Passiv harakatlar yordamida
mushak tonusi ham aniqlanadi. Mushak tonusini aniqlash: mushaklar tonusi qo‘l
va oyoq bo‘g‘imlarini bukish va yozish kabi passiv harakat yordamida aniqlanadi.
Mushak tonusi deb, bo‘sh holatda ushlab turilgan qo‘l yoki mushaklarida passiv
harakatga javoban paydo bo‘ladigan qarama-qarshilikka, ya’ni mushakning
taranglashishiga aytiladi.
5. Aktiv harakatni susayishi asosan mushaklarning zaiflanishi bilan bog‘liq
bo‘lgani uchun, mushaklarning zaiflanish darajasi, ya’ni mushaklarning kuchi
aniqlanadi. Buning uchun esa besh balli tizim asos qilib olinadi. Faol harakat bir oz
saqlanib qolgan bo‘lsa – 1 ball; faol harakat hajmi kamaygan bo‘lsa-yu, lekin qo‘l
va oyoqni mushagining qisqarishiga nisbatan qarama-qarshi tomonga tortilganda
mushak qarshilik ko‘rsata olmasa – 2 ball; bir oz qarshilik ko‘rsatsa – 3 ball;
qarshilik ko‘rsatish darajasi yaxshi bo‘lsa – 4 ball; katta mushak guruhlarining
qarshiligini yengish oson bo‘lmasa – 5 ball qo‘yiladi.
Mushakning kuchini aniqlash usuli nisbiy bo‘lib, u bemor bilan tekshiruvchi
vrachning har xil darajadagi jismoniy kuchiga bog‘liqdir. Ba’zi mushak
guruhlaridagi mushak kuchini aniqlash uchun dinamometrdan foydalaniladi.
Yangi tug‘ilgan va emizikli bolalarni harakat tizimini tekshirishni o‘ziga xos
hususiyatlari bor. Yangi tug‘ilgan chaqaloqni ixtiyoriy harakatini piramida tizimini
yoshga qarab o‘zgaradigan funksional holatini bilgan holdagina aniqlash mumkin.
4 oygacha bolada mushaklarda fleksor gipertoniyasi ustunlik qiladi. Bir oylik bola
orqasiga yotqizilganda, boshini buradi, qoringa yotqizilganda boshini 1-2 sekund
(daqiqaga) ko‘taradi. Statotonik reflekslarni paydo bo‘lishi bilan bola qoringa
yotqizilganda boshini bemalol ko‘tarib turadi va bu labirint to‘g‘rilab turadigan
reflekslarni paydo bo‘lganligidan dalolat beradi.
3 oylik bolada bosh miya po‘stlog‘ini vazifasi kuchayib, ixtiyorsiz harakatlar
yo‘qola boshlaydi. 4 oylikda mushaklarni fiziologik fleksor gipertoniyasi
yo‘qoladi. Bolani harakatlari takomillashib, maqsadli bo‘ladi, orqasidan yoniga
ag‘darila boshlaydi, qo‘lidan tortilganda o‘tiradi, qoringa yotqizilganda bilaklariga
tirab tananing yuqori qismini tepaga ko‘taradi, vertikal holatga keltirilganda
67
oyoqlariga tayanadi, o‘yinchoqlarga qo‘lini cho‘zadi, boshini tovush kelgan
tomonga buradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |