Nizomiddin Mir Alisher Navoiydir (1441-1501). U Temuriylar xonadoniga taalluqli bo’lib, otasi G’iyosiddin
kichkina Shahrisabzdan Qobulga borib qolgan barlos beklaridan edi. Navoiy Hirotda Xusayn Boyqaro saroyida
turli lavozimlarda ishladi, 1472 yildan boshlab vazir etib tayinlandi. Shoir mamlakat obodonchiligi, ravnaqi va
osoyishtaligi yo’lida ko’p ishlar qildi. Maktab, madrasa, masjid va xonaqolar, ko’prik, rabotlar, shifoxonalar
qurdirdi, muhtoj va kambag’allarga yordam berdi, olimu shoirlarga homiylik qildi.
Navoiy ijodi boy bo’lib, asarlari turli mavzularga bag’ishlangan. «Xamsa» ya’ni «Hayratul abror», «Farhod va
Shirin», «Layli va Majnun», «Sab’ai sayyor», «Saddi Iskandariy» dostonlari hamda «Lison ut — tayr»,
«Majolisun nafois», «Mahbubul qulub», «Holoti Pahlavon Muhammad», «Mezon ul-avzon», «Muhokamat ul-
lug’atayn» va boshqalar. Bulardan tashqari, Navoiy «Xazoyinul maoniy» («Ma’nolar xazinasi») nomli she’riy
to’plam yaratgan bo’lib, u 45 ming misraga yaqin g’azal, ruboiy, qit’a va fardlardan tashkil topgan.
Navoiyning ijodi falsafiy fikrlarga boy bo’lib, unda jamiyat va inson munosabati, insonning baxt-saodati, komil
inson va fozil jamoa, ta’lim-tarbiya haqidagi fikr-o’ylari o’z ifodasini topgan.
Shoir ijtimoiy-falsafiy qarashlarining muhim xususiyati shundan iboratki, unda falsafiy fikrlar majoziy tarzda,
badiiy o’xshatish va ramziy iboralar yordamida, zohiriy va botiniy ma’nolarda bayon qilinadi.
Navoiyning ijodiy merosida insonparvarlik va komil inson g’oyasi muhim o’rinni egallaydi — shoirning
«Xamsa»siga kirgan «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Saddi Iskandariy» kabi dostonlarining asosiy
qahramonlari Iskandar, Farhod, Shirin, Layli, Majnun va boshqalar komil inson sifatida talqin qilinadi. Ular
mehnatsevar, o’z kasbini ustasi, doimo o’zgalarga yordam beruvchi, shijoatkor va jasur, aqlli va bilimdon,
saxovatli, to’g’ri so’z, sofdil, kamtar, o’zida xulq-odob, adolat, sabr-toqat, nafsni tiyish, olijanoblik kabi
fazilatlarni mujassamlashtirgan shaxslardir.
Navoiy xalq orasida insonparvarlik g’oyalarini tarqatdi, turli millat va elatlar o’rtasidagi do’stlikni ulug’ladi.
Forobiy, ibn Sino, Beruniy va boshqalar singari, mukammal jamiyat haqida fikr yuritdi. Xalqni farovonlikka,
baxt-saodatga eltuvchi, hamma teng, zulm-istibdoddan holi bo’lgan davlat tuzumini orzu qildi. U ilm-fan
egallashni afzal bildi, mol-mulkka, boylikka hirs qo’yishni, tamagirlikni qoraladi. Navoiyning yaxshilik, ezgulik,
muhabbat, do’stlik, adolat, tinchlik, osoyishtalik va boshqa go’zal fazilatlar, ma’naviy-ahloqiy qadriyatlar
to’g’risidagi qimmatli fikrlari, nasihatomuz so’zlari respublikamiz mustaqillikka erishgandan so’ng ham
barkamol insonni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
O’sha davrning ko’zga ko’ringan mutafakkirlaridan biri Kamoliddin Husayn Voiz Koshifiy (taxm.1440/1450
— 1505 yillarda yashagan) bo’lib, O’rta Osiyo va Xurosonda axloq falsafasi rivojiga hissa qo’shgan.
Koshifiy Sabzavor shahrida tavallud topadi, keyinchalik Abdurahmon Jomiyning taklifi bilan Hirotga ko’chib
keladi. U qolgan umrini Hirotda o’tkazadi va shu erda vafot etadi. Koshifiy katta olim va mudarris bo’lib
etishadi, butun umrini ilm-fan va nasru-nazm ravnaqiga bag’ishlaydi. U Navoiy va Jomiy bilan do’stona aloqada
bo’ladi. «Mavlono Husayn Voiz Koshifiy taxallus qilur, sabzavorlikdur. Yigirma yilg’a yaqin borkim,
shahardadur va mavlono zufundun va rangin va purkor voqe’ bo’lubtur. Oz fan bo’lg’aykim, dahli bo’lmag’ay.
Xususan, va’z, insho va nujumki, aning haqqidur va har qaysida mashhur ishlari bor...» — degan edi Navoiy
uning haqida.
Voiz Koshifiy ilmning ko’p sohalarida ijod qilgan. U voizlik san’atini puxta egallagan, insho, ilohiyot, falakiyot,
adabiyot, falsafa, axloq va pedagogika sohalarida ishlari bor. Olimning muhim risolalari «Axloqi muhsiniy»
«Futuvvatnomayi sultoniy», «Anvari Suhayli», «Maxzanul-insho», «Risolayi xotamiya» va boshqalardir. Ushbu
asarlarda mutafakkir davlatni oqilona boshqarish, insonga go’zal hulq-odob qoidalarini singdirish, ilm-fan va
kasb-hunarni egallash, tijoratchi va savdogarlar hulq-odobi, umuman ta’lim-tarbiya haqida qimmatli fikrlarni
ilgari suradi. Olim o’z asarlarida hukmronlardan halqqa g’amxo’rlik qilishni, ularni haqsizlik va
o’zboshimchalikdan muhofaza qilishni qo’rqmasdan talab qiladi. Uning ijtimoiy falsafiy va axloqiy g’oyalari
hozir ham o’z tarbiyaviy qimmatini yo’qotmay kelmoqda.
XV asrning oxiridan boshlab Temuriylar davlati sekin-asta inqirozga yuz tuta boshladi. Bunga temuriy
shahzodalarining o’zaro urush-janjallari, tarqoqlikning kuchayishi, o’zaro nizolar, taxt uchun kurashlar natijasida
mamlakatning bo’linib ketishi, iqtisodning tushkunlikka uchrashi sabab bo’ldi. Natijada Mavorounnahr
Shayboniyxon tomonidan bosib olindi.
Temur avlodidan bo’lgan Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) o’sha davrning eng ma’rifatli
podsholaridan biri edi. Andijonda Umarshayx Mirzo xonadonida tug’ilgan Bobur keyinchalik Hindistonda ulkan
saltanatga asos soldi. Bobur davrida hind diyori gullab yashnadi, undagi madaniyat yuksak darajaga ko’tarildi.
Hindistonning XX asrdagi eng atoqli kishilari Mahatma Gandi va Javoharlal Neru ham Bobur va boburiylar —
Shoh Jahon, Avrangzeb va Akbar kabi temuriyzodalarga juda katta baho berganlar.
Ichki kelishmovchiliklar natijasida o’z yurtini tashlab ketishga majbur bo’lgan Bobur avval Qobulda, so’ngra esa
1526 yilgi Panipat jangida ibrohim Lo’di ustidan g’alaba qozonib, Hindistonda o’z hukmronligini o’rnatdi.
«Boburiylar sulolasi» Hindistonda 300 yildan ortiq hukmronlik qilib, temuriylar davlati va madaniyatining
davomchisi sifatida mashhur bo’ldi.
Boburning xizmati shundaki, u Hindistonni markazlashgan davlatga aylantirdi, mamlakatda tinchlik o’rnatdi,
obodonlashtirish va qurilish ishlarini rivojlantirdi, karvonsaroylar, me’moriy yodgorliklar, bog’chalar,
kutubxonalar barpo qildi, madaniyat, san’at, adabiyot va ilm-fanni yuksaltirdi. Bobur ilm-fan, san’atga katta
qiziqish bilan qaragan, yuksak aql egasi, qomusiy bilimga ega bo’lgan davlat arbobi, olim va shoirdir.
Boburiylarning ko’pchiligi ma’rifatchilik bilan mashg’ul bo’ldilar, olimu fuzalolar bilan maslahatlashib turdilar.
Ularning yana bir xizmati islom va budda diniga e’tiqod qiluvchi musulmon va hindularni kelishtirishga, ahil
yashashga chaqirishda bo’ldi.
Boburning mashhur tarixiy asari «Boburnoma»dir. Bulardan tashqari, u huquqshunoslikka oid «Mubayyin», aruz
ilmiga oid «Mufassal», musiqa bo’yicha «Musiqiy», harbiy ishlarga oid «Harb ishi» risolalarini yozgan.
«Boburnoma» o’sha davrdagi Markaziy Osiyo, Hindiston, Afg’oniston, Eronning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy
hayotini, savdo munosabatlari, jug’rofiyasi, hayvonot va nabotot olamini, iqlimi, qabila va elatlarning urf-
odatlari, marosimlari, turmush tarzini va marosimlarini aks ettirgan asardir.
Bobur o’zining lirik she’rlarida ishq, muhabbat, Vatan sog’inchi, mehr, vafo, insoniylik, do’stlik, yaxshilik va
mehr-oqibatni kuyladi.
Javoharlal Neru Boburning Hindistondagi faoliyatiga katta baho bergan edi. Neru Boburning dilbar shaxs
ekanligi, mard va tadbirkorligini, san’atni sevganini va umuman, Hindiston uchun ko’p ish qilganligini
ta’kidlagan edi. Bobur va boburiylarning siyosiy, madaniy faoliyatlari Hindiston va O’zbekiston o’rtasidagi
do’stlik rishtalarini mustahkamlashda hozir ham muhim rol o’ynamoqda.
Shunday qilib, XIV-XV asarlarda Movarounnahr va Xurosonda madaniy yuksalish yuz berdi. Buni olimlar
Renessans davri ham deb atamoqdalar. Ba’zi olimlar esa, bu atamaning Sharq mamlakatlariga to’g’ri kelmasligi
to’g’risida o’z fikrlarini aytmoqdalar. Nima bo’lganda ham Evropada XV-XVI asarlardagi ko’tarinkilik,
Renessansning muhim xususiyatlari
Markaziy Osiyoda ro’y bergan madaniy yuksalish bir-biriga ko’p tomonlari bilan o’xshab ketadi. Bular orasida
mushtarakliklar ko’p.
XIV-XV asrlar moddiy va ma’naviy yuksalishining muhim xususiyati yana shundan iboratki, bu davrda ishlab
chiqarish o’sdi, ichki va tashqi savdo, hunarmandchilik, dehqonchilik rivojlandi, xorijiy mamlakatlar bilan
diplomatik va madaniy aloqalar o’rnatildi, inson aql-zakovati va uning eng yaxshi fazilatlariga e’tibor kuchaydi,
ilm-fan va san’at rivoj topdi, qomusiy olimlar etishib chiqdi, madaniy merosni o’rganishga qiziqish ortdi. Temur
va temuriylar davridagi madaniy yuksalish hozir ham o’z ahamiyatini yo’qotgani yo’q. Ular mustaqil
davlatimizni mustahkamlashda, madaniy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishda, milliy g’oya
va mafkurani shakllantirishda ma’naviy ozuqa vazifasini o’tamoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |