Rivojlangan va kam taraqqiy etgan mamlakatlar o’rtasidagi tafovutni yo’qotish ham davrimizning eng
chigal jahonshumul muammolari qatoridan o’rin oldi. Rivojlangan mamlakatlarda zamonaviy texnologiya, ilg’or
ishlab chiqarish malakasi va insoniyatning ilmiy-texnika yutuqlari sistemalashtirilgan bilimlar zaxirasi to’planib,
shu bilan birga aholining tabiiy o’sish darajasining pastligi boshqa mamlakatlarga nisbatan o’z mamlakati
aholisining iqtisodiy yashash tarzining beqiyos darajada yaxshilanishiga olib keldi. Bu mamlakatlarda olib
borilayotgan iqtisodiy siyosatning o’ziga xos tomonlari shundaki, mazkur mamlakatlarda industrlashtirish
jarayoni asrimizning 70-yillari boshidayoq tugallanib, eng avval AQSh va keyinchalik Germaniya, Yaponiya va
boshqa rivojlangan mamlakatlar ishlab chiqarish taraqqiyotining yanada yuqoriroq bosqichiga o’ta boshladi.
Bunda ilmiy-texnika yutuqlari ko’proq talabga mos va yuqori texnologiyani rivojlantirishga ko’p e’tibor berdi,
tabiiyki, oqibatda juda katta foyda olina boshlandi. Bunday ishlab chiqarish jarayonida malakasiz yoki kam
malaka va bilimga ega bo’lgan ishchi kuchlariga ehtiyoj keskin kamayib ketadi.
Bunda iqtisodiy taraqqiyot darajasi tabiiy resurslar yoki ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan emas, balki ilmiy-
bilim, texnologiya, murakkab mashina va uskunalar bilan o’lchanadi. Rivojlanayotgan mamlakatlar bu darajaga
etishish uchun bir qator jarayonlardan o’tgan.
Birinchidan, bu mamlakatlar tabiiy boyliklari hisobiga orttirilgan milliy daromad miqdorining mamlakat aholisi
jon boshiga tushadigan salmog’i keskin darajada ko’paydi.
Ikkinchidan, mamlakat aholisining tug’ilishini chegaralash, ularga sarflanadigan mablag’ni yuqori texnologiyani
egallashda zarur bo’lgan mutaxassislar etkazish uchun sarflash ko’zda tutildi.
Uchinchidan, ilmiy-tadqiqot, oliy o’quv yurtlari va maorifga taraqqiyotni ta’minlovchi asosiy manba sifatida
qarab, birinchi darajali ahamiyat berildi. Chunki yuqori texnologiyani egallash yuqori malakali ilm egalarini
talab qiladi. Ijtimoiy taraqqiyot darajasini belgilovchi eng asosiy omil ilmiy tafakkur esa jamiyat a’zolarining
ma’rifatlilik darajasini belgilab beradi. Bu sohada, butun jahon miqyosida fan va ta’limga 3-4% yalpi milliy
mahsulotning miqdorida mablag’ ajratilayotgan bir paytda, O’zbekistonda bu ko’rsatkich 8,3% miqdorda
ekanligi kelajakka katta umid bilan qarashga imkon tug’diradi.
XX asrning so’nggi o’n yilligida ba’zi mamlakatlar o’rtasidagi iqtisodiy ko’rsatkich orasidagi tafovut tobora
kuchayib borayotganligini kuzatish mumkin. Agar XX asrning 60-yillarida Hindistonda ishlab chiqariladigan
yalpi ijtimoiy mahsulot jon boshiga 50-70 dollarni tashkil etgan bo’lsa, Afg’onistonda 60-70 dollar, Turkiyada
243 dollar, Yaponiyada 1400 dollar, AQShda 3600-3800 dollar bo’lgan. 1994 yilgi ma’lumotlarga muvofiq,
yalpi milliy mahsulot jon boshiga: Hindistonda 370 dollar, Afg’onistonda 80 dollar, Turkiyada 3900 dollar,
Bangladeshda 125 dollar, Germaniyada 22 ming dollar, italiyada 14,8 ming dollar, AQShda 26 ming dollar,
Janubiy Koreyada 8,7 ming dollar, Yaponiyada 37000 dollar bo’lgan.
Demak, kambag’al davlatlarning kambag’allashishi yanada kuchayib bormoqda. Buning bosh sababchisi, shu
mamlakatlardagi demografik jarayon ekanligi ta’kidlanmoqda. Aholining faqat miqdoriy o’sishining o’zi ko’r-
ko’rona yaxshi yashash tarziga olib kelavermaydi. Buning uchun mamlakat aholisining e’tiqodi, milliy
psixologiyasi, qadriyat va an’analarini hisobga olgan holda faol demografik siyosat olib borish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |