www.ziyouz.com
kutubxonasi
11
Axir qazovu qadar ularni xuddi mana shu soat, mana shu ov uchun dunyoga keltirgan; ulardan sal
narida haybatidan ot hurkadigan, yelday ildam, qudratli Toshchaynar; uning maqsadi bitta:
sayg‘oqlarni pistirma yotgan tomonga haydab borish, ana o‘sha yerda u o‘g‘lonlariga ov qanday
bo‘lishini ko‘rsatadi. Ana quv-quv, ana ov! Akbara uchun bunda o‘lja olishdan ham zavqliroq boshqa
narsa bor. Ha, ov fasli tezroq kela qolsaydi, cho‘l bag‘rida hayyo-hayt quvg‘in solib, qushday uchib
ketsa... bo‘ri hayotining qizig‘i shunda, lazzati, xumori shunda...
Tabiat urg‘ochi bo‘riga shunday hayol ato etgan. Yana tag‘in kim biladi, shu sirli hayollarni
keyinchalik achchiq alam, chidab bo‘lmas o‘kinch bilan eslar. Ajabmaski, bular dardli armonga
aylanar va tez-tez tushlariga kirar... O’sha hayollardan balki, faqat nadomat qolar, xunoba yoshlar
qolar. Axir, hayol degan narsaning o‘zi boshida ko‘ngil mulkida shunday havolanib paydo bo‘ldi-yu,
so‘ng ko‘pincha ildiz otmay yaproq yozgani uchun muqarrar talafotga yuz tutadi. Xuddi ba’zi gullar va
daraxtlar kabi... Quruq havoyi hayolning qismati boshqa nima ham bo‘lardi. Yaxshilik bilan yomonlik
nisbatlarini anglashning achchiq zarurati ana shunday...
III
Mo‘yinqumga qish tushdi. Bir marta qor ham yog‘ib o‘tdi. Xiyla qalin yog‘di, ammo uzoq turmadi.
Ertalab jamiki cho‘lu sahroni xuddi to‘lqinlari yugurib keta turib birdan qotib qolgan oppoq ummonga
aylantirib yubordi. Oq muhitda qamg‘oqlarni tirqiratib quvib yurgan shamolgina hokim bo‘lib qoldi.
Qumloqlarga nam singidi. Badaniga ho‘l tekkan qatqaloq taqirning bag‘ri yumshadi. Cho‘lga koinot —
behudud osmonning jimligi cho‘kdi... Bundan sal ilgariroq sahro tepasidan g‘ozlar g‘ag‘illab uchib
o‘tdilar. Ular Mo‘yinqum uzra juda yuksaklarda baland ovoza solishib, Himolay tomonlarga
borishardi. Shimolning daryo hamda dengizlaridagi yozgi qarorgohlaridan Hind va Braxmaputraning
azaldan ham azal suvlarini mo‘ljal qilib uchishardi. Cho‘l jonivorlarining qanotlari bo‘lsaydi, ular,
albatta, g‘ozlarning hazin chorlovlariga javoban havoga ko‘tarilar edilar. Biroq har mahluqning
peshonasiga o‘z jannati yozib qo‘yilgan... Hatto, yuksak parvozlarga o‘rgangan cho‘l kalxatlari ham
o‘z uchar joylaridan uzoqqa ketmaydilar...
Akbaraning bolalari qish boshlanishida voyaga yetib, ko‘zga tashlanib qolishdi. Har birining o‘ziga
yetguncha fe’li bor. Rost, Akbara ularga ism, atov qo‘ygani yo‘q. Xudoning o‘zi buyurmagandan
keyin, yo‘rig‘idan chiqib qayoqqa ham borardi. Lekin Akbara odamlar bilmaydigan hid-bo‘ylaridan va
boshqa o‘ziga taniq belgilardan bolalarini yaxshi ajratib olar va har birini adashmay aniq chaqirardi.
Bo‘richalarning eng kattasi xuddi Toshchaynarga o‘xshagan kallador edi. Shuning uchun uni Xumkalla
deb farqlaydi. O’rtanchasi ham bo‘la va yirik. Uning oyoqlari uzun va kuchli edi. Vaqti soati kelib u
ovda haydovchilarga bosh bo‘ladi. Shuning uchun uni Ildam deb biladi. Uchinchi bo‘richa esa
Akbaraning xuddi o‘zi — ko‘kko‘z, chovida oq yamog‘i bor, enasining suyukli o‘yinqarog‘i. Akbara
uni o‘z nazarida Suyginoy deb atagan. Hali uning bo‘yi yetsin, eh-he, ne-ne umidvor oshiqlar uni deb
bir-birlariga qiron soladilar...
Kechasi bilintirmay yog‘ib chiqqan qor hammaning bahri-dilini ochib yubordi. Bo‘ri bolalari avval
uyalarining tevarak-atrofini butunlay boshqacha qilib yuborgan o‘zlariga noma’lum bu g‘alati narsani
ko‘rib, dimoqlariga uning hidini chuqur-chuqur tortib, andak hurkibroq turishdi. Keyin qorning
rohatbaxsh muzdek salqini qonlarini jo‘shtirib yubordi, bir-birlarini quvlashib, xirillashib, qorga
dumalatishib, bosishib, azbaroyi jonlari kirganidan ingrashib, akillay ketishdi. O’sha qish bo‘rining
to‘ng‘ich bolalari uchun mana shunday boshlandi. Qish oyoqlaganda, ular bir-birlaridan, ota-
onalaridan ajralib chiqadilar, har birlari mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari kerak bo‘ladi.
Kechga tomon yana qor sepalab yog‘di. Ertasiga ertalab, hali quyosh chiqmasdanoq, cho‘l tiniq
yorishib ketdi. Hammayoqqa osuda sukunat cho‘kdi. Qish sovug‘i ishtahalarini ochib yubordi. Bo‘rilar
galasi quloqlarini ding qila atrofga alanglashdi — o‘lja qidirib chiqadigan vaqt yetgandi. Akbara
boshqa bo‘ri galalaridan sayg‘oq ovini boshlash haqida xabar qutmoqda edi. Hozircha hech qanday
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |