www.ziyouz.com
kutubxonasi
19
aytishimiz kerakki, bularning bari ancha ilgari boshlangan va bu yerlardan ancha olis yerlarda
boshlangan edi...
O’sha kezlar Avdiy diniy seminariyadan kufroniy fikr uchun haydalgan, oblast komsomol
gazetasining shtatdan tashqari xodimi bo‘lib ishlardi. Gazeta redaktsiyasi o‘quvchilar sevadigan
mavzularda binoyiday yozadigan va buning ustiga seminariyadan haydalgan yosh yigitga birmuncha
qiziqib qarardi. U cherkov tomonidan murtad deb e’lon qilingan, dinga qarshi tashviqot olib borish
uchun ancha qulay edi. O’z navbatida seminariya bilan chiqisholmagan yigitga yoshlar matbuotida
o‘ziga yaqin axloqiy-ma’naviy masalalarni ko‘tarish ancha-muncha qiziqarli bo‘lib tuyulardi. Oblast
matbuotini to‘fon paytidagi suvday bosgan bir qolipdagi zerikarli aqlbozliklar, tumtaroq fol ochishlar
orasida uning gazeta sahifalaridagi antiqa fikrlashlari shubhasiz, o‘quvchilar e’tiborini tortar,
yoshlargina emas, bunga kattalar ham qiziqardilar. Hozircha har ikkala tomon ham bir-birini to‘ldirib,
bir-birlariga kerakli ekanliklarini anglab turishar, lekin yangi oydek endigina balqib kelayotgan bu
yigitning yuragida qanday alangali niyatlar bosh ko‘tarib kelayotgan-ligini juda oz kishilar,
to‘g‘rirog‘i, bir odamdan boshqa hech kimsa bilmasdi. Avdiy muxbir sifatida nomi bora-bora
ko‘pchilikka tanilgandan so‘ng qandaydir munosib bir shakl, qandaydir o‘rtacha mafkuraviy ora yo‘l
topib, shuning vositasida nazarida juda ham dolzarb va hayotiy jihatdan g‘oyatda muhim bo‘lgan,
hozirgi zamonda Xudo va inson haqidagi jadidona fikrlari hamda tasavvurlarini eski diniy ta’limotning
qotib qolgan aqidalariga zid qo‘yib ifodalab bermoqni ko‘ngliga tukkan edi. Niyat qilishga kilganu,
lekin o‘z oldida ikki bo‘ysunmas, ishg‘ol qilib bo‘lmas zo‘r istehkom turganligini o‘ylamagani kulgili
edi. Bu ikki kuch hech qachon bir-birovini yoqtirgan emas, yoqtirmaydi ham. Bir-biriga hech vaqt
bo‘ysungan emas, bo‘ysunmaydi ham. Bir tomonda ming yillardan beri diniy e’tiqodning sofligini har
qanday yangiliklardan va hattoki, yaxshi niyat bilan yuzaga chiqqan yangi fikrlardan tish-tirnog‘i bilan
ko‘riqlab, asrab, himoya qilib kelgan, o‘zgarmas, vaqtga tobe bo‘lmagan mavrusiy diniy qarashlar va
ikkinchi tomonda, dinni uning har qanday ko‘rinishida tag-tomiri bilan inkor etadigan, rad qiladigan
ilmiy ateizmning qudratli mantiqi. Boyaqish yigit shularning orasida tegirmon tosh o‘rtasida qolganday
o‘rtanardi. Biroq umid chirog‘i so‘nmagandi. «Insoniyatning tarixiy taraqqiyoti jarayonida va unga
bog‘liq holda Xudo kategoriyasining vaqtga ko‘ra rivojlanishi», degan yangi aqidani kuyib-pishib
ko‘tarayotgan bid’atchi Avdiy Kallistratov: takdir ertami, kechmi, baribir menga o‘z qarashlarimni
odamlarga ma’lum qilish uchun imkoniyat beradi deb ishonardi. Zotan, inson qudrati o‘zining eng
yuksak nuqtasiga yetgan, sanoat hukmron kuchga aylangan davrda odamlarning o‘zlari Xudoga
bo‘lgan munosabatlarini aniqlab, bilib olish payiga tushadilar. Bo‘layotgan ishlarning bari xuddi mana
shunga qarab boryapti. Avdiyning xulosalari hali tugal emas, ancha munozarali edi. Lekin rasmiy diniy
ta’lim uning bu erkin fikrini hazm qilib, kechirib ketolmadi. U tavba-tazarrudan bosh tortgandan so‘ng,
yeparxiya uni diniy seminariyadan o‘chirdi.
Avdiy Kallistratovning manglayi keng, bo‘zday oq edi. O’zi qatori ko‘p yoshlar kabi u sochlarini
yelkasigacha o‘stirgan, ko‘ng‘ir tusli quyuq soqol qo‘ygandi. Bular unga ko‘rkamlik bag‘ishlamasa-da,
lekin chehrasini qandaydir mo‘min-muloyim qilib ko‘rsatardi. Kosasidan bo‘rtib chiqqan ko‘zlari
bezovta yiltillab turar, ularda uning o‘z fe’liga mos beorom, notinch o‘y-hayollar aks etar, yana o‘zi
qiynala-qiynala topayotgan narsalardan beqiyos mamnunlik va shu bilan birga u yaxshilik qilmoqchi
bo‘lib intilayotgan atrofdagi odamlardan kelayotgan ko‘p og‘ir azob-uqubatlar ham ifodalanardi...
Kiygani ko‘proq katak ko‘ylak, sviter, jinsi, sovuq kunlar to‘zigan palto, otasidan qolgan
qalpog‘ini kiyib yuradi. Mo‘yinqum cho‘lida ham shu ust-boshda paydo bo‘ldi...
Ushbu soatda qo‘llari bog‘langan holda mashina ustida yotarkan, hayolidan har turli achchiq,
alamli o‘ylar o‘tardi. Lekin shu tobda hammasidan ham yolg‘izlik alami ko‘nglini o‘rtab yubordi.
Shunda qaysidir Sharq shoirining esida chala-yarim qolgan satrlarini takrorladi: «otadan oltov
bo‘lsang-da, bir yolg‘izlik boshingda, jafodan yolg‘iz bo‘lsang-da, shu yolg‘izlik boshingda». Yana
badtar iztirob ichida keyingi paytlarda dunyoda o‘ziga eng yaqin bo‘lib qolgan o‘sha xilqat to‘g‘risida
alam bilan o‘ylab ketdi. Uni o‘z jonidan ayru tasavvur qilolmaydi. U hayollariga doim hamroh.
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |