Yuqoridagi xususiyatlardan kelib chiqqan holda, mafkurani har xil turkumlash mumkin. Xususan, unda ilgari
surilayotgan g’oyalar, maqsadlarga, ya’ni ularning to’g’ri yoki noto’g’riligiga qarab, ilmiy va noilmiy mafkurani
ajratish lozim.
Ayni paytda mafkuraning jamiyat taraqqiyotiga ijobiy yoki salbiy ta’sir qilishidan kelib chiqqan holda,
progressiv va reaktsion mafkura deyish mumkin. Mafkuradan ko’zlangan maqsadlarning ro’yobga chiqishining
ehtimollik darajasiga tayanib esa, real va utopik mafkurani farqlash mumkin bo’ladi.
Ammo, mafkura shakllarini ajratish faqat shu bilan cheklanmaydi. Mafkuraning jamiyatdagi mavjud ijtimoiy
munosabatlar, turmush tarzini saqlab qolish yoki uni isloh qilishga yo’naltirilganligiga asoslangan konservativ va
liberal shakli ham bor.
Mafkurani yuqoridagicha turkumlash unga turli tomonlar, xilma-xil mezonlar asosida yondashish natijasidir. Va
u albatta, shartli, nisbiy xarakterga ega. Masalan, mohiyatan ilmiy bo’lgan mafkura inson bilimlari yutuqlariga
tayangani uchun ko’zlangan maqsadlarning amalga oshishiga yordam beradi, jamiyat rivojlanishiga ijobiy
(progressiv) ta’sir qiladi. O’z-o’zidan bunday mafkura bir tomondan, ijtimoiy munosabatlarda, turmush tarzida
umrini yashab bo’lgan, qotib qolgan jihatlarga qarshi qaratilgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, mavjud ijobiy
holatlarni saqlab qolish va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda, umumiy tarzda jamiyat, uning tuzilishi, rivojlanish yo’llari
haqidagi g’oyaviy-nazariy qarashlar tizimiga
mafkura deyiladi, deb xulosa chiqarish mumkin.
Ammo mafkuraviy andoza va qoidalar mutlaqlashtirilishiga aslo yo’l qo’yib bo’lmaydi. Mutlaqlashtirish uni
tayyor va o’zgarmas tamoyillar, ko’rsatmalar yig’indisi sifatida tushunish natijasida yuzaga keladi. Bunday
tushunish, ma’lum darajada, xavfli ekanligini ham ta’kidlash zarur. Xususan, marksizm asoschilari asarlarida
bayon etilgan g’oya, printsiplarning mutlaqlashtirilishi, hayot o’zgarib borayotgan bir paytda mafkuraviy
qarashlarda dogmatizmning ustuvorligi, hayotni qotib qolgan mafkuraviy andozalarga qarab o’zgartirishga
urinish er yuzida bir-biriga qarama-qarshi turgan ikki siyosiy sistemaning shakllanishiga olib keldi. Insoniyatni
halokat yoqasiga keltirib qo’ygan bu mafkura bilan qurollangan yoki zo’rlab qurollantirilgan xalqlar mashaqqatli
kunlarni, og’ir judoliklarni boshidan kechirdilar. Insoniyat boshiga ko’plab kulfatlar keltirgan bunday mafkuralar
haqida ko’plab misollar keltirish mumkin. Biroq ular umuman mafkuraning jamiyat hayotidagi rolini inkor
etmaydi.
Agar muayyan bilimlar, qadriyatlar va maqsadlar tizimi — mafkura bo’lmas ekan, kishilarda ijtimoiy
jarayonlarning mohiyatini to’la-to’kis anglash imkoniyati bo’lmaydi, davlat, jamiyat o’z taraqqiyot yo’lini
yo’qotib qo’yadi. Buning isboti uchun uzoqqa borish shart emas.
Chunonchi, sodir bo’layogan jarayonlarni tushunishga va mavjud muammolarni hal qilishga turlicha yondashuv,
yagona birlashtiruvchi mafkuraning yo’qligi, sobiq Ittifoq davrida «bosmachilik» tamg’asi bosilgan milliy
ozodlik harakati namoyandalarining yakdil faoliyatiga imkon bermadi. Ularning har biri ezgu maqsadlar yo’lida
harakat qilgan, millat ozodligini orzu etgan bo’lsalar-da, ammo yagona milliy g’oya va rahnamo atrofida birlasha
olmadilar. Prezidentimiz o’rinli ta’kidlaganlaridek, mafkuraviy yakdillik bo’lmagan, bo’shliq yuzaga kelgan
joyda begona mafkura hukmron bo’lishini isbot qiladigan ana shunday misollarni xoh o’tmishdan, xoh
zamonamizdan ko’plab keltirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: