www.ziyouz.com
kutubxonasi
10
Toshchaynar ham suruklar ortidan quvishni hayollariga keltirmadilar. O’lja shundoq yonlaridan o‘tib
borayotganiga qaramay o‘rinlaridan jilmadilar. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor edi. O’sha kuni
ularning qorinlari to‘q edi. Qorin to‘qida, kunning shu issig‘ida kiyiklarni quvish, quturib ov qilish
o‘lim bilan barobar edi. Lekin, gap boshqa yoqda. Muhimi, hali bo‘richalarning ov qiladigan payti
kelmagan edi. Ular quv-quv, chop-chopga dosh berolmay, o‘ljani ololmay shahdini yo‘qotib qo‘yishi
mumkin edi. Yuragini oldirib qo‘ygan, shashti qaytgan bo‘ri bo‘ri bo‘lmaydi. Hali qish kirsin, katta
ovlar boshlanadi, ana o‘shanda kuchga to‘lgan, voyaga yetgan bo‘rilar nimalarga qodir ekanliklarini
ko‘rsatib qo‘yadilar. O’zlariga ishonch orttiradilar. Hozirdan ishning pachavasini chiqarishning hojati
yo‘q. Lekin vaqt-soati kelsin, o‘shanda ko‘ring bularni! Zo‘r ma’raka bo‘ladi o‘shanda!
Akbara ov tamayida o‘ynoqlab, irg‘ishlab o‘ziga osilavergan bo‘rivachchalardan bezor bo‘lganda
boshqa joyga sakrab o‘tardi. Chiylarning kumush ukparlari oralab xuddi urchiydigan payti daryodan
yuqoriga qarab suzgan baliqlarday hammasi bir tomonga qarab borayotgan kiyiklardan ko‘zlariny
uzmay qarab turdi. Kiyiklarni bir-birlaridan sira ajratib bo‘lmasdi. Akbaraning nigohidan, mayli, hozir
o‘taveringlar, yashagancha yashab qolinglar, lekin vaqti soati keladiki, sahroda nimaiki bo‘lsa, yana
sahroning o‘ziga qaytadi, undan aslo qochib qutulolmaydi, degan ma’noni uqish mumkin edi. Bu orada
bo‘rivachchalar mudragan Toshchaynarga osilib, tirmashib, o‘rnidan qo‘zg‘ash payidan bo‘lishardi.
Shunda Akbara birdan buyuk sahroga tushadigan qishning ilk kunlarini tasavvuriga keltirdi.
Tongga yaqin hammayoq oppoq qor bilan qoplanadi. U yarim kun, uzog‘i bilan bir kun turib, so‘ng
erib ketadi. Lekin o‘sha qor bo‘rilarga katta ovlar pallasi kelganligidan darak beradi. Shundan e’tiboran
bo‘rilarning es-hushlari sayg‘oq ovida bo‘ladi. O’sha dorilamon kunlar hali keladi. Soyliklarni
tuman o‘raydi. Oppoq, mungli chiylarni qish qirovi bosadi. Jilg‘inlarning qalin shoxlari qor yukini
ko‘tarolmay egilib tushadi. Harorati qaytgan cho‘l quyoshining beti hovurlanib turadi. Urg‘ochi bo‘ri
o‘sha kunni ko‘z oldiga shu qadar ravshan keltirdiki, birdan seskanib ketdi: o‘pkasiga muzday qish
havosi kirganday tuyuldi, go‘yo g‘uj yulduz kabi pishiq panjalari qor betiga tushganday, o‘z tanish
izlarini ham, o‘sib-ulg‘ayib, fe’l-atvori ham ancha belgili bo‘lib qolgan bolalarining izlarini ham,
bularning bariga yonma-yon yirik, qudratli, tirnoq o‘rinlari xuddi kattakon qushning qayrilgan
tumshug‘iday o‘yilib tushgan izlarni — Toshchaynarning omonsiz izlarini ham ravshan o‘qiganday
bo‘ldi. Keng o‘mrovli, baroq to‘shli Toshchaynarning panjalari qorga chuqur botadi, uning kuch-
qudrati bosgan izidan ham bilinib turadi. Toshchaynar sayg‘oqlarning kekirdaklariga qadalgan xanjar,
u chalib o‘tgan sayg‘oq qizil qoni bilan cho‘l qorini bo‘yaydi. Go‘yo qonga belangan qush qanotlarini
tapirlatib qor betida yotganday. Birovning qoni — boshqa birovga yem. Birining qonini ichmasa,
ikkinchisi yasholmaydi. Azal-azaldan shunday, tiriklikning boshqa yo‘sini yo‘q. Bunga hech kim
qozilik qilolmaydi. Na haq bor bunda, na nohaq. Kim birovning qonini o‘zga birov uchun yem qilib
yaratgan bo‘lsa, ayb o‘shanda. (Faqat odam bolasigina boshqacha qismat bilan yaralgan: u nonini
zahmat chekib topadi, zahmat chekib et topadi. Odam o‘z tabiatini o‘zi bino qiladi).
Mo‘yinqumning ilk qoriga tushgan boyagi g‘ujum yulduzday katta-kichik izlar — bo‘rining
turkum panjalari soylarning tumanlari oralab boradi-boradi-da, shamoldan pana bir jilg‘a bo‘yida,
butalar orasida to‘xtaydi — bu yerda bo‘rilar maslahat ma’raka qiladilar: kim quvishga boradi, kim
pistirmada qoladi...
Eh, bir kuni orziqib kutilgan damlar ham keladi — Akbara qor uzra qorni bilan sudralib, to‘ng‘ib
qolgan o‘tlarga suykanib, bilinar-bilinmas nafas olib, o‘tlab yurgan sayg‘oqlarga ohista yaqinlashib
boradi, ko‘zi ularning hozircha osuda boqqan ko‘zlariga tushadi va shunda birdan soyaday sapchiydi.
Ana, endi ko‘ring bo‘rining kuni tuqqanini! Akbara bo‘rivachchalariga saboq bo‘ladigan o‘sha birinchi
ovni shunchalar yaqqol tasavvur qildiki, beixtiyor ingrab yubordi va sakrab turib ketishdan o‘zini
bazo‘r tiyib qoldi.
Oh, o‘sha ilk qish kunlaridagi cho‘ldagi ov! Sayg‘oq suruklari o‘tdan qo‘rqqandan badtar qo‘rqib,
quturib qochishga tushadi. Qorning oppoq beti bir zumda qora cho‘tirga aylanadi. Akbara hammadan
oldinda ular ortidan quvib boradi. Yosh bo‘rilar — uning qonidan bo‘lgan nasl ortda qolmay chopadi.
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |